Янгиликлар
01
Nogironligi boʼlgan shaxslarga soliq imtiyozlari
Nogironligi boʼlgan shaxslarga soliq imtiyozlari
Taʼkidlash kerakki, Oʼzbekiston Respublikasining Soliq qonunchiligida nogironligi boʼlgan shaxslarni hamda nogironligi boʼlgan shaxslar mehnatidan foydalanadigan korxonalarni qoʼllab-quvvatlash maqsadida bir qator soliq imtiyozlari belgilangan.
Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 158-moddasiga muvofiq, ishlovchilari umumiy sonining 3 foizidan koʼprogʼini nogironlar tashkil etgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʼi summasi ushbu qismda belgilangan normadan ortiq ishga joylashtirilgan nogironlarning har bir foiziga yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʼining summasi bir foiz kamaytiriladigan hisob-kitob asosida kamaytiriladi;
yuridik shaxslar protez-ortopediya buyumlari, nogironlar uchun inventarlar ishlab chiqarishdan, shuningdek nogironlarga ortopedik protezlash xizmati koʼrsatishdan, nogironlar uchun moʼljallangan protez-ortopediya buyumlari va inventarlarni taʼmirlash hamda ularga xizmat koʼrsatishdan olingan foydasi yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʼini toʼlashdan ozod qilinadi.
Soliq kodeksining 179-moddasiga muvofiq, yuridik shaxslar tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi hududida joylashgan sanatoriy-kurort va sogʼlomlashtirish muassasalariga yoʼllanmalar qiymatini nogironlarga, shu jumladan mazkur korxonada ishlamaydigan nogironlarga toʼliq yoki qisman qoplash summalariga soliq solinmaydi;
Bundan tashqari, Soliq kodeksining 80-moddasiga muvofiq, bolalikdan nogiron boʼlib qolganlar, shuningdek I va II guruh nogironlari soliq solishdan qisman (daromad olingan har bir oy uchun eng kam ish haqining toʼrt baravari miqdoridagi daromadlar boʼyicha) ozod qilinadi.
Shu bilan bir qatorda, 275-moddasiga binoan, I va II guruh nogironlarining mulkida boʼlgan mol-mulkka qonun hujjatlarida belgilangan soliq solinmaydigan maydon oʼlchami doirasida (60 kv.m hajmida) jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq solinmaydi;
Shuningdek, 282-moddasiga muvofiq, nogironlarning jamoat birlashmalari, "Nuroniy" jamgʼarmasi va "Oʼzbekiston chernobilchilari" assotsiatsiyasi mulkida boʼlgan, ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizini nogironlar,
1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari tashkil qilgan yuridik shaxslar yer soligʼini toʼlashdan ozod qilinadi, bundan savdo, vositachilik, taʼminot-sotish va tayyorlov faoliyati bilan shugʼullanuvchi yuridik shaxslar mustasno;
290-moddasiga muvofiq, I va II guruh nogironlari yer soligʼidan ozod qilinadilar;
311-moddasiga muvofiq, I va II guruh nogironi boʼlgan shaxslar uchun esa yagona ijtimoiy toʼlovning miqdori uning belgilangan eng kam miqdorining kamida 50 foizi miqdorida oʼrnatiladi;
324-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan qoʼl bilan boshqarishga moslashtirilgan yengil avtomobilni va (yoki) motoaravachani oluvchi barcha guruhlardagi nogironlar avtotransport vositalarini olish va (yoki) Oʼzbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yigʼimni toʼlashdan ozod qilinadilar;
Soliq kodeksining 358-moddasiga muvofiq, yagona soliq toʼlovini toʼlashdan nogironlarning jamoat birlashmalari, “Nuroniy” jamgʼarmasi va “Oʼzbekiston chernobilchilari” assotsiatsiyasi mulkida boʼlgan, ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizini nogironlar, 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari tashkil etadigan yuridik shaxslar ozod qilinadi, bundan savdo, vositachilik, taʼminot-sotish va tayyorlov faoliyati hamda lotereyalar tashkil etish faoliyati bilan shugʼullanuvchi yuridik shaxslar mustasno.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boligʼi
Bekpulat Аvazmetov