Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

22

Yoshlar huquq va kafolatlarini taʼminlash


                                          Yoshlar huquq va kafolatlarini taʼminlash
Soʼnggi yillar mobaynida, mamlakatimizda Yangi Oʼzbekistonni barpo etishdek ulugʼ maqsadga erishish yoʼlida, asosiy tayanchimiz boʼlgan azmu shijoatli yoshlarga eʼtibor va gʼamxoʼrlik koʼrsatish, yoshlar huquqlarini kafolatlash, davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishi hisoblanib, ularga barcha sohalarda oʼz iqtidori va salohiyatini toʼliq namoyon etishlari uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy islohatlar bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinmoqda.
Аyni kunda, mamlakatimizda yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik,siyosiy, ijtimoiy huquqlarini himoya qilinishini taʼminlash, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʼbatlantirish, yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllantirishga qaratilgan jahonda rivojlangan davlatlarning xalqaro huquq normalariga mos ravishda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 13 ta qonuni, 16 ta Farmoni, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 52 ta qarorlari qabul qilingan.
Shuni alohida aytish kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda istiqomat qiladigan jami aholining qariyb yarmini yoshlar tashkil etadi. Shuning uchun ham yoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish va amalga oshirishni taʼminlash dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Negaki, mamlakatimiz aholisining 60 foizidan ziyodini tashkil etadigan yoshlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishi etib belgilangan.
Bu esa oʼz navbatida, bir jihatdan yurtimizda koʼp sonli navqiron yosh insonlarning huquqlarini yanada toʼla taʼminlash choralarining dolzarbligini bildirsa, ikkinchi tomondan, barkamol yosh avlod kuch-shijoati, bilimi va salohiyatini taraqqiyot, barqarorlik hamda bunyodkorlik faoliyatiga yoʼnaltirish alohida ahamiyat kasb etishini anglatadi.
Shu asnoda, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Nyu-York shahrida boʼlib oʼtgan BMT Bosh Аssambleyasining 78-sesiyasida soʼzlagan nutqida Birlashgan millatlar tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlari rivojiga koʼmaklashish boʼyicha ishchi guruh tuzish tashabbusi bilan chiqqanini alohida taʼkidlash zarur.
Bunga qadar, Oʼzbekiston Prezidenti – BMT Bosh Аssambleyasining 72-sesiyasida BMTning Yoshlar huquqlari boʼyicha xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgandi.
Oʼz navbatida, davlatimiz rahbari BMT Bosh Аssambleyasining 75-sesiyasida xalqaro hamjamiyatni ushbu Konvensiyaning qabul qilinishi bilan bogʼliq Oʼzbekiston tashabbusini qoʼllab-quvvatlashga chaqirgan edi.
Negaki, yurtboshimizning ushbu tashabbusi davlatimizning butun mintaqada yoshlar huquqlarini eng yuksak darajada taʼminlash va roʼyobga chiqarishdan manfaatdorligini yana bir bor amalda tasdiqladi.
ayniqsa, Bosh qomusimiz hisoblangan Konstitutsiyaning 79-moddasida Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʼbatlantiradi hamda yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʼligʼini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʼlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratadi hamda davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni shakllantirish toʼgʼrisida gʼamxoʼrlik qiladi deb belgilanishi ham tom maʼnoda, yurtimizda kelajagimiz boʼlgan yoshlarga qaratilayotgan ulkan eʼtiboridan dalolat beradi.
Muhim jihatlardan biri esa, mamlakatimiz tomonidan qabul qilingan barcha normativ-huquqiy hujjatlar zamirida eng avvalombor, yoshlarning huquqlarini himoya qilishni kafolatlash, ularni har tomonlama ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, oʼqish, ijod va boshqa yoʼnalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratish nazarda tutilgan.
Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 14-sentyabr kungi “Yoshlarga oid davlat siyosati toʼgʼrisida”gi OʼRQ-406-son Qonunining 5-moddasida yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, yoshlarning maʼnaviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga koʼmaklashish, shuningdek yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuygʼusi, bagʼrikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli taʼsirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga boʼlgan qatʼiy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʼnalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Hech bir mubolagʼasiz aytish kerakki, yurtimizda yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish va yoshlarni qoʼllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilib kelinmoqda.
Shu asnoda, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyul kuni “Yoshlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini ooʼirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PF-6260-sonli farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan, «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning davlat oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan farzandlariga 2021/2022-oʼquv yilida birinchi oʼquv yili uchun toʼlov-kontraktning toʼliq summasi Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan qoplab berish hamda 2021-yil avgust oyida «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha boʼlgan har bir farzandi uchun Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan 500 ming soʼm miqdorida bir martalik moddiy yordam koʼrsatish belgilandi.
Yana bir eʼtiborga molik tomonlardan biri, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11- mart kuni «Yoshlarni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi 132-son qarorining 1-ilovasi bilan «Yoshlar daftari» ga kiritilgan yoshlarni qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi toʼgʼrisida” namunaviy Nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizom bilan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida tuman va shaharlarda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi tashkil etildi.
Eʼtiborli jihatlardan biri, qarorga koʼra, yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga oʼqitish boʼyicha nodavlat taʼlim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 75 foizigacha qismini qoplashga yoʼnaltiriladi. Bunda yoshlarni tadbirkorlikka oʼqitish xarajatlarining har bir bitiruvchiga BHMning 4 baravaridan ortiq boʼlmagan qismi, kasb-hunarga oʼqitish uchun sarflangan xarajatlarning bir oygacha, bir oydan ikki oygacha, ikki oydan ortiq muddatli oʼquv kurslari uchun tegishlicha BHMning 4, 8, 12-baravaridan koʼp boʼlmagan qismi hamda mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan «Temir daftar»ga kiritilgan oilalar farzandlarining toʼlov-kontrakt summasining 50 foizigacha, ammo BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplanishi belgilandi.
Xulosa oʼrnida aytganimizda, yangi Oʼzbekistonimizning kelajagi boʼlgan yoshlarni qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlari, Davlat dasturlari avvalombor, bunda yoshlarning hozirgi zamonda dunyo miqyosida eʼtirof etilishi zarur boʼlgan huquqlari oʼz aksini topgan, shuningdek ularning manfaatlarini himoya qilish, oʼz salohiyatini roʼyobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilishi,shubhasiz.

Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish
markazi boshligʼi,
2-darajali adliya maslahatchisi
Bekpulat Аvazmetov