Янгиликлар
30
Bolalar bog‘chasi to‘lovidan kimlar ozod etiladi
Bolalar bog‘chasi to‘lovidan kimlar ozod etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 23.08.2016 yildagi “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi 2821-son qarorining 5-bobiga asos, kam ta’minlangan oilalarning va boquvchisini yo‘qotgan ayollarning hamda vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning farzandlari to‘lovlardan ozod qilinadi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi (maktab-internatlardagi) bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida “ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar farzandlari to‘lovdan ozod qilinadi. bunda, birinchi navbatda ota-onalaridan biri yoki ikkalasi i yoxud ii guruh nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga, shuningdek, o‘rtacha oylik jami daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi.
Boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari, shuningdek vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning farzandlari mazkur bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan kvotadan qat’i nazar ota-onalar to‘lovidan ozod qilinadi deb ko’rsatilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, to‘lovdan ozod qilinadigan bolalar ro‘yxati quyidagi tasdiqlovchi hujjatlar asosida shakllantiriladi:
a) kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali berilgan oila kam ta’minlangan deb e’tirof etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
b) boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari uchun (quyidagi tasdiqlovchi hujjatlardan biri taqdim etilishi mumkin):
boquvchisini yo‘qotgan ayol boquvchisining o‘lim haqidagi guvohnomasi;
boquvchisining bedarak yo‘qolgan deb topish to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori;
o‘lim holati fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd qilinganligi haqida tibbiyot muassasalari tomonidan berilgan QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan ma’lumotnoma;
davlat xizmatlari markazi orqali berilgan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida o‘lim qayd etilganligi haqida ma’lumotnoma.
v) vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchi yoki xodimning o‘lim haqidagi guvohnomasi.
Bunda, mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan ma’lumotnoma maktabgacha ta’lim tashkiloti tomonidan mas’ul davlat organlari va tashkilotlaridan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olinadi.
Unga ko‘ra, to‘lovdan ozod qilinadigan bolalar ro‘yxati har o‘quv yilining 25-sentabr kuniga qadar tegishli maktabgacha ta’lim tashkiloti (maktab-internati) rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi va ro‘yxatiga kirmay qolgan, shuningdek yil davomida aniqlangan kam ta’minlangan oilalar farzandlari hisobidan zaxira shakllantiriladi.
Bundan tashqari, to‘lovdan ozod qilingan bolalarning maktabgacha ta’lim tashkilotiga (maktab-internatga) qatnashi (bo‘lishi) to‘xtatilishi natijasida bo‘shab qolgan o‘rinlar zaxiradan to‘ldirib boriladi. Bunda bo‘shab qolgan o‘rinlar mazkur Nizomning 19-bandining birinchi xatboshisiga asosan imtiyozga ega bo‘lgan bolalarni birinchi navbatda tanlab olish tamoyiliga rioya qilgan holda to‘ldirib boriladi.
Xo‘jayli tumani adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti: U.D.Yerejepova