Янгиликлар
28
Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi
Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasining 25.06.2024-yildagi “Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 354-son qarori qabul qilinib, “Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglament quyidagi tartiblarni nazarda tutadi:
● xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarini Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlariga joylashtirish va vaqtincha boshpana bilan ta’minlash hamda ulardan chiqarish;
● himoya orderlarini va jabrlangan shaxslarga doir ma’lumotlarni rasmiylashtirish va ularni real vaqt rejimida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali “Inson” markazlariga yuborish;
● xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga “Inson” markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va ularning monitoringi.
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ro‘yxatga olinadi.
So‘ngra tazyiq va zo‘ravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:
● xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkaziladi;
● profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;
● tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga joylashtiriladi.
Tajibaev Rustam Baxadirovich
Qonliko‘l tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i