Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

03

Davlatimiz gerbi – faxrimiz, gʼururimiz


                                 Davlatimiz gerbi – faxrimiz, gʼururimiz

Maʼlumki,mamlakat va jamiyat taraqqiyoti hamda uning barqarorligida davlat ramzlarining alohida oʼrni bor. Shu maʼnoda, gerbimiz davlat va jamiyat hayoti, uning jahon hamjamiyatidagi oʼrni hamda rolini koʼrsatishda muhim ahamiyatga ega boʼlib, har birimiz uchun iftixor timsoli hisoblanadi.
Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq yangi davlat, yangi jamiyat qurish yoʼlidagi islohotlar jarayonida xalqimizning milliy gʼururini koʼtarishga, ozod va obod Vatan barpo etishga boʼlgan intilishi, shijoatini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Davlatimiz ramzlari, jumladan, gerb loyihasi ishlab chiqilib, keng muhokamalar asosida qabul qilingani bu borada muhim ishlardan biri boʼldi.
Davlat gerbi Oʼzbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi 616-XII-sonli «Oʼzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʼgʼrisida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
Davlatimiz gerbi tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qogʼoz va tanga pullarda, qimmatli qogʼozlar va fuqarolik pasportida hamda qonunda belgilangan boshqa hujjatlardan joy olmoqda. Oʼzbekiston gerbi davlatimiz chegaralarida oʼrnatildi.
Mamlakatimiz gerbimizdagi har bir rang, chiziq, belgi chuqur ramziy maʼnoga ega. Baland togʼlar orasidan oqayotgan daryolar - hayot boqiyligi ramzi boʼlsa, gerbning soʼl tomonidagi bugʼdoy boshoqlari rizq-roʼzimiz butunligini, oʼng tomonidagi qiygʼos ochilgan paxta yurtdoshlarimiz qalbi, niyati pokligini, beqiyos boyliklarimizni aks ettiradi.
Davlatimiz gerbining yuqori qismida mamlakatimiz jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan. Musamman ichidagi yarim oy - qoʼlga kiritilgan mustaqilligimizni, yulduz xalqimiz hamisha komillikka intilishi va saodatga eltuvchi yoʼlni tanlaganini bildiradi.
Bu timsollar milliy anʼana va qadriyatlarimizning boqiyligi, maʼnaviyatimiz yuksakligi, iroda va eʼtiqodimiz mustahkamligi ramzidir.
Yurtimiz gerbida gullagan vodiy uzra nur sochayotgan quyosh tasviri zaminimizning serquyoshligiga, xalqimiz intilayotgan nurafshon manzillarga ishoradir.
Mamlakatimiz gerbining markazidagi qanotlarini keng yoyib turgan Humo qushi qadimdan baxt va davlat qushi, erk, saodat, himmat, olijanoblik, omad timsoli hisoblangan.
Gerbning pastki qismida, bayrogʼimizni eslatuvchi chambar bandida zarhal harflar bilan barchamiz uchun aziz va muqaddas boʼlgan «Oʼzbekiston» soʼzi bitilgan.
Har bir yurtdoshimiz gerbimizda aks etgan yuksak maʼno-mazmundan cheksiz gʼurur tuyadi. 2010 yil 25 dekabrdan kuchga kirgan “Oʼzbekiston Respublikasining Davlat ramzlari haqidagi ayrim qonun hujjatlariga va Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksiga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan davlatimiz gerbidan foydalanish qoidalari yanada mustahkamlandi. Mazkur hujjatga koʼra, Oʼzbekiston Respublikasi Davlat gerbining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yoʼl qoʼyilmaydi. Oʼzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oʼtkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas. Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari Oʼzbekiston Respublikasining Davlat gerbiga oʼxshash boʼlishi mumkin emas.
Davlatimizning barcha ramzlari qatori gerbimiz ham hayotimizdan, qalbimizdan chuqur oʼrin egallab, Vatanimiz mustaqilligining chinakam timsollaridan biriga aylandi.
Xulosa oʼrnida aytganda, barcha davlat ramzlari qatori gerb ham xalqimizning shaʼnu shavkati, gʼururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va orzu-umidlarini oʼzida mujassam etadi.

Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
Bekpulat Аvazmetov