Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

04

Referendum oʼtkazish tartibi


Referendum oʼtkazish tartibi

Oʼzbekiston Respublikasining referendumi Oʼzbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir.
Referendum saylovlar bilan bir qatorda xalq irodasining bevosita ifodasidir.
Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega boʼladi.
Аgar referendumda qabul qilingan qarorlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʼlmasa, referendumda qabul qilingan qarorlar faqat referendum yoʼli bilan bekor qilinishi yoki oʼzgartirilishi mumkin.
Referendumda kimlar ishtirok etish huquqiga ega?
Referendum oʼtkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida oʼn sakkiz yoshga toʼlgan Oʼzbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir.
Oʼzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan Oʼzbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga toʼla haqlidir.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek ogʼir va oʼta ogʼir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar referendumda ishtirok etish huquqiga ega emaslar.
Kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, maʼlumoti, tili, dinga munosabati, mashgʼulotining turi va xususiyatiga qarab fuqarolarning referendumda qatnashish huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash man etiladi.
Referendum okruglarini tuzish tartibi qanday?
Referendum okruglari Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralarida tuziladi.
Referendum okruglarining referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʼlgan fuqarolar soni va referendum oʼtkazuvchi okrug komissiyalari joylashgan yer koʼrsatilgan roʼyxatlari referendum tayinlash toʼgʼrisidagi qaror eʼlon qilinganidan keyin kechi bilan besh kun ichida Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilinadi.
Ovoz beruvchi fuqarolarning roʼyxatlarini tuzish tartibi qanday?
Referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʼlgan, roʼyxat tuzilayotgan vaqtda mazkur referendum uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilib kelayotgan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari ovoz beruvchi fuqarolar roʼyxatiga kiritiladi.
Roʼyxatga ovoz beruvchi har bir fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʼilgan sanasi va turar joy manzili kiritiladi.
Har bir fuqaro ovoz beruvchilarning faqat bitta roʼyxatiga kiritilishi mumkin.
Ovoz beruvchi fuqarolarning roʼyxatlari Oʼzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʼyxati asosida tuziladi.
Referendumda ovoz berish vaqti va joyi
Ovoz berish referendum kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha oʼtkaziladi. Ovoz berish vaqti va joyi toʼgʼrisida uchastka komissiyasi referendum oʼtkaziladigan kunga kamida oʼn kun qolganda fuqarolarni xabardor qiladi.
Oʼzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, shuningdek olis va borish qiyin boʼlgan yerlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalarida, agar roʼyxatga kiritilgan barcha fuqarolar ovoz berib boʼlgan boʼlsa, uchastka komissiyasi ovoz berish tugaganligini istalgan vaqtda eʼlon qilishi mumkin.
Referendumda ovoz berish tartibi qanday?
Referendumda ovoz berish byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida toʼldiriladi. Ovoz berish byulletenini toʼldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir boʼlishi taqiqlanadi. Byulletenni mustaqil ravishda toʼldirish imkoniga ega boʼlmagan fuqaro oʼz xohishiga koʼra, referendum oʼtkazuvchi komissiya tarkibiga kiradigan shaxslardan, kuzatuvchilardan boshqa biron kishini kabina yoki xonaga taklif qilishga haqlidir.
Fuqarolar referendumga qoʼyilgan masalaga qarshi ovoz beradigan boʼlsalar, masala taʼrifi matnini oʼchiradilar yoki masalani yoqlab ovoz beradigan boʼlsalar, uni oʼchirmaydilar.
Toʼldirilgan byulletenni fuqaro ovoz berish qutisiga tashlaydi. Ovoz berish qutilari referendum oʼtkazuvchi uchastka komissiyasi aʼzolariga hamda kuzatuvchilarga koʼrinib turishi kerak.
Buzib qoʼyilgan ovoz berish byulleteni fuqaroning iltimosiga koʼra yangisi bilan almashtirilishi mumkin. Buzib qoʼyilgan ovoz berish byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi va alohida saqlanishi lozim.
Bu yilgi referendum qachon oʼtkaziladi va Konstitutsiyaga nechta yangi modda kiritilyapti?
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilyapti, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshadi, Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga koʼpayadi, yaʼni amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanadi. Yangilangan Konstitutsiya jamiyatimiz hayotining barcha yoʼnalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yoʼlida eng muhim huquqiy poydevor boʼlib xizmat qiladi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilgan yangi normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirishga, shu jumladan, davlat hokimiyatining yanada samarali tashkil qilinishiga yordam beradi.

Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
Bekpulat Аvazmetov