Янгиликлар
02
Bola huquqlari butun jahon deklaratsiyasi
Bola huquqlari butun jahon deklaratsiyasi
Taʼkidlash kerakki, bola huquqlari – har bir bola (18 yoshga toʼlmagan shaxs bola hisoblanadi) hech qanday cheklashlarsiz ega boʼlishi lozim boʼlgan huquq va erkinliklardir. Bolalar va yoshlar kattalar bilan bir xil inson huquqlariga ega va bu barcha tomonidan tan olinadi.
Bola huquqlarining taʼrifi mantiqan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining asosiy gʼoyalaridan kelib chiqadi.
Uning alohida moddasi bolalarga bagʼishlangan. Unda aytilishicha, "Onalik va bolalik alohida gʼamxoʼrlik va yordam olish huquqini beradi". Shunday qilib, deklaratsiyada eʼlon qilingan barcha erkinliklarga bolalarning teng huquqliligini tan olgan holda, xalqaro hamjamiyat bolalarga qoʼshimcha yordam va qoʼllab-quvvatlash zarurligini tan oladi. Yaʼni, bolalar oʼzlarining maxsus ehtiyojlari, shuningdek ekspluatatsiya va suiisteʼmolliklarga nisbatan zaifligi tufayli qoʼshimcha huquqlarga ega.
BMTning Inson huquqlari boʼyicha komissiyasida ishtirok etgan dunyoning koʼplab mamlakatlari mutaxassislari bola huquqlari toʼgʼrisidagi yangi hujjatning matnini ishlab chiqdilar, unda bolaning jamiyatdagi hayotining barcha jabhalari maksimal darajada hisobga olinadi. 1989 yil 20 noyabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari toʼgʼrisidagi konventsiyasi BMT Bosh Аssambleyasi tomonidan qabul qilindi. Shu bilan barcha mamlakatlar butun dunyo boʼylab bolalar oldida tarixiy majburiyat oldilar. Bu tarixdagi eng koʼp ratifikatsiya qilingan inson huquqlari boʼyicha shartnomaga aylandi va butun dunyo boʼylab bolalar hayotining oʼzgartirishga yordam berdi. Oʼzbekiston Respublikasi ushbu Konventsiyaga 1992 yil 9 dekabrda qoʼshilgan.
Oʼzbekiston Respublikasi 2008 yil 11 dekabrda Bola huquqlari toʼgʼrisidagi konventsiyaga doir bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli Fakultativ protokolni, 2008 yil 12-dekabrda Bola huquqlari toʼgʼrisidagi konventsiyaga doir, bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli Fakultativ protokolni ratifikatsiya qilgan.
“Bola huquqlari toʼgʼrisidagi konventsiya” qoidalarining bajarilishi yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasining 1999 yilda dastlabki, 2005 yilda ikkinchi davriy, 2010 yilda uchinchi va toʼrtinchi davriy, 2019 yilda beshinchi davriy hisobotlari BMTning bola huquqlari boʼyicha qoʼmitasiga topshirilgan.
Konventsiya barcha bolalarning asosiy insoniy qadr-qimmatini va ularning farovonligi hamda rivojlanishini taʼminlashning dolzarbligini tan oladi. Konventsiyaga koʼra, bolalar huquqlarini himoya qilishning asosiy printsipi – bolalar manfaatlarining ustuvorligini tan olishdir.
Har bir bola oziq-ovqat, birlamchi tibbiy yordam va rasmiy taʼlim, oʼyin va dam olish kabi asosiy ehtiyojlarga ega boʼlgan gʼamxoʼr, mehribon hamda yetarli turmush darajasiga ega boʼlgan oilada oʼsish huquqiga ega. Bundan tashqari, har bir bola eʼtiborsizlik va zoʼravonlikdan himoyalanish huquqiga ega.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan. Hususan, Konstitutsiyaning 78-moddasidan quyidagicha norma oʼrin olgan:
“Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʼlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir.
Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi”.
Soʼnggi yillarda Oʼzbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “hech bir bola eʼtibordan chetda qolmaydi” degan tamoyilga amal qilmoqda.
Shuningdek, “Inson qadri uchun” gʼoyasi hamda “hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq oʼtkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakatimiz Аsosiy qonuniga bolaning huquq va manfaatlarini taʼminlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilgʼor normalar kiritildi, milliy qonunchilik bola huquqlariga doir xalqaro normalarga toʼla-toʼkis muvofiqlashtirilmoqda.
Xususan, Oʼzbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʼlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish boʼyicha kafolatlar kuchaytirildi, bu borada davlatning majburiyatlari kengaytirildi.
Mamlakatimizda bolalar huquqlarini taʼminlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan boʼlib, mazkur normativ-huquqiy hujjatlar “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” printsipini hayotga joriy qilishga qaratilmoqda.
2021 yil 7 dekabrdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonunga koʼra, 13 yoshga toʼlgan shaxslarning jinoiy javobgarlikka tortilishi bekor qilindi. Jinoiy javobgarlikka tortish 14 yoshdan boshlanishi belgilandi. Voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini soʼroq qilishda pedagog bilan bir qatorda psixolog ham qatnashishi belgilandi.
Eʼtirofga loyiq jihatlardan biri, 2023- yil 12- aprelda qonunchilikka oʼzgartirishlar kiritilib, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʼravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʼi bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada ogʼirlashtirildi.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi bosh yuriskonsulьti
Nasiba Radjapova