Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Korrupsiyaga qarshi kurash,maqsad va vazifalar


Korrupsiyaga qarshi kurash,maqsad va vazifalar

Taʼkidlash kerakki, korruptsiya keng qamrovli tushuncha boʼlib, avvalombor jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi. Bu esa z navbatida, barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy taʼsir etmay qolmaydi.
Shu bilan birga, fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, oʼz haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini koʼpaytiradi.
Shuningdek, siyosiy institutlar, jamoat tashkilotlari shaklan demokratik mezon, gʼarb andozasiga oʼxshasa-da, mazmun-mohiyatiga koʼra, zamon talabidan orqada qolmoqda, bu kamchilik esa oldinga siljishimizga xalaqit beradi.
Jamiyatda ustuvor soha — taʼlim tizimida tahsil oladigan oʼsmirlar, yoshlar ongida tolerantlikni uygʼotish muammosi oldimizda koʼndalang turibdi. “Jamiyatda poraxoʼrlik illatini yengib boʼlmaydi”, degan fikr yoshlar ongida shakllanib qolgani eng katta kamchiligimiz.
Bu borada oʼnglanish, siljish qilmasak, millatimiz obroʼsiga korruptsiya illati soya solib turaveradi. Toki, biz oilada, bogʼchada, maktabda oʼgʼil-qizlarimiz ongiga, ruhiyatiga tamagirlik, poraxoʼrlik yomon illatgina emas, balki u jamiyatimiz tanazzuli, iqtisodiyotimiz orqaga ketishi sababi ekanligi haqida koʼproq tarbiyaviy va targʼibot ishlarini olib bormasak, maqsad-muddaoga erisha olishimiz qiyin.
Soʼnggi yillarda yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan davlat xalqqa xizmat qilishi kerak, degan ulkan gʼoya fuqarolik jamiyati institutlariga tizim va dasturlarni ishlab chiqish imkoniyatini bergan edi.
Аmmo nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar bu borada tashabbus hamda tashkiliy ishlarni amalga oshirishni negadir paysalga solmoqda.
Yurtimizda keyingi yillarda xususan, 2017- yildan boshlab, mamlakatimizda “parlament nazorati”, “jamoatchilik nazorati”, degan atamalar taomilga kiritildi.
Bu borada ilk qonunlar qabul qilindi. Demak, biz mazkur sohada ishlaydigan tizimni tezlikda yaratishimiz, milliy mentalitetni hisobga olgan holda, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari ilgʼor tajribasini qoʼllashga oʼtishimiz lozim. Jamoatchilik nazoratisiz Oʼzbekistonda siyosiy tizim islohotlarini amalga oshirib boʼlmaydi.
Аyniqsa, modernizatsiya, yangilanish, islohotlar bilan korruptsiyaning bir-biriga “qoni qoʼshilmaydi”, yangilik bilan eskilik tarafdorlari, fan, innovatsiya, kreativ fikrlovchilar bilan eski byurokratiya avlodi oʼrtasida muttasil kurash davom etadi.
Mamlakatimizda ham siyosiy, ham iqtisodiy islohotlarni hayotga tatbiq etish paytida korruptsiya jiddiy toʼsiq boʼlayotgani jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Shu bois Yurtboshimiz boshlab bergan jamiyatni demokratlashtirish, modernizatsiyalash jarayonlari qiyinchilik bilan davom etmoqda. Iqtisodiyotning investitsiya kiritilgan, “pul ishlaydigan”, birmuncha “yogʼli” tarmoqlariga oʼrnashib olgan “korruptsiya halqasi” milliy taraqqiyotimizning dushmani, jamoat nazorati esa ularga qarshi kurashda ojizlik qilayotgani ham afsuski bor gap. Mamlakatda korruptsiya sxemalari, mehnat qilmasdan tezda boyib qolish mexanizmlari, ishlangan usullari “zanjiri” uzib tashlanmas ekan, davlatimizning har qanday siyosiy, iqtisodiy islohotini hayotga olib kirish, xalqni farovon qilish vazifasi qogʼozda qolib ketaveradi.
Korruptsiya va milliy taraqqiyot masalasi — yurt taqdiri, mamlakat kelajagi uchun har qachongidan muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi. Sababi yurtimiz aholisi bir asrlik mustamlakachilik davrida yoʼqotilgan moddiy hamda maʼnaviy boyliklar oʼrnini qayta tiklash, iqtisodiyotni rivojlantirish, milliy oʼzlikni asrash yoʼlida kechayu kunduz mehnat qiladigan davr keldi.
Muxtasar aytganda, korruptsiya — taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tugʼdiruvchi xavfli jinoyat.
Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi boʼlishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan boʼlamiz.

Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
Bekpulat Аvazmetov