Янгиликлар
10
Fuqarolarda yod illatlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakillantirish.
Fuqarolarda yod illatlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakillantirish.
Mafkuraviy tajovuz muayyan millat, jamiyat, davlatning tinchligi va barqarorligiga qarshi qaratilgan, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni zaiflashtirishga, barbod qilishga yo‘naltirilgan, fuqaro va jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi g‘oyaviynazariy qarashlarga tayanadi.
Mafkuraviy tajovuz – biron bir mamlakatga nisbatan ichkaridan yoki tashqaridan turib bevosita amalga oshiriladigan g‘oyaviy buzg‘unchilikning bir shakli. Bugun mafkuraviy tajovuzni amalga oshirish uchun xilma-xil usullardan, ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklardan, shuningdek, zamonaviy texnika, telekommunikatsiya vositalaridan ustalik bilan foydalanilmoqda.
Mamlakatimizda mafkuraviy tajovuz aholining ma’lum bir qatlamlari, ayniqsa, yoshlarning qarashlarini o‘zlariga ma’qul yo‘nalishda o‘zgartirish, diniy ekstremizm, axloqsizlik kabi g‘oyalarni singdirishdek ko‘rinishlarda sodir bo‘lmoqda. Bunday tajovuz demokratiya bayrog‘i ostida fuqarolarni qonuniy hokimiyat organlari faoliyatini izdan chiqarish, zo‘ravonlikka undash, ularni Konstitutsiyamizda ko‘zda tutilmagan boshqa tuzilmalar bilan almashtirishga chaqirishdek urinishlarda ham namoyon bo‘lmoqda.
Immunitet – muayyan himoya demakdir va u nimaningdir oldini olishga, unga qarashi kurashga qaratilgan bo‘ladi. Milliy g‘oya asosidagi mafkuraviy immunitet, avvalo, har bir yurtdoshimizning sog‘lom e’tiqod va yuksak dunyoqarashga ega bo‘lishini taqozo etadi.Mafkuraviy bo‘shliqni to‘ldirish va mafkuraviy immunitetni shakllantirish barkamol avlod tarbiyasining muhim yo‘nalishidir. Bugungi insoniyat turli xil g‘oyalar va siyosiy kurashlar butun jahon miqyosida avj olayotgan, g‘oyaviy qarama-qarshiliklar keskinlashayotgan bir sharoitda yashamoqda.
Nima uchun kishilar ongi va qalbi uchun kurash turli mafkuralarning bosh maqsadiga aylanib qoldi? Gap shundaki, muayyan g‘oya tom ma’noda g‘oya bo‘lishi uchun kishilar ongini egallashi, to‘g‘rirog‘i, ularning qalbidan joy olishi shart. Aks holda u yoki bu g‘oya faqat muayyan xabar yoki axborot sifatida saqlanib qoladi, xolos. Boshqacha aytganda, omborxonadagi keraksiz buyumlar kabi ongimizning bir chetidan joy egallab yotaverishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, bunday holatda g‘oya shaxs uchun hech qanday ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmaydi.
G‘oya faqatgina inson qalbini egallaganda, inson ma’naviy-ruhiy holatining uzviy qismiga aylangandagina harakatga da’vat etuvchi, rag‘batlantiruvchi kuchga, harakat uchun qo‘llanmaga aylanadi. Shuning uchun ham bugungi kunda nafaqat inson ongini, balki qalbini ham egallash mafkuraviy kurashning bosh maqsadi bo‘lib qolmoqda. Aynan shuning uchun ham Yer yuzining turli mintaqalari xalqlarining ongi va qalbi turli g‘oyalarni sinash maydoniga, boshqacha aytganda, mafkuraviy poligonga aylantirilmoqda.
Ta’lim-tarbiya – bu, insonning go‘zal fazilatlarini kamol toptirishiga xizmat qiladigan sohadir. Odamlar har doim insoniylik haqidagi bilimlarga ehtiyoj sezishadi.Ta’lim konsepsiyasida insonning o‘sha ichki ehtiyojini qondirish, uning histuyg‘ulariga ruhiyatiga, ta’sir etish va tafakkurini kengaytirishga e’tibor beriladi. Ijtimoiy-ma’rifiy faoliyatida faol ishtirok etishi mushohada qilishning yuksalishi, mehnat jamoalarida yaratish va bunyod etish o‘zini ijodiy namoyon qilishiga imkon yaratiladi.
Ta’limning rivojlanishi ma’naviyat bilan bog‘liqlikda kechadi. U inson hayotining uzviy bo‘lagi bo‘lib, usiz jamiyatning rivojlanishini tasavvur etib bo‘lmaydi. Inson ma’naviyatini yuksaltirishda ta’lim-tarbiya tizimining muhim omil ekanini yaxshi anglagan respublikamiz davlat siyosatida ta’limga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatimizda izchil davom etayotgan ta’lim islohotlari yoshlarimizni ma’naviy jihatdan boy, barkamol insonlar qilib tarbiyalashga qaratilgandir.
Mamlakatimizda insonparvar-huquqiy demokratik davlat qurish, fuqarolik jamiyati shakllanishiga yo‘l ochish uchun chinakam vatanparvar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida mujassamlashtirgan va unga qat’iy amal qiluvchi, shaxsiy manfaatini el-yurt manfaati bilan uyg‘un holda qo‘ya oladigan barkamol insonlarni tarbiyalash kun tartibiga qo‘yilmoqda. Mustaqil fikrlash, ishlash va yashash qobiliyatiga ega bo‘lgan barkamol insonni tarbiyalash uning dunyoqarashi va ma’naviyatini o‘zgartirish zamon talab-ehtiyojlariga monand yangilashning samarador yo‘llari, usullari ta’sirchan vositalarining tizimini yaratish lozim. Zotan, “Ta’lim tizimining ma’naviy-axloqiy jihati keng ijtimoiy muhitning tarkibiy qismi bo‘lib, u fuqarolarning ma’naviy-axloqiy qonuniyatlar va xususiyatlarni o‘zlashtirishi hamda ehtiyoj darajasida unga amal qilish bilan belgilanadi”.
Shumanoy tumani Adliya bo’limi YXKM boshlig’i
Utemuratov Baxit Jiyengalievich