Янгиликлар
12
Xalqaro terrorizm tushunchasi
Xalqaro terrorizm tushunchasi
Terrorizm lotincha, terror so‘zidan olingan bo‘lib, qoʻrqinch, dahshat degan ma’nolarni anglatadi.
Terrorizm bu siyosiy raqiblarni, muxoliflarni yoʻqotish yoki qoʻrqitish, aholi oʻrtasida vahima va tartibsizliklar keltirib chiqarish maqsadidagi zoʻravonlik harakatlari, taʼqib qilish, buzish, garovga olish, qotillik, portlatish va boshqalarda namoyon bo‘ladi. Terrorizm yakka tartibdagi va guruhli terrorizm (mas., ekstremistik siyosiy toʻdalarning harakatlari kabi) toifalarga boʻlinadi. Siyosatshunoslikda davlat terrorizmi tushunchasi ham qoʻllanadi (diktatorlik va totalitar rejimlarning repressiyalari).
Xalqaro terrorizm 1960-yillarning oxirlarida vujudga kelgan va XX asr oxiri va XXI asr boshlarida sezilarli darajada rivojlangan terrorizmning oʻziga xos shakli hisoblanadi.
Xalqaro terrorizmning asosiy maqsadlari, davlat boshqaruvini tartibsizlantirish, iqtisodiy va siyosiy zarar yetkazish, ijtimoiy tuzum asoslarini buzish hisoblanadi.
Xalqaro terrorizmning umumiy qabul qilingan taʼrifi hali ishlab chiqilmagan. Koʻpincha bu atama siyosiy kurashda vosita sifatida ishlatiladi, har bir mamlakat u yoki bu guruhning „terrorchilar“ yoki „ozodlik kurashchilari“ga tegishli ekanligini aniqlaydi va terror aktlarining oʻzi mahalliy darajada amalga oshiriladi.
Xalqaro terrorizmning asosiy belgilari globallashuv, professionallashuv va ekstremistik mafkuraga tayanish sanaladi. Xudkush-terrorchilardan foydalanish, noanʼanaviy yadro, kimyoviy yoki bakteriologik qurollardan foydalanish tahdidi va oqilona yondashuv ham qayd etilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 2001-yil
28-sentabrdagi 1373-sonli rezolyutsiyasida „xalqaro terrorizm va transmilliy uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar savdosi, pul yuvish, noqonuniy qurol savdosi va yadroviy, kimyoviy, biologik va boshqa potentsial halokatli materiallarni noqonuniy tashish oʻrtasidagi yaqin aloqalar“ qayd etilgan. Mutaxassislar terrorchilarning texnik jihozlari oʻsib borayotganini va ularni ayrim davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlayotganini qayd etishadi.
Terrorchi tashkilotlar oʻz maqsadlariga erishish uchun internet, radio va televideniyedan keng foydalanib kelmoqda.
Xalqaro terrorizm xalqaro huquqiy tartib va davlatlararo munosabatlarga tahdid solishi bilan xavf tugʻdiradi. Xalqaro terrorizmning har qanday harakati bir necha davlat manfaatlariga daxl qiladi. Shuningdek harakatlarni bostirish yoki oldini olish uchun keng davlatlararo hamkorlik zarur hisoblanadi.
J.Ismoilov,
Qoraqalpog’iston Respublikasi Adliya vazirligi
Davlat xizmatlari ko’rsatilishi
ustidan nazorat qilish sho’basi,
Yetakchi maslahatchisi.
Manba, vikipediya ochiq ensiklopediya.