Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

04

Qonunchilikda xotin-qizlar uchun qanday imtiyoz va preferentsiyalar mavjud


Qonunchilikda xotin-qizlar uchun qanday imtiyoz va preferentsiyalar mavjud

Taʼkidlash kerakki, mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning taʼlim va kasbiy koʼnikmalar olishi hamda bandligini taʼminlashga har tomonlama koʼmaklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qoʼllab-quvvatlash,shuningdek muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlarini tizimli oʼrganish, tahlil qilish va hal etish borasidagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida bir qator normativ hujjatlar qabul qilingan.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29- sentyabrdagi 516-sonli qarori bilan kollej va texnikumlarga toʼlov-kontrakt asosida oʼqishga qabul qilingan xotin-qizlar oʼquv yilining 10- oktyabriga qadar kollej yoki texnikum direktori nomiga davlat granti asosida oʼqish uchun ariza bilan murojaat qilishlari mumkin. Аrizalar taalluqliligi boʼyicha kollej va texnikumlar tomonidan 3 ish kunida koʼrib chiqiladi. Ular umumlashtirilgan holda, hududlardagi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalariga taqdim etiladi.
Shuningdek, Prezidentning PQ-323-sonli qaroriga koʼra, oʼtgan yildan buyon toʼlov-kontraktda oʼqiyotgan xotin-qizlarga imtiyozli foizsiz taʼlim krediti berilmoqda. Kreditlar kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shakliga beriladi.
Taʼlim kreditining asosiy qismi talabaning taʼlim muddati tugagandan soʼng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. Talaba qizlardan kredit olish uchun koʼp hujjatlar taʼlab etilmaydi. Ulardan bankka ariza, shaxsni tasdiqlovchi hujjat, taʼlim muassasasi bilan toʼlov-kontrakt shartnomasi va kafil taʼlab etiladi.
Аyrim toifadagi xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanoma beriladi
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 402-sonli qarori bilan, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy taʼlim muassasalari kirishda davlat granti asosidagi qabul doirasidagi tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma beriladi.
Tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida taqdim etiladi:
kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlar;
toʼliqsiz oilada tarbiyalanayotgan, yaʼni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
turmush oʼrtogʼi vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolgʼiz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
nogiron farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
2 va undan ortiq farzandini tarbiyalayotgan, qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolgʼiz ayollarning qiz farzandlari;
ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham I yoki II guruh nogironi boʼlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma olish uchun tuman (shahar) mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash boʼlimlariga elektron shaklda murojaat qilinadi.
Shu bilan birga, Hukumatning 447-sonli qarori bilan qabul qilingan tegishli nizomda OTM magistraturasida oʼqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt toʼlovlarini qoplab berish tartibi belgilangan.
OTM, shu jumladan, Davlat boshqaruv akademiyasi, Bosh prokuratura akademiyasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida oʼqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-toʼlovlari qaytarish shartisiz qoplanadi.
Buning uchun davlat OTMning magistratura bosqichiga toʼlov-kontrakt asosida qabul qilingan va taʼlim olayotgan talaba xotin-qizlar oʼquv yili uchun toʼlov-kontraktning toʼliq summasini qoplab berish yuzasidan oʼzlari oʼqiydigan OTM rektori nomiga 15 sentyabrgacha ariza bilan murojaat etadi.
Shuningdek, Prezidentning 2021-yil 5-mart kungi PQ-5020-sonli qarori bilan xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʼarmasi hisobidan 3 yilgacha va 6 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada 33 million soʼmgacha kreditlar beriladi.
Buning uchun ular quyidagi dasturlardan birini muvaffaqiyatli tugatgan boʼlishi kerak:
Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi maʼqullangan dasturlar asosidagi oʼquv kurslari;
"Ishga marhamat" monomarkazlari, kasb-hunarga oʼqitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga oʼqitish maskanlari va Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat taʼlim muassasalarining kasbga oʼrgatish oʼquv kurslarining maxsus oʼqitish dasturlari.
Bundan tashqari, Prezidentning 2019-yil 7-mart kungi PQ-4235-son qarori bilan, ayollarning pensiya yoshiga toʼlganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga toʼlgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga koʼra bekor qilish taqiqlanadi.
Erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bogʼliq ishlarning sudlarda koʼrib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan koʼrsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga koʼra davlat hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 285-sonli qarori bilan, uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga beriladigan arzon uy-joylar toʼlovining 10 foizi Xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʼarmasi, talabgor ishlayotgan tashkilot va boshqa manbalar hisobiga (boshlangʼich badal sifatida), 90 foizi banklarning imtiyozli kreditlari hisobiga qoplanadi.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31- mart kungi 145-sonli qarori bilan, "Аyollar daftari"ga kiritilgan va oʼzini oʼzi band qiladigan xotin-qizlarga ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish (kasanachilik, hunarmandchilik, issiqxona qurish va shu kabilar uchun zaruriy xom ashyo, ehtiyot qism hamda qurilish mollarini sotib olish) maqsadida 5 mln soʼmgacha miqdorida kredit mablagʼlari naqd pulda berilishi mumkin.
“Аyollar daftari” ga 30 yoshdan oshgan quyidagi xotin-qizlar kiritiladi:
ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar;
tadbirkorlik qilish istagida boʼlgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
boquvchisi boʼlmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;

ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi boʼlgan, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
uy-joyga muhtoj xotin-qizlar;
qaramogʼida nogironligi boʼlgan farzandlari bor ehtiyojmand xotin-qizlar.
Shuningdek,Vazirlar Mahkamasining 257-sonli qarori bilan, jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʼrsatgan ayollar "Moʼʼtabar ayol" koʼkrak nishoni bilan taqdirlanadi. Shuningdek, mazkur koʼkrak nishoni oʼzining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga, sogʼlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish va milliy qadriyatlarimizni keng targʼib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarga ham beriladi.
Bundan tashqari, Prezidentning PQ–329-son qarori bilan, mehnatga layoqatli, nogironligi boʼlgan xotin-qizlarni ish bilan taʼminlagan ish beruvchilar uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari (600 ming soʼm) dan kam boʼlmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
“Аyollar daftari”ga kiritilgan yolgʼiz ayollarning farzandlari ham bogʼchaga imtiyozli roʼyxat asosida qabul qilinadi
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2023y.il 28 sentyabr kungi 319-sonli qarori bilan, “Аyollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʼiz ayollarning bolalari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega.
Bolalarni imtiyozli roʼyxat boʼyicha qabul qilish davlat-xususiy sheriklikka asoslangan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
Bekpulat Аvazmetov