Янгиликлар
29
Referendum o‘tkazish tartibi
Referendum o‘tkazish tartibi
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni 2001 yil 30 avgust kuni yangi tahrirda qabul qilingan.
«Referendum» so‘zining ma’nosi davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan muhim masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan va ba’zan qonunlar qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan umumxalq so‘rovi, ovoz berish yo‘li bilan xalq fikrini aniqlashdir.
O‘zbekiston Respublikasining referendumi respublika qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir. Referendum saylovlar bilan bir qatorda xalq irodasining bevosita ifodasi bo‘lib, unda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘ladi.
Agar referendumda qabul qilingan qarorlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarorlar faqat referendum yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Referendum O‘zbekiston Respublikasining butun hududida o‘tkaziladi.
Referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir. O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga to‘la haqlidir.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar referendumda ishtirok etish huquqiga ega emas.
Kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi va xususiyatiga qarab, fuqarolarning referendumda qatnashish huquqini bevosita yoki bilvosita cheklash man etiladi.
Referendumda ovoz berish byulleteni fuqaro tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida to‘ldiriladi. Ovoz berish byulletenini to‘ldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi. Byulletenni mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniga ega bo‘lmagan fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi komissiya tarkibiga kiradigan shaxslardan, kuzatuvchilardan boshqa biron kishini kabina yoki xonaga taklif qilishga haqlidir.
Fuqarolar ovoz berish byulletenida referendumga qo‘yilayotgan masala bo‘yicha o‘zi ovoz berayotgan variant ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga ko‘rsatilgan belgilardan birini qo‘yadi.
To‘ldirilgan byulletenni fuqaro ovoz berish qutisiga tashlaydi. Ovoz berish qutilari referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi a’zolariga hamda kuzatuvchilarga ko‘rinib turishi kerak.
Buzib qo‘yilgan ovoz berish byulleteni fuqaroning iltimosiga ko‘ra, yangisi bilan almashtirilishi mumkin. Buzib qo‘yilgan ovoz berish byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi va alohida saqlanishi lozim.
Ayrim fuqarolar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablar bilan ovoz berish binosiga kela olmasa, ularning iltimosiga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi ovoz berishni ana shu fuqaro turgan joy bo‘yicha, ko‘chma ovoz berish qutilaridan foydalanib tashkil etadi.
2023 yil 18 dekabrdagi O‘RQ-883-son Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
O‘zgartirish va qo‘shimchalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida o‘tkazishni, shuningdek saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirishni, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirishni, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishni hamda siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotgan ayollar sonini oshirishni nazarda tutadi.
Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis palatalari tomonidan 9 nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi va doimiy asosda faoliyat yuritadi (ilgari 15 nafar edi). Markaziy saylov komissiyasining 1 nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili bo‘ladi.
Qonunga asosan, mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida 5 yil muddatga o‘tkaziladi.
Yagona saylov okrugi bo‘yicha saylanadigan Qonunchilik palatasining deputatlik o‘rinlari ushbu saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan ko‘proq foizini to‘plagan siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlanadi.
Agar saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan ko‘proq foizini faqat bitta siyosiy partiya to‘plagan bo‘lsa, unda deputatlik o‘rinlari saylovchilarning eng ko‘p ovozini to‘plagan ikkinchi siyosiy partiyaga ham taqsimlanadi.
Tajibaev Rustam Baxadirovich
Qonliko‘l tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i