Янгиликлар
12
Adliya ko‘magi bilan xodimning buzilgan huquqlari tiklandi
Adliya ko‘magi bilan xodimning buzilgan huquqlari tiklandi
Joriy yilning may oyida Beruniy tumani adliya bo‘limiga Beruniy tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi I.V. murojaat qilib, 2-toifali o‘qituvchi bo‘lishiga qaramasdan, unga 2021-yil sentabr oyidan mutaxassis o‘qituvchi sifatida oylik ish haqi hisoblanib kelinganligidan noroziligini bildirib, mazkur masalada amaliy yordam berishni so‘radi.
Murojaatni o‘rganish davomida fuqaro I.V. tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2006-yildan buyon ona tili va adabiyoti fanidan dars berib kelganligi, 2016-yil 2-iyul kuni 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabi attestatsiya komissiyasining 16-sonli qarori va maktab direktorining 170-sonli buyrug‘i bilan I.V. ga 2-malaka toifasi (sertifikat seriyasi va raqami: PA-II) berilganligi aniqlandi.
2021-yil 17-sentabrga qadar amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-son qaroriga ilova Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 5-bandida attestatsiya pedagog kadrlar uchun har besh yilda bir marta o‘tkaziladi deb belgilangan.
Shunga ko‘ra, fuqaro I.V 2021-yilda navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilishi kerak bo‘lgan, lekin fuqaro I.Vga maktab direktorining 2020-yil 29-apreldagi 52-sonli buyrug‘i asosida berilgan homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan so‘ng bola parvarishi ta’tilida bo‘lib, 2021-yil 1-apreldan ishga tushirilgan.
Yuqoridagi Nizomning 10-bandida uzrli sabablarga ko‘ra (mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik, tug‘ish hamda bolani parvarish qilish ta’tili va boshqalar) attestatsiyadan o‘tmagan pedagog kadrlar ish faoliyatiga qaytganlariga bir yil to‘lgandan so‘ng attestatsiyaga jalb etiladi va mazkur davr mobaynida ularning malaka toifasi saqlab qolinadi deyilgan.
Biroq, 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan 2021/2022-o‘quv yili uchun tarifikatsiya ro‘yxatini shakllantirishda fuqaro I.V. ning 2021-yil iyul oyida 2-malaka toifa sertifikati muddati tugagan degan bahonada mutaxassis o‘qituvchi sifatida oylik ish haqi hisoblanib, qonunbuzilishi holatiga yo‘l qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qaroriga 1-ilova bilan Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan. Nizomning 6-bandi 9-kichik xatboshisida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan uch yoshgacha bolalari bor ayollar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb qilinmasligi belgilangan.
Shuningdek, Nizomning 7-bandida navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlarning amaldagi malaka toifalari (lavozimlari) saqlanib qoladi hamda ularga ta’lim tashkilotlarida ishlagan davrida mazkur malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha haq to‘lanadi deyilgan.
Shunga ko‘ra, fuqaro I.V. ning mazkur davrda, ya’ni 2020-yil 29-aprelda tug‘ilgan N.R. ismli farzandi bo‘lganligi bois, yuqoridagi nizom talablariga ko‘ra, navbatdagi majburiy attestatsiyadan ozod etilgan holda, unga amaldagi 2-malaka toifasi saqlangan holda mazkur malaka toifasi bo‘yicha ish haqi hisoblanishi kerak bo`lgan.
Tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaro I.V. ning 2021-yil sentabrdan 2024-yil may oyiga qadar mutaxassis o‘qituvchi sifatida noto‘g‘ri hisoblanib kelingan va aslida ushbu davrda unga to‘lanishi kerak bo‘lgan oylik ish haqi o‘rtasidagi tafovutni aniqlashtirish maqsadida tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limidan mutaxassis jalb qilinib, uning 2024-yil 24-maydagi ma’lumotnomasiga ko‘ra, fuqaro I.V. ga 2021-yilda 1 429 532 so‘m, 2022-yilda 4 214 132 so‘m, 2023-yilda 3 960 920 so‘m va 2024-yil may oyiga qadar 1 198 540 so‘m, jami 10 803 124 so‘m oylik ish haqi kam to‘langanligi aniqlandi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlar va qaror talablaridan kelib chiqib, tuman adliya bo‘limi tomonidan Beruniy tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga taqdimnoma kiritilishi natijasida fuqaro I.V. ga jami 10 803 124 so‘m oylik ish haqi qayta hisob-kitob qilinib, to‘lab berildi
Beruniy tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi,
3-darajali yurist Sh.Ismailov