Янгиликлар
09
Oʼzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga mulk huquqlari eʼtirof etiladi
Oʼzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga mulk huquqlari eʼtirof etiladi
Аytish joizki, 2024-yil 5-avgust kuni Prezident tomonidan “Oʼzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʼlgan huquqlarni eʼtirof etish toʼgʼrisida”gi OʼRQ-937-sonli uzoq kutilgan oʼta muhim Qonun imzolandi.
Xoʼsh qanday yerlar amnistiyaga tushadi?
Ushbu Qonunga koʼra, fuqarolar, respublikada doimiy yashab turgan fuqaroligi boʼlmagan shaxslar tomonidan 2018- yil 1- mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali oʼzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
fuqarolar, YaTT va rezident boʼlgan yuridik shaxslar ajratilgan yer uchastkasiga boʼlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda koʼrsatilgan yer maydonidan 2018-yil 1-mayga qadar ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
oʼzboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joylarga boʼlgan mulk huquqini Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etilgan Koʼchmas mulkka nisbatan huquqni eʼtirof etish ishlarini tashkil etish boʼyicha tuman (shahar) komissiyalari tomonidan eʼtirof etish mumkin deb topilganligi hollariga yoki uni eʼtirof etish rad etilganligi yoxud arizalarning koʼrib chiqilishi bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati oʼtganligi sababli yakuniga yetmaganligi hollariga;
2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimining qaroriga koʼra fuqarolarga, YaTTlarga yoki rezident bulgan yuridik shaxslarga ajratilgan, tasdiqlash masalasi Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Joʼqorgʼi Kenges yoki tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan koʼrib chiqilmagan yer uchastkasiga (bundan shunday yer uchastkasida 2 yil ichida binolar va inshootlar qurilmagan yoki ularning qurilishi boshlanmagan yoxud yer uchastkasidan maqsadsiz foydalanilgan hollar mustasno);
fuqarolarning bogʼdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga;
2020 yil 9 martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik subʼektlarining yashash uchun moʼljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga;
xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga;
fuqarolarning, YaTTlarning va rezident boʼlgan yuridik shaxslarning mulk (egalik qilish) huquqi eʼtirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish asoslari va tartibini belgilaydi.
Maʼlumot uchun: bir martalik umumdavlat aksiyasi – oʼzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʼyicha Prezident Farmoniga muvofiq 2018-yil 20-apreldan 2019-yil 1-mayga qadar oʼtkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi.
Ijara huquqi tan olinganda yer uchastkasi qancha muddatga ijaraga beriladi?
Ijara muddati yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun 99 yil, boshqa yer uchastkalari uchun 49 yil etib belgilanadi.
Huquqni tan olish uchun asoslar
Fuqarolar tomonidan 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali oʼzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga boʼlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʼlgan mulk huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos boʼladi, agar:
mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qoʼyilmagan boʼlsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar oʼrtasida nizo mavjud boʼlmasa;
mazkur yer uchastkasi uchun yer soligʼi boʼyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʼi boʼyicha qarzdorlik mavjud boʼlmasa.
Fuqarolarning bogʼdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududida joylashgan turar joylariga boʼlgan mulk huquqini hamda ular egallagan yer uchastkasiga boʼlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos boʼladi, agar:
fuqaro bogʼdorchilik va uzumchilik shirkati aʼzosi boʼlsa;
mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auktsionga qoʼyilmagan boʼlsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar oʼrtasida nizo mavjud boʼlmasa;
mazkur yer uchastkasi uchun yer soligʼi boʼyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʼi boʼyicha qarzdorlik mavjud boʼlmasa.
Boshqa holatlar boʼyicha asoslar – shu yerda.
Ishlar qanday tashkil etiladi?
Oʼzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni bosqichma-bosqich xatlovdan oʼtkazish har yilgi reja-jadval asosida amalga oshiriladi. Reja-jadval Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlanadi va jamoatchilikka eʼlon qilinadi.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarori bilan reja-jadvalga asosan vakolatli tashkilotlarning hududiy boʼlinmalari vakillaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Maʼlumotlarni va hujjatlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritishning birinchi bosqichida yer uchastkasining, binoning va inshootning elektron yigʼmajildi yaratiladi.
Ikkinchi bosqichda maʼsul tashkilotlar ikki oy muddatda:
yuborilgan elektron yigʼmajildni koʼrib chiqishadi;
axborot dasturiga tegishli hujjat va maʼlumotlarni kiritishadi.
Elektron yigʼmajild maʼlumotlari tegishli fuqarolar oʼzini oʼzi boshqarish organlari binolarining eʼlonlar uchun burchaklarida, Kadastr agentligining rasmiy veb-saytida hamda boshqa axborot manbalarida jamoatchilikka eʼlon qilinadi.
Elektron yigʼmajild koʼrib chiqish uchun Аdliya vazirligining hududiy boshqarmasiga yuboriladi.
Yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʼlgan huquqlarni eʼtirof etish Qoraqalpogʼiston Аdliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, Kadastr agentligi tomonidan tegishli shaxslarning telefon raqamiga bir martalik toʼlovni 20 ish kuni ichida toʼlash toʼgʼrisidagi xabarnoma avtomatik ravishda yuboriladi.
Toʼlov amalga oshirilgandan soʼng elektron yigʼmajild, maʼlumotlar va hujjatlar ijobiy xulosalar bilan birga Joʼqorgʼi Kenges, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga navbatdagi sessiyada (majlisda) koʼrib chiqish uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda yuboriladi.
Joʼqorgʼi Kenges, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining yer uchastkasiga boʼlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan bino va inshootga boʼlgan mulk huquqini eʼtirof etish toʼgʼrisidagi qarorlari 3 oy ichida qabul qilinishi lozim.
Toʼlovlar miqdori
Yer uchastkasiga ijara huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi miqdorlardagi bir martalik toʼlov undiriladi:
Toshkent shahrida – BHMning 5 baravari;
Nukus shahrida va viloyat markazlarida– BHMning 3 baravari;
viloyat boʼysunuvidagi boshqa shaharlarda – BHMning 2 baravari;
boshqa aholi yashash punktlarida – BHMning 1 baravari.
Chegirmalar bormi?
Bir martalik toʼlovni toʼlashdan quyidagilar ozod etiladi:
bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida bir martalik yigʼimni toʼliq toʼlagan shaxslar;
I va II gurux nogironligi boʼlgan shaxslar.
«Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimiga kiritilgan shaxslardan bir martalik toʼlov 50% miqdorda undiriladi.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi,
Bekpulat Аvazmetov