Янгиликлар
12
Fermer xo‘jaligi rahbariga noqonuniy qo‘llanilgan ma’muriy jazolar bekor qilindi
Fermer xo‘jaligi rahbariga noqonuniy qo‘llanilgan ma’muriy jazolar bekor qilindi
Fuqaro Sh.U. Beruniy tumani adliya bo‘limiga murojaat qilib, o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan fermer xo‘jaligi faoliyati davomida qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi hisoblanmasa-da, soliq organi tomonidan fermer xo‘jaligining 37,3 ga sug‘oriladigan yer maydoniga ega ekanligi, bu yer maydonining 25 ga yoki undan ko‘prog‘i mavjud bo‘lgan taqdirda avtomatik ravishda QQS to‘lovchisi bo‘lishi kerakligi ta’kidlanib, hisobotlar taqdim etilmagani uchun ma’muriy jazo qo`llash to`g`risida 4 ta qaror qabul qilinganligidan noroziligini bildirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 462-moddasi 17-qismida ko‘rsatilishicha, yigirma besh gektar va undan ortiq sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari mavjud bo‘lgan taqdirda QQS va foyda solig‘i to‘lashga o‘tiladi.
Lekin, aniqlanishicha, Sh.U.ning fermer xo‘jaligiga faqat 5,1 ga ekin maydoni tegishli bo‘lib, qolgan 32,2 ga yer maydoni bir necha yillardan buyon suv yetib bormaganligi sababli foydalanishdan chiqib ketgan, bu Beruniy tumani hokimining 2024-yil 19-fevraldagi tegishli qarori bilan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi ishchi guruhining xulosasi bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
Beruniy tumani adliya bo‘limi tomonidan "Huquqiy ko‘mak darchasi" loyihasi doirasida fermer xo`jaligi rahbariga shikoyat arizasi loyihasi tayyorlab berilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tuman sudining theishli qarorlari bilan fermer xo‘jaligi rahbari Sh.U. ga nisbatan chiqarilgan soliq organining 4 ta ma’muriy jazo qo`llash tog`risidagi qarorlari bekor qilindi.
Mazkur qaror fermer xo‘jaligi rahbarlariga qo‘llanilgan noqonuniy ma’muriy jazolarni bekor qilish va ularning huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu orqali qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning faoliyati yanada adolatli va qonuniy asoslarga tayangan holda amalga oshirilishiga ishonch hosil qilish mumkin bo‘ladi.
S.Raimbekova,
Beruniy tumani adliya bo'limi boshlig'i,
I darajali yurist