Янгиликлар
04
Notarial idorani tashkillashtirishda minimal qoidaga amal qilish majburiyati
Notarial idorani tashkillashtirishda minimal qoidaga amal qilish majburiyati
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 martdagi «Nodavlat notarial faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 156-son qarorining 1-ilovasiga asosan tasdiqlangan «Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 28-35-bandlarida Notarius faoliyat yuritadigan binolar haqida tartiblar belgilangan.
Ushbu Nizomda notarius faoliyat yuritadigan bino notariusga mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqi asosida tegishli bo‘lishi lozimligi belgilangan.
Ushbu binoga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning asli yoki ularning nusxasi notariusda saqlanishi lozimligi ko‘rsatilgan.
Bino notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat etuvchi shaxslarning erkin kirishini ta'minlaydigan joyda joylashishi kerakligi, binoda fuqarolarning notarius huzuriga kirishi, notarial harakatlar maxfiyligi, notarial ish yuritish hujjatlari, materiallari va notarial arxivning but saqlanishi, to‘lovlarni qabul qilish, audio va videoda qayd etish uchun shart-sharoitlar ta'minlanishi lozimligi, notarius o‘z faoliyatini faqat bitta binoda amalga oshirilishi, ikki yoki undan ortiq notariuslar o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun bitta binoda joylashishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, ushbu Nizomda notarius faoliyatini tashkil etish uchun minimal talablar belgilangan. Masalan, bino notarius ish faoliyatini amalga oshiradigan notarial okrug hududida joylashgan bo‘lishi kerak, binoda nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘sqinliksiz kirishi uchun sharoitlar (pandus yoki lift) mavjud bo‘lishi lozim, bino qo‘riqlash va yong'in xavfsizligi tizimiga ega bo‘lishi, sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilinishi, notarial harakatniamalga oshirish va hujjatlar saqlanishi uchun maxsus jihozlangan alohida xona arxiv mavjud bo‘lishi, notariusning muhri, shtamplari, qat’iy hisobda turadigan maxsus gerbli blankalar saqlanadigan po‘lat seyf yoki temir javon mavjud bo‘lishi, notarius xodimlarining faoliyat yuritishi uchun zarur kompyuter to‘plami va boshqa texnik jihozlar (printer, skaner, lyuvers, modem qurilmalari, barmoq izini olish uskunasi, audio va videoda qayd etish vositalari)ga ega bo‘lishi, telefon va internet aloqasi bilan ta'minlangan bo‘lishi, notarius litsenziyasining nusxasi, notarial harakatlar namunalari, talab qilinadigan hujjatlar, notarial harakat uchun to‘lovlar va ish tartibi to‘g‘risida axborotlar ko‘rsatilgan peshlavhalar yoki elektron axborot beruvchi vositalar mavjud bo‘lishi, notarial harakatlarning maxfiyligini ta'minlash maqsadida notarius fuqarolarni qabul qiladigan xona alohida bo‘lishi hamda u tabiiy yoki sun’iy yoritish tizimiga ega bo‘lishi, notarius hamda uning xodimlari xonasi videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan bo‘lishi, bunda videoyozuvlar kamida bir oy davomida saqlanishi ta'minlanishi, notarius huzurida navbatda turgan shaxslarning kutish xonasi zarur yorug‘lik bilan ta'minlanishi, etarli maydonga, o‘rindiq va mebel jihozlariga, shuningdek, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish va fuqarolarning kutishi uchun zarur predmetlar bilan jixozlangan bo‘lishi kerakligi belgilangan.
Nodavlat notariuslarga qoyilgan bunday minimal talablar notariuslar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta'minlashda va ularga malakali, sifatli va adolatli xizmat ko‘rsatish uchun asos bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi
Notariat, advokatura va huquqiy xizmatlar bo‘limi
bosh maslahatchisi N.Erniyazova