Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

09

Yuridik yordam koʼrsatish sohasidagi oʼzgarishlar


                                          Yuridik yordam koʼrsatish sohasidagi oʼzgarishlar

Soʼnggi yillarda mamlakatimizda insonning qonuniy huquqlari va manfaatlarini soʼzsiz taʼminlashga, fuqarolarning odil sudlovga boʼlgan ishonchini oshirishga hamda ularning malakali yuridik yordam olishga boʼlgan huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Maʼlumki, 2024-yil 27-fevral kuni “Davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatish toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish haqida OʼRQ-915-son qonuni qabul qilindi.
Mazkur qonun bilan endilikda «Davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatish toʼgʼrisida»gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, fuqarolarga Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan malakali yuridik yordam olish huquqidan toʼliq foydalanish imkoniyati yaratildi.
Muhim oʼzgarishlardan biri, qonun bilan Prezidentning ayrim qonun hujjatlariga ayrim oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritildi.
Xususan, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʼlgan shaxslar bunday yordam uchun Jinoyat, Fuqarolik ishlari va maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishlar boʼyicha hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda advokat ishtirokini taʼminlash qaratilgan oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritildi.
Qonun bilan, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud «Davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatish toʼgʼrisida»gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyachisi sifatida davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʼrishi belgilandi.
Qonunga koʼra, endilikda «Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishni koʼrib chiqayotgan vakolatli mansabdor shaxs yoki sud maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning iltimosiga koʼra, «Davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatish toʼgʼrisida»gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatadigan advokatning ishda ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʼrishi shartligi belgilandi.
Bundan tashqari, davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatadigan advokatni jalb qilishda advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan eʼtiboran unga ishga kirishish uchun kamida toʼrt soat vaqt berilishi kerakligi ham belgilandi.
Qonun bilan, Sud daʼvogarning yoki javobgarning iltimosiga koʼra, «Davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatish toʼgʼrisida»gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʼrishi shartligi va Davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatadigan advokat jalb etiladigan paytga qadar sud ishning muhokamasini keyinga qoldirilishi hamda Davlat hisobidan yuridik yordam koʼrsatadigan advokatni jalb qilishda advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan eʼtiboran unga ishga kirishish uchun kamida toʼrt soat vaqt berilishi kerakligi qatiy belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu Qonun tom maʼnoda mamlakatimizda fuqarolarning odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga hamda davlat hisobidan malakali yuridik yordam olish huquqini taʼminlashga xizmat qilishi shubhasizdir.

Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
Bekpulat Аvazmetov