Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

09

Fuqarolarning huquq va manfaatlari davlat himoyasida


                            Fuqarolarning huquq va manfaatlari davlat himoyasida

Аytish joyizki,mamlakatimizda oʼtgan yillar mobaynida inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng koʼlamli islohotlar amalga oshirildi.
Hech bir mubolagʼasiz aytish kerakki,bu borada Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasida -xalq hokimiyatchiligi printsipining muhim qoidalaridan biri sifatida inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi mustahkamlab qoʼyildi.
Muhim jihatlardan biri, Konstitutsiyaviy printsip doirasida Аsosiy Qonunimizning 7-9-boblarida -inson va fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquq, erkinliklari hamda ularning kafolatlari belgilab berildi.
Xususan, Qomusimizning 7-bobida insonning shaxsiy huquq va erkinliklari belgilangan boʼlib, ular tizimida fuqarolarning ularning huquq va manfaatlariga daxldor boʼlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish huquqi muhim ahamiyat kasb etadi.
Аytish kerakki, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-moddasi mazmunidan anglashiladigan ushbu huquq mazkur moddada Oʼzbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari zimmasiga ushbu materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berish majburiyati tarzida yuklangan.
Mazkur konstitutsiyaviy norma oʼz mohiyatiga koʼra, fuqarolarning Konstitutsiyaning 29-moddasida mustahkamlangan har kim oʼzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqi hamda 32-moddada belgilangan jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi bilan uzviy bogʼliqdir. Yaʼni, fuqarolar oʼzlarining huquq va manfaatlariga daxldor boʼlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish orqali boshqa konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish uchun sharoit yaratadilar.
Eʼtiborli tomonlardan biri, asosiy Qonunimiz 30-moddasida belgilangan fuqarolarni ularning huquq va manfaatlariga daxldor boʼlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqishi uchun imkoniyat yaratib berish majburiyati axborot erkinligi kafolatlaridan biri boʼlib, ushbu konstitutsiyaviy norma Oʼzbekiston Respublikasining oʼndan ortiq qonun hujjatlarida yanada rivojlantirilgan, uni taʼminlashga qaratilgan qoʼshimcha mexanizm va tartibotlar belgilab berilgan.
Xususan, “Аxborot erkinligi printsiplari va kafolatlari toʼgʼrisida”gi Qonunning 8-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari hamda mansabdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har kimga oʼzining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʼlgan axborot bilan tanishib chiqish imkoniyatini taʼminlab berish bilan bogʼliq bir qator mexanizmlar belgilab berilgan. Unga koʼra, Konstitutsiya boʼyicha tegishli majburiyat yuklangan yuqorida qayd etilgan subʼektlar maqbul axborot resurslari yaratishlari, foydalanuvchilarni fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va majburiyatlariga, ularning xavfsizligiga doir hamda jamiyat manfaatlariga taalluqli boshqa masalalar yuzasidan axborot bilan ommaviy tarzda taʼminlashlari shart.
Bu borada 2017 yil 24 avgust kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʼn birinchi yalpi majlisida maʼqullangan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahririda ham Аsosiy Qonunimizning 30-moddasidan kelib chiquvchi bir qator muhim qoidalar belgilangan. Xususan, unda davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari murojaatni koʼrib chiqish chogʼida murojaat qiluvchilarga ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini, agar ular davlat siri yoki qonun bilan qoʼriqlanadigan boshqa sir boʼlgan maʼlumotlarni oʼz ichiga olmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, taʼminlashi shartligi belgilangan.
Taʼkidlash lozimki, qonun hujjatlari bilan ayrim turdagi axborotdan foydalanish va tanishib chiqish uchun qoʼshimcha kafolatlar belgilanishi mumkin.
Xususan, “Tabiatni muhofaza qilish toʼgʼrisida”gi Qonun 30-moddasida jamiyat manfaatlaridan kelib chiqib, davlat tabiatni muhofaza qilish idoralari falokatlar va boshqa hodisalar natijasida atrof tabiiy muhit normativda belgilanganidan ham ortiqroq darajada ifloslangan taqdirda bunday falokat va hodisalar toʼgʼrisida jamoatchilikni darhol xabardor etishlari shartligi belgilab qoʼyilgan.
Shu bilan bir qatorda, qonun hujjatlarida sud ish yurituviga jalb qilingan shaxslarning axborot bilan tanishishga boʼlgan huquqlarining qoʼshimcha mexanizmlari ham belgilangan. Xususan, “Sudlar toʼgʼrisida”gi Qonunning 8-moddasida, FPK 9-moddasi; XPK 10-moddasi va JPK 20-moddasida sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan toʼla tanishish huquqi taʼminlanishi belgilangan.
Qonun hujjatlari bilan ayrim davlat organlariga nisbatan ham fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli hujjatlar hamda materiallar bilan tanishib chiqish boʼyicha qoʼshimcha majburiyatlar yuklanishi mumkin. Masalan, 2016 yil 16 sentyabrdagi “Ichki ishlar toʼgʼrisida”gi Qonunning 8-moddasiga koʼra, agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan boʼlsa, ichki ishlar organlari har bir fuqaroga oʼzlarida mavjud boʼlgan, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga bevosita daxldor boʼlgan hujjatlar hamda materiallar bilan tanishish imkoniyatini taʼminlashi shart. Yoki boʼlmasa, Bojxona kodeksida bojxona brokerlarining reestridagi axborot Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʼmitasining rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi va tanishish uchun ochiq boʼlishi talabi belgilangan (280-modda).
Аsosiy Qonunimizning 30-moddasida belgilangan normaning amalga oshirilishida “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi” doirasida ishlab chiqilgan va 2014 yil 5 may sanasida qabul qilingan Oʼzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʼgʼrisida”gi Qonuni muhim ahamiyatga ega. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov taʼkidlaganidek, ushbu Qonunning qabul qilinishi fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqini yanada kengroq amalga oshirish imkoniyatini yaratib berish bilan birga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qabul qilinayotgan qarorlar sifatini oshirish borasidagi masʼuliyatini ham koʼp jihatdan kuchaytiradi. Ushbu qonun davlat hokimiyati organlari faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilib borish tartiblarini aniq belgilab berishi, aholining, jamoat birlashmalarining davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar, avvalambor fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari bilan bogʼliq qarorlar haqidagi axborotlardan keng xabardor boʼlib borishini taʼminlaydi.
Oʼzbekiston Respublikasining “Аxborot olish kafolatlari va erkinligi toʼgʼrisida”gi Qonunning 7-moddasida ham davlat organlari, fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar zimmasiga tegishli majburiyat yuklangan. Ushbu Qonunda axborot olish imkoniyatini taʼminlash yoʼllari ham koʼrsatilgan – axborot olish imkoniyati qonun hujjatlarini va tegishli materiallarni eʼlon qilish va tarqatish yoʼli bilan taʼminlanadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-moddasida belgilangan normalarni amalga oshirishda 2017-2021 yillarda Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 fevralda qabul qilingan “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ–2761-sonli qarori muhim ahamiyat kasb etdi.
Xususan, bu borada ushbu hujjatlar doirasida ishlab chiqilgan hamda 2017 yil 24 avgust kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʼn birinchi yalpi majlisida maʼqullangan “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasining qonuni fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlashda muhim qadam boʼldi. Ushbu qonun huquqiy axborot tarqatish sohasidagi u yoki bu munosabatlarni tartibga soluvchi yigirmadan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni oʼzida mujassam etib, bu sohadagi huquqiy boshqaruvning tizimli boʼlishini taʼminlaydi. Qonunda huquqiy axborotni tarqatishni tashkil etish, bu boradagi barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun masʼul boʼlgan vakolatli organ deb Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi belgilangan.
Qonun bilan huquqiy axborotni tarqatishning aniq tartibi va usullari belgilab berilgan. Birinchi – qabul qilingan qonun hujjatlarini rasmiy va norasmiy tarqatma tarzida tarqatish, ularni Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida va davlat organlarining veb-saytlarida joylashtirish tartibi oʼrnatilmoqda. Ikkinchi – Qonun bilan davlat organlarida meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirilgan holda hisobga olishning majburiy tartibi joriy etilib, uning soʼzsiz ijro etilishi ustidan nazorat tizimi mustahkamlab qoʼyilmoqda. Uchinchi –Qonunda huquqiy targʼibot yuritish huquqiy axborot tarqatishning samarali usullaridan biri sifatida taʼriflangan boʼlib, uni amalga oshirish shakllari mustahkamlab qoʼyilgan: konferentsiya, uchrashuv, seminar, davra suhbatlari va muloqotlar oʼtkazish; qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, amaldagi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini ochib beruvchi tele- va radiodasturlar uyushtirish, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida materiallar joylashtirish, sharhlar, risolalar, plakatlar, bukletlar tarqatish shular jumlasidandir.
Shu bilan bir qatorda, ushbu konstitutsiyaviy normani toʼliq realizatsiya qilinishini taʼminlash maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksining 44-moddasida “Hujjatlar bilan tanishib chiqishni asossiz ravishda rad etish” uchun maʼmuriy javobgarlik oʼrnatilgan. Unga koʼra, mansabdor shaxslar tomonidan fuqaroga uning huquq va manfaatlariga daxldor boʼlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini berishni asossiz ravishda rad etishi tegishli tartibda maʼmuriy javobgarlikka sabab boʼlishi belgilandi.
Xulosa oʼrnida aytganda, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-moddasida belgilangan fuqarolarning oʼzlarining huquq va manfaatlariga daxldor boʼlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqishga boʼlgan huquqlari mamlakatimizda axborot sohasini isloh qilish, axborot va soʼz erkinligini taʼminlash sohasidagi amalga oshirilayotgan izchil va uzluksiz islohotlar sharoitida yangicha mazmun bilan boyimoqda hamda ushbu konstitutsiyaviy huquqni taʼminlashning yangi usul va mexanizmlari joriy etilmoqda.

Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlim,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi
bosh yuriskonsulti N.Аbduraxmanova