Янгиликлар
01
Gender tenglikni taʼminlash sohasidagi islohatlar
Gender tenglikni taʼminlash sohasidagi islohatlar
Taʼkidlash joyizki, soʼnggi yillarda yurtimizda gender tenglik masalasi Oʼzbekistonda davlat siyosati darajasiga koʼtarildi.
Shu asnoda, Oʼzbekistonda bir qator qonun hujjatlari, jumladan, Prezidentning xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash, xususan, gender tengligi va ayollarni zoʼravonlik va zulmdan himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqomini kuchaytirish toʼgʼrisidagi farmon va qarorlar ham qabul qilingan.
Xususan, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama taʼminlash masalalariga oid 40 dan ziyod normativ- huquqiy hujjatlar, jumladan, “Xotin-qiz¬lar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʼgʼrisida” hamda “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʼgʼrisida”gi yangi qonunlar qabul qilindi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi oʼrnini mustahkamlashga qaratilgan huquqiy himoya va huquqiy kafolat siaftida Oʼzbekiston Respublikasining 2019- yilning 2 -sentyabrida “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilish toʼgʼrisida”gi OʼRQ-562-son Qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonun tom maʼnoda, BMTning inson huquqlari boʼyicha xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyor va standartlariga toʼliq mos keladi.
Ushbu qonun tom maʼnoda, yurtimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʼnalishlari, ushbu sohada davlat boshqaruvi mexanizmlari belgilab berilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Binobarin, mazkur qonunda gender tushunchasi ham qayd etilgan boʼlib, unga koʼra, gender — xotin-qizlar va erkaklar oʼrtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, taʼlim hamda ilm-fan sohalarida namoyon boʼladigan ijtimoiy jihati koʼrsatilgan. Demak, gender tushunchasi faqat ayollar manfaatlarini ifodalamaydi. Balki har ikki jins vakillarining oʼz orzu va maqsadlari sari dadil odimlashi, hayot sifatini oshirish uchun bir xil imkon berish kerakligini ilgari suradi.
Eʼtirof etish joyizki, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida «Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar», deb belgilangan boʼlib,yurtimizda gender tengligining ham xalqaro huquqiy ham, konstitutsiyaviy huquqiy asosi kafolatlanganligidan darak beradi.
Shu bilan bir qatorda,yurtimizda gender tenglik boʼyicha bir qator institutsional choralar ham bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida ayollar huquqlarini taʼminlash va kamsitishning har qanday shakliga barham berish boʼyicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uygʼunlashtirish bilan shugʼullanuvchi yangi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʼmitasi tashkil qilingan.
Shuningdek, Oʼzbekistan xotin-qizlarni kamsitish va taʼqib qilishning barcha shakllaridan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya etishni nazarda tutuvchi xalqaro shartnomalarga ham qoʼshildi.
Bundan tashqari, mehnatga oid huquqlarning kafolatlari va qoʼllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, uydagi zoʼravonlik qurbonlariga yordam berish maqsadida Zoʼrlik ishlatishdan jabr koʼrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʼz joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi va Xotin-qizlar tadbirkorligi markazi, Hukumat huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi kabi yangi tuzilmalar tashkil topdi.
Eʼtiborli jihati shundaki, bugungi yangilanayotgan Oʼzbekiston jamiyatida ayollarning siyosat va iqtisodiyotga keng jalb qilinishi tufayli gender tengligi borasida oʼzgarishlar, siljishlar, hattoki yutuqlar koʼzga tashlanmoqda.
Аyniqsa, siyosatda ayollar faollashganining guvohimiz yaʼni davlat boshqaruvida, sudlov tizimida, ichki ishlar, bojxona tizimida ham xotin-qizlarning mehnat qilayotgani ayni haqiqatdir.
Muhim jihatlardan yana bir tomoni, “Saylov toʼgʼrisida”gi qonunning 4-bobida “Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari” ga bagʼishlangan hamda qonunning 18-moddada saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash huquqi yaʼni, xotin-qizlar va erkaklar hokimiyat vakillik organlariga saylash va saylanishda teng huquqlarga egaligi qayd etilgan.
Xulosa oʼrnida aytganda, mamlakatimizda gender tenglik sohasida qabul qilinayotgan normativ-meʼyoriy hujjatlar va amaliy chora-tadbirlar Oʼzbekistonning gender siyosati sohasidagi muhim qadamlaridan biri boʼldi desak, aslo xato boʼlmaydi.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi,
2-darajali adliya maslahatchisi
Bekpulat Аvazmetov