Янгиликлар
24
Qonunchilikdagi yangiliklar
Qonunchilikdagi yangiliklar
“Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Prezident Farmoniga (PF-89-son, 10.06.2024 y.) ko’ra Jinoyat ishlari boʼyicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi.
Farmonga koʼra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab:
jinoyat ishlari boʼyicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari boʼyicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan koʼrib chiqilishi tartibi joriy etiladi;
jinoyat ishlari boʼyicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritiladi;
jinoyat ishlari boʼyicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanktsiyalar faqatgina apellyatsiya instantsiyasida Qoraqalpogʼiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Oʼzbekiston Respublikasi harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta koʼrib chiqilishi tartibi belgilandi;
tergov sudyalariga maʼmuriy huquqbuzarliklar toʼgʼrisidagi ishlarni koʼrib chiqish vakolati beriladi;
tergov sudyalari tomonidan koʼrib chiqiladigan maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishlarni yuqori instantsiyalarda qayta koʼrib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.
Farmonga muvofiq, tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini, shu jumladan sanktsiyalar va majburlov choralarini qoʼllash masalasini koʼrib chiqish vakolati beriladi:
quyidagilar boʼyicha sanksiyalar:
qamoqqa olish yoki uy qamogʼi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʼllash bilan bogʼliq iltimosnoma;
qamoqda saqlash yoki uy qamogʼi muddatini uzaytirish masalalari bilan bogʼliq iltimosnoma;
pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʼxtatib turish toʼgʼrisidagi iltimosnoma;
murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma;
pochta-telegraf joʼnatmalarini xatlash toʼgʼrisidagi iltimosnoma;
tintuv oʼtkazish haqidagi iltimosnoma;
telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʼzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma;
mol-mulkni xatlash toʼgʼrisidagi iltimosnoma;
quyidagilar boʼyicha majburlov choralari:
ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʼgʼrisidagi iltimosnoma;
shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma;
ayblanuvchining tibbiy muassasada boʼlishi muddatini uzaytirish toʼgʼrisidagi iltimosnomasi;
ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish toʼgʼrisidagi iltimosnoma;
Prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) koʼrsatuvlarini oldindan mustahkamlash toʼgʼrisidagi iltimosnomasi.
Tergov sudyasi oʼz faoliyatini mustaqil amalga oshiradi hamda faqat qonunga boʼysunadi yo’nalishida quyidagilar:
tergov sudyasi oʼz faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga boʼysunadi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʼliq boʼlmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yoʼl qoʼyilmaydi;
tergov sudyalarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek, sudyalar korpusini shakllantirish qonunda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi;
tergov sudyasining tashkiliy faoliyatiga rahbarlik tegishincha Qoraqalpogʼiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Harbiy sud raislari tomonidan amalga oshiriladi.
Qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini taʼminlash tergov sudyasi faoliyatining asosiy yoʼnalishlaridan biri etib belgilandi.
Tergov sudyasi lavozimi uchun shtat birliklari sudlarning mavjud shtat birliklari hamda 2025–2027 yillar uchun ajratiladigan qoʼshimcha shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.
Amudaryo tumani adliya bo’limi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti A.Z.Tojiboyev