Янгиликлар
10
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tarixi va rivojlanish bosqichlari.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tarixi va rivojlanish bosqichlari.
Yangilangan Konstitutsiya mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g’oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo’lidagi ulkan qadamdir.
Konstitutsiyada O’zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo’yildi.
Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qat’iy talab sifatida belgildi. Bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini ko’zlab faoliyat ko’rsatishiga asos bo’ladi.
Binobarin, qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal bo’lishi shart va zarur. Bunga ko’ra, inson va davlat o’rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi.
Konstitutsiyada kambag’allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo’yicha normalar belgilandi. Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo’lish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o’z boshpanasiga ega bo’lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi. Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko’rgan zararlarning o’rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlandi.
Aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish bo’yicha kompleks choralar belgilandi.
SHu munosabat bilan, davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo’yicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko’rsatilishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan norma belgilandi. SHaharlarning bosh rejalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy o’tkazilishi shartligi qayd etildi.
Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to’g’risidagi ishonchli axborotga ega bo’lish huquqiga egaligi belgilandi. Ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytiriladi, o’qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo’ladi. Jumladan, fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o’qish huquqi qat’iy belgilab qo’yildi. Asosiy qonunda fuqarolarning bepul boshlang’ich kasb-hunarga o’qitilishi ham belgilandi.
Konstitutsiyada davlatning o’qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o’sishi to’g’risida g’amxo’rlik qilish majburiyati qayd etildi. Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o’zini o’zi boshqarish, tadqiqotlar o’tkazish va o’qitish erkinligi huquqi taqdim etildi.
Inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqdi. Xususan, O’zbekistonda o’lim jazosi taqiqlandi. O’lim jazosini taqiqlashni konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.
Bundan tashqari, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. YA’ni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bog’liq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yo’l qo’ymaslikka qaratilgan. Bu orqali xalqaro e’tirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qo’llanish ko’lami yanada kengaydi.
SHaxsni ushlash chog’ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o’ziga qarshi ko’rsatma bermaslik (xalqaro e’tirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berildi.
Har kimning yozishmalari, telefon orqali so’zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilandi. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv o’tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo’l qo’yilishi belgilab qo’yildi.
YOshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini rag’batlantirish kafolatlandi.
Jumladan,
– davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi;
– davlat yoshlarning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag’batlantiradi;
– davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi;
– davlat yoshlarning ta’lim olishga, sog’lig’ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo’lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
– davlat va jamiyat yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo’lgan mehr-muhabbat tuyg’ularini shakllantirish to’g’risida g’amxo’rlik qiladi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ommaviy axborot vositalariga oid belgilangan muhim qoidalar:
– davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlaydi;
– davlat ommaviy axborot vositalarining axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo’lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi;
– ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to’sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo’ladi;
– ommaviy axborot vositalari o’zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.
Mo’ynoq tumani adliya boʻlimining
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti A. Vasyakin.