Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

04

Bola huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslari


                    Bola huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslari

Taʼkidlab oʼtish kerakki, mamlakatimizda yangi Oʼzbekiston kelajagi boʼlgan yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va ularning yorqin kamolatiga bevosita yurtboshimiz rahbarligida davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishi sifatida eʼtibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda, yurtimizda bolalarni ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, maʼnaviy jihatdan himoya qilish boʼyicha juda koʼplab ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish boʼyicha tegishli huquqiy baza shakllangan desak hech mubolagʼa boʼlmaydi.
Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi, Jinoyat kodeksi va boshqa bir qator qonun hujjatlarida bolalar huquqlarini himoya qilishga oid normalar oʼz  ifodasini topgan.
Shu asnoda, 1989-yilda imzolangan Bola huquqlari toʼgʼrisidagi Konvensiya Oʼzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin ratifikatsiya qilgan eng birinchi xalqaro-huquqiy hujjatlardan hisoblanadi. 1992-yilda mazkur Konvensiyaga qoʼshilib, Oʼzbekiston bola huquq va erkinliklarini taʼminlash boʼyicha bir qancha xalqaro-huquqiy majburiyatlarni oʼz zimmasiga oldi.
Bundan tashqari, Konvensiya qoidalariga koʼra, Oʼzbekiston Respublikasi Birlashgan millatlar tashkilotining bola huquqlari boʼyicha qoʼmitasiga Konvensiyaning bajarilishi toʼgʼrisida doimiy ravishda hisobotlar ham taqdim etib turadi.
Shuni taʼkidlash joizki, bola huquqlarini himoya qilish sohasida qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun Oʼzbekiston xalqaro huquqiy normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yoʼlida katta ishlarni amalga oshirmoqda.
Аmaldagi qonunchilikda bolalarning huquq va manfaatlariga, shuningdek ularning himoyasiga alohida eʼtibor berilmoqda.
Maʼlumki, bola huquqlari sohasida qonunchilikning asosini Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tashkil etadi. Unga muvofiq bolada tugʼilishi bilanoq inson va fuqaroning huquq, erkinliklari vujudga keladi hamda ular davlat tomonidan kafolatlanadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasiga koʼra bolalar ota-onalarining kelib chiqishi va fuqarolik holatidan qatʼiy nazar qonun oldida tengdirlar.
Bolalarning huquqlarini himoya qilish boʼyicha amalda boʼlgan qonunchilik Konstitutsiyamiz normalarini Bola huquqlari haqidagi Konvensiyaga muvofiq holda takomillashtirishga yoʼnaltirilgan.
Konvensiya talablariga muvofiq bola huquqlarini mustahkamlagan va ularning himoya qilinish shakllarini takomillashtirgan Fuqarolik va Oila kodekslarining qabul qilinishi bola huquqlari himoyasi boʼyicha qonunchilik rivojiga jiddiy hissa qoʼshdi.
Bola huquqlari toʼgʼrisida konvensiya BMTning bolalikni muhofazalash bobidagi eng universal hujjati hisoblanadi. Unda mustahkamlab qoʼyilgan bola huquq va manfaatlarining barcha qirralarini “Bola huquqlarining kafolatlari toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuni qamrab olgan.
Mazkur “Bola huquqlarining kafolatlari toʼgʼrisida”gi Qonunning eng asosiy jihatlaridan biri, unda bola huquqlarini taʼminlashga qaratilgan qariyb barcha qoidalarning jam qilinganligidir.
Mazkur qonun hujjati Bola huquqlari toʼgʼrisidagi Konvensiya, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bola huquqlarining asosiy va qoʼshimcha kafolatlarini oʼz ichiga olgan.
Shu bilan bir qatorda, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 6- fevraldagi “Oʼzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan Oʼzbekiston Respublikasida 2014-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan 7-boʼlim, 67-banddan iborat qoʼshimcha chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi va oldimizda turgan vazifalar belgilab berildi.
Ushbu Dastur tom maʼnoda, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini taʼminlashga, ularning taʼlim-tarbiyasini yanada yaxshilashga qaratilgan ulkan qadam boʼldi va hech bir shubhasiz, “Oʼzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʼgʼrisida”gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish belgilanganligi ham bugungi kunda yoshlar kamolotiga davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishi sifatida eʼtibor qaratilayotganligidan dalolat beradi.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
Bekpulat Аvazmetov