Янгиликлар
31
Ko‘p yillik uzluksiz mehnat stajiga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlariga ustama to‘lash tartibi
Ko‘p yillik uzluksiz mehnat stajiga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlariga ustama to‘lash tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 21-dekabrdagi «Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 276-sonli qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmasevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari to‘g‘risida»gi Nizomi tasdiqlandi.
Mazkur Nizomning 6-bo‘limiga muvofiq tibbiyot va farmasevtika xodimlarining alohida muassasalar, bo‘linmalar va lavozimlardagi uzluksiz ish staji uchun ustamalarning miqdorlari belgilab berilgan.
Tibbiyot va farmasevtika xodimlarining mutaxassisligi bo‘yicha uzluksiz ishlaganligi uchun ustama olish huquqini beradigan ish stajini hisoblab chiqish tartibi mazkur Nizomga 3-ilovasiga muvofiq belgilanadi.
Mehnat daftarchasi mutaxassislik bo‘yicha ish stajini aniqlash uchun hujjat hisoblanadi.
Tibbiyot va farmasevtika xodimlari mutaxassisligi bo‘yicha uzluksiz ish stajiga quyidagilar kiritiladi:
vrachlar va provizorlar uchun — oliy yoki o‘rta tibbiyot yoki farmasevtika ma’lumoti mavjud bo‘lganda, vrachlik, farmasevtika va o‘rta tibbiyot xodimlari lavozimlarida, shu jumladan rahbarlik lavozimlaridagi ish vaqti;
o‘rta tibbiyot va farmasevtika xodimlari uchun — o‘rta tibbiyot yoki farmasevtika xodimlari lavozimlaridagi, shu jumladan rahbarlik lavozimlaridagi ish vaqti;
mehnatga haq to‘lash bo‘yicha tibbiyot va farmasevtika xodimlariga tenglashtirilgan notibbiyot lavozimini egallab turgan mutaxassislar uchun:
mutaxassisligi bo‘yicha ish vaqti;
oliy yoki o‘rta tibbiyot yoki farmasevtika ma’lumoti mavjud bo‘lganda, vrachlik, farmasevtika va o‘rta tibbiyot xodimlari lavozimlaridagi, shu jumladan rahbarlik lavozimlaridagi ish vaqti;
kichik tibbiyot xodimlari uchun — kichik tibbiyot xodimi lavozimlaridagi ish vaqti;
vrachlar, provizorlar, o‘rta tibbiyot va farmasevtika xodimlari uchun — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari, ichki ishlar va davlat xavfsizlik organlarida tibbiyot va farmasevtika xodimlari shtat lavozimlaridagi shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning tizim tashkilotlaridagi xizmat vaqti.
Quyida sanab o‘tilgan davrlardan bevosita oldin va bevosita keyin ustama haq olish huquqini beradigan ishda ishlaganlik sharti bilan uzluksiz ish stajiga kiritiladigan vaqt davrlari:
mutaxassisligi bo‘yicha malakasini takomillashtirish va oshirish kurslarida, shuningdek magistraturada, aspiranturada hamda doktoranturada o‘qish vaqti;
xodim amalda ishlamagan, lekin uning ish joyi (lavozimi) va ish haqi to‘liq yoki qisman saqlanib qolgan vaqti, shu jumladan noto‘g‘ri ishdan bo‘shatish yoki boshqa ishga o‘tkazishda va keyinchalik uni ishga qayta tiklashda majburiy ishlamagan vaqti;
xodim ishlamagan, lekin o‘zining ish joyi (lavozimi)ni saqlab qolgan va davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa olgan vaqti, bola 2 (3) yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’tilda bo‘lgan davrlardan tashqari;
davlat yoki jamoat vazifalarini bajarishdagi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan jamoat tashkilotlari topshiriqlarini bajarishdagi ish vaqti.
Tibbiyot va farmasevtika xodimlari lavozimiga:
muassasalardan (bo‘linmalardan) ularni tugatish (qayta tashkil etish) yoki lavozimni qisqartirish, yoxud doimiy yashash joyini o‘zgartirish bilan bog‘liq holda ishdan bo‘shatilgan kundan boshlab 3 oydan kechikmay;
muassasalardan (bo‘linmalardan) o‘z xohishiga ko‘ra (uzrli sababga ko‘ra), shu jumladan eri yoki xotini boshqa joyga o‘tkazilganda (o‘tkazish vaqti bir oy muddatga kiritilmaydi) ishdan bo‘shatilgan kundan boshlab bir oydan kechikmay. O‘z xohishiga ko‘ra bo‘shatilishida uzrli sabab deb e’tirof etish amaldagi qonunchilik tomonidan belgilanadi;
agar bevosita oldin ishlagan sog‘liqni saqlash muassasalarida (bo‘linmalarida) bir oydan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ta’lim olgan bo‘lsa, oliy, o‘rta maxsus tibbiyot o‘quv yurtlari, klinik ordinatura yoki aspiranturani tugatgandan keyin bir oydan kechikmay;
agar xizmat bevosita oldin muassasalarda (bo‘linmalarda) o‘tgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan bo‘shatilgan vaqtdan boshlab ko‘chib o‘tishga ketgan vaqtni hisobga olmagan holda 3 oydan kechikmay;
harbiy xizmatchi erini (xotinini) boshqa joyga o‘tkazishda ishdan bo‘shatilgan yoki O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan bo‘shatilishi munosabati bilan erining (xotinining) ko‘chib o‘tishi bilan bog‘liq holda ishdan bo‘shatilgan kundan boshlab 3 oydan kechikmay;
muassasalardan (bo‘linmalardan) bo‘shatilishiga sabab bo‘lgan vaqtinchalik nogironligi yoki kasalligi tugagandan keyin, shuningdek ushbu asoslarga ko‘ra boshqa ishga o‘tkazilgan hollarda bir oy mobaynida;
agar bevosita oldin ishlagan muassasalardan (bo‘linmalardan) pensiyaga chiqqan bo‘lsa, yoshga doir pensiyaga, nogironlik pensiyasiga yoki uzoq yil xizmat qilganlik uchun pensiyaga chiqqanda;
agar xorijda bevosita oldin muassasalarda (bo‘linmalarda) ishlagan bo‘lsa, chet ellardagi muassasalarda, boshqa davlatlarga texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassis sifatida xalqaro tashkilotlardagi ishdan O‘zbekiston Respublikasiga qaytgandan keyin 2 oydan kechikmay ishga kirganda uzluksiz ish staji saqlab qolinadi. Chet eldan yashash joyiga kelish hamda chet elda ishlagan vaqtida foydalanilmagan ta’tilda bo‘lish vaqti mazkur ikki oylik muddatga kiritilmaydi.
Ushbu qoida xodimlar bilan birga chet elda bo‘lgan oila a’zolariga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Tajibayev Rustam Baxadirovich
Qonliko‘l tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i