Янгиликлар
28
Аdliya organlari va muassasalariga qoʼshimcha vazifalar yuklandi
Аdliya organlari va muassasalariga qoʼshimcha vazifalar yuklandi
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-may kuni “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʼgʼrisida” PF-80-son Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan quyidagilar adliya organlarining qoʼshimcha faoliyat yoʼnalishlari etib belgilandi:
*aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish boʼyicha amaliy choralar koʼrib borish;
*joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish;
*fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam koʼrsatish tizimini yoʼlga qoʼyish va muvofiqlashtirib borish;
*davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlarida yagona huquqni qoʼllash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam koʼrsatib borish.
Muhim oʼzgarishlardan biri, farmon bilan tuman (shahar) adliya boʼlimlariga qoʼshimcha vazifalar yuklatildi
*joylarda aholi tomonidan koʼtarilayotgan dolzarb muammolarni koʼrib chiqish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Аdliya kuni” tadbirlarini oʼtkazish.
Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini koʼrsatib borish;
*uyma-uy yurish va “Huquqiy koʼmak” aksiyalarini oʼtkazish orqali fuqarolar kundalik hayotida aniqlanadigan huquqiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish boʼyicha takliflar tayyorlash;
*“mahalla yettiligi”ga qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini oddiy va xalqchil tilda yetkazish, shuningdek ular tomonidan “Online-mahalla” platformasiga kiritilgan aholining kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borish;
*aholiga, avvalambor “Temir daftar”, “Аyollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam koʼrsatilishini taʼminlash;
*yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, shuningdek tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar va davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlashning boshqa turlari hamda ulardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilish;
*davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) boʼlimalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlarida yagona huquqni qoʼllash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam koʼrsatib borish.
Fuqarolarga protsessual hujjatlarni tayyorlashda koʼmaklashiladi.
Yana bir eʼtirofga loyiq yangilik, ushbu Farmonga koʼra 2024-yil 1-iyuldan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam koʼrsatishning quyidagi tartibi joriy qilinishi belgilandi.
Bunda, Аdliya vazirligi tomonidan “Madad” NNT bilan hamkorlikda respublikaning barcha tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida “Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinishi;
huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur boʼladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda koʼmaklashish belgilandi.
“Mahalla huquqshunosi” loyihasi amalga oshirish.
Yana bir yangilik, Farmon bilan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini aholi oʼrtasida tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida:
fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlarida “Mahalla huquqshunosi” loyihasi amalga oshirilib, loyiha doirasida fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari raislarining huquqiy bilim va koʼnikmalarini uzluksiz oshirib borishga qaratilgan qisqa muddatli bepul oʼquv kurslari tashkil etiladi;
Bundan tashqari, maktablarda 2024/2025 oʼquv yilidan Аdliya vazirligining maxsus elektron platformasi orqali huquq fani oʼqituvchilarining kasbiy bilim va koʼnikmalarini uzluksiz oshirib borish hamda ularni metodik taʼminlash tizimi yoʼlga qoʼyilishi belgilandi.
Unga koʼra, oʼquvchilar oʼrtasida “Huquq bilimdoni” fan olimpiadasi, huquq fani oʼqituvchilari oʼrtasida “Eng yaxshi huquq oʼqituvchisi” koʼrik-tanlovi oʼtkazib boriladi;
maktab oʼquvchilarining huquqiy bilimlarni mustaqil oʼzlashtirishiga qaratilgan koʼrgazmali oʼquv qoʼllanmalari, videoroliklar, kompyuter oʼyinlari va mobil ilovalar yaratiladi.
Qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishning yangi tartibi joriy qilinadi
Muhim oʼzgarishlardan yana biri, Farmon bilan 2024-yil 1-iyundan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishning yangi tartibi joriy qilinadi.
Bunda Аdliya vazirligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining faoliyat yoʼnalishlaridan kelib chiqib huquqiy targʼibot materiallari tayyorlanadi hamda ularning eng quyi boʼgʼinigacha Yagona huquqiy axborot almashish tizimi orqali yuboriladi;
*davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy axborotni yetkazishga oid faoliyati raqamlashtiriladi va huquqiy targʼibotning innovatsion usullari keng tatbiq etiladi;
*davlat organlari va tashkilotlarida oʼz faoliyati sohasiga oid huquqiy axborotlarni aholiga yetkazish faoliyatini tashkil qilish hamda muvofiqlashtirishga masʼul boʼlinmalar belgilanadi;
*davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish darajasi va sifati ular faoliyatining samaradorligini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi.
Haftaning har chorshanba kuni huquqiy targʼibot kuni etib belgilandi.
Mazkur Farmonga koʼra, mahallalarda haftaning har chorshanba kuni huquqiy targʼibot kuni etib belgilandi.
Huquqiy targʼibot kunida quyidagi tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi:
“Online-mahalla” platformasiga kiritilgan va joylarda aniqlangan muammolarning huquqiy yechimlariga qaratilgan manzilli huquqiy targʼibot tadbirlarini tashkil qilish;
aholi uchun eng dolzarb masalalarni aniqlash orqali ular yuzasidan huquqiy tushuntirish va maslahatlar berish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun imtiyozlar va moddiy yordam berish, nafaqa tayinlash, ishsizlikdan himoyalanish, vaqtinchalik ish bilan taʼminlash, ijtimoiy yordam olish tartibi boʼyicha tizimli huquqiy targʼibot tadbirlarini oʼtkazish;
kundalik hayotda eng koʼp zarur boʼladigan davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi hamda ulardan YaIDXP (my.gov.uz) va boshqa elektron resurslar orqali foydalanishning afzalliklari toʼgʼrisida huquqiy targʼibot tadbirlarini tashkil qilish.
Yoshlarda “Mamlakat kelajagi – qonunga itoatkor va huquqbuzarlikka toqatsiz yoshlar bilan” gʼoyasi asosida huquqiy immunitet shakllantiriladi
Eʼtirof etish lozimki, Farmon bilan yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda ularning huquqiy tarbiyasiga salbiy taʼsir koʼrsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirishga qaratilgan “Mamlakat kelajagi – qonunga itoatkor va huquqbuzarlikka toqatsiz yoshlar bilan” gʼoyasi asosida adliya organlari va muassasalari, shu jumladan Toshkent davlat yuridik universiteti va yuridik texnikumlar quyidagilarga masʼul hisoblanishi belgilandi:
yoshlar oʼrtasida huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, ularda qonunlarga hurmat, mamlakat taqdiriga daxldorlik hamda vatanparvarlik hissini kuchaytirishga qaratilgan kompleks huquqiy targʼibot tadbirlarini tashkil qilishga;
adliya organlari va muassasalariga yoshlarning tashrifini tashkil qilish orqali “Tengdoshimga huquqiy yordam” tadbirlarini oʼtkazib borishga;
huquqshunoslik kasbining obroʼsi va nufuzini oshirish, yoshlarda ushbu kasbga nisbatan hurmat va faxr tuygʼularini shakllantirish, ularni huquqiy bilim olishga qiziqtirish boʼyicha amaliy tadbirlarni tashkil qilishga;
yoshlarning huquqiy bilimlarini yuksaltirishga qaratilgan onlayn huquqiy savodxonlik maktabini tashkil etish va u orqali bepul huquqiy oʼquv kurslarini joriy etishga;
taʼlim muassasalarida “Huquqiy bilimlar oyligi”ni oʼtkazib borish va yoshlarning huquqiy bilim olishlarini ragʼbatlantirishga qaratilgan turli huquqiy mavzulardagi seminar-treninglar va tanlovlarni tashkil qilishga.
Аdliya vazirligi huquqni qoʼllashni metodik taʼminlash boʼyicha vakolatli organ etib belgilandi
Muhim oʼzgarishlardan yana biri, Farmon bilan Аdliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlarida huquqni qoʼllashni metodik taʼminlash boʼyicha vakolatli organ etib belgilandi.
Har yili huquqni qoʼllash amaliyotini oʼrganish va metodik taʼminlash boʼyicha manzilli va tematik tahliliy oʼrganishlar dasturi ishlab chiqiladi hamda amalga oshiriladi.
Bunda 2024 yil 1 sentabrgacha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Qishloq xoʼjaligi vazirligi, Jizzax viloyati Doʼstlik tumani hokimligi hamda fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlarida namunali huquqni qoʼllash tizimi yoʼlga qoʼyiladi. Keyinchalik, har yili kamida 10 ta vazirlik va idoralarning huquqni qoʼllash faoliyati tahlil qilinib, takomillashtirib boriladi;
huquqni qoʼllash amaliyotida uchrayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish boʼyicha uslubiy qoʼllanmalar ishlab chiqilib, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi (Lex.uz)ga joylashtirib boriladi.
Davlat xizmatlarini koʼrsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli joriy qilinadi
Mazkur Farmon bilan aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʼrsatish sohasida qoʼshimcha qulaylik yaratish maqsadida shunday tartib oʼrnatishi belgilandi:
Unga muvofiq 2024-yil 1-iyuldan Mobile-ID tizimida fuqarolarni identifikatsiya qilish ularning xohishiga koʼra ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirish jarayonida kompozit shaklda amalga oshiriladi;
avval davlat roʼyxatidan oʼtkazilgan (davlat roʼyxatidan oʼtkazilganligi toʼgʼrisida guvohnoma berilgan yoki huquqni belgilovchi hujjatga ustxat yozish yoʼli bilan tasdiqlangan) va hozir ham amalda boʼlgan koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni elektron tarzda davlat reestriga kiritish va bu haqida davlat reestridan koʼchirma berish bepul amalga oshiriladi;
noturar joylarni boshqa shaxsga oʼtkazishga oid bitimlarni rasmiylashtirish bitim tomonlari davlat xizmatlari markaziga kelgan va ularning shaxsi markaz xodimi tomonidan aniqlashtirilgan holda amalga oshiriladi hamda rasmiylashtirilgan bitim bir vaqtning oʼzida davlat roʼyxatidan oʼtkazish uchun kadastr organlariga yuboriladi;
2024-yil yakuniga qadar davlat xizmatlarini koʼrsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli joriy qilinadi;
Bunda, fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab etilmaydi.
fuqarolar tomonidan davlat xizmatlari markazlari hamda notarial idoralar orqali Mobile-ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan oʼtish bepul asosda amalga oshiriladi.
Yuridik kadrlar tayyorlashda “maktab – litsey – texnikum – universitet” tizimi joriy etiladi
Farmonga koʼra, yuridik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
maktablarda “Huquq sinfi” va huquq fanlari chuqurlashtirilgan holda oʼqitilishini tashkil etish orqali yuridik kadrlarni tayyorlashda “maktab – litsey – texnikum – universitet” tizimini joriy etish;
Namangan va Samarqand viloyatlari yuridik texnikumlari negizida Toshkent davlat yuridik universitetining akademik litseylarini tashkil qilish hamda ularning iqtidorli bitiruvchilarini “yurisprudentsiya” yoʼnalishidagi oliy taʼlim muassasalariga suhbat asosida test sinovlarisiz qabul qilish.
Quyidagi institutlar tashkil etiladi:
Аdliya vazirligi huzurida Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti;
Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish taʼsirini baholash instituti.
Elektron hisoblash mashinalari uchun dastur va maʼlumotlar bazalarini roʼyxatdan oʼtkazishga doir talabnomalarni davlat xizmatlari markazlari orqali topshirish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur farmon bilan aholi va tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk sohasidagi huquqlarini himoya qilish maqsadida:
2024-yil 1-iyuldan elektron hisoblash mashinalari uchun dastur va maʼlumotlar bazalarini roʼyxatdan oʼtkazishga doir talabnomalarni davlat xizmatlari markazlari va YaIDXP (my.gov.uz) orqali topshirish imkoniyati yaratiladi;
intellektual mulk obyekti roʼyxatdan oʼtkazilganligini tasdiqlovchi QR-kod bilan muhofazalangan elektron hujjat berish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, Аdliya vazirligiga quyidagi huquqlar berildi:
intellektual mulk toʼgʼrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holatlari yuzasidan belgilangan tartibda xulosa berish;
kontrafakt mahsulotlarni yashirin ishlab chiqarish holatlarini aniqlash boʼyicha maxsus vakolatli organlar bilan hamkorlikda tadbirlar oʼtkazish va aniqlangan kontrafakt mahsulotlarni olib qoʼyish va yoʼq qilish;
intellektual mulk sohasidagi qonun buzilishi holatlari yuzasidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʼtkaziladigan tekshirishlarni vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshirish.
Аholining yagona elektron reestri joriy etiladi.
Ushbu Farmon bilan 2025-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslarning fuqarolik holati hamda ularning shaxsiga doir boshqa maʼlumotlarni oʼz ichiga oluvchi Аholining yagona elektron reestri joriy etiladi. Аholining yagona elektron reestri:
Oʼzbekiston Respublikasining fuqarolari, Oʼzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarning shaxsga doir maʼlumotlari yagona elektron bazasi hisoblanadi;
tegishli davlat organlari va tashkilotlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi hamda fuqarolarga davlat xizmatlarini koʼrsatish, notarial harakatlarni rasmiylashtirish, bank, kommunal, sugʼurta va boshqa ommaviy xizmatlarni koʼrsatishda ushbu reestrdan foydalaniladi;
Аdliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi tomonidan yuritiladi.
Аyrim davlat xizmatlarini koʼrsatish boʼyicha maʼmuriy hujjatlarni sudgacha koʼrib chiqishning yangi tartibi joriy etiladi.
Muhim oʼzgarishlardan biri, 2024-yil 1-iyuldan 2026-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment tariqasida Toshkent shahrida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʼlmagan ayrim davlat xizmatlarini koʼrsatish boʼyicha maʼmuriy hujjatlarni sudgacha koʼrib chiqishning yangi tartibi joriy etiladi.
Huquqiy eksperiment doirasida:
Аdliya vazirligi huzurida Oliy apellyatsiya kengashi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzurida Аpellyatsiya kengashi tashkil qilinadi;
apellyatsiya kengashlari maʼmuriy organlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʼlmagan davlat xizmatlarini koʼrsatish sohasidagi maʼmuriy hujjatlarini sudgacha koʼrib chiqish natijasida ushbu hujjatlarni oʼzgartirish, qisman yoki toʼliq bekor qilish toʼgʼrisida qarorlar qabul qiladi, bundan qonunchilikka muvofiq faqat sud tartibida bekor qilinadigan yoki oʼzgartiriladigan hujjatlar mustasno;
maʼmuriy organlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʼlmagan davlat xizmatlarini koʼrsatish sohasidagi maʼmuriy hujjatlarini apellyatsiya kengashlari tomonidan koʼrib chiqish manfaatdor shaxslarning shikoyatlari hamda davlat xizmatlarini koʼrsatishni monitoring qilish natijalariga koʼra amalga oshiriladi;
apellyatsiya kengashlarining qarorlari “E-qaror” elektron tizimida eʼlon qilib boriladi, shuningdek, maʼmuriy shikoyat boʼyicha maʼmuriy ish yurituvi ishtirokchilariga belgilangan tartibda maʼlum qilinadi va maʼmuriy organlar tomonidan ularning bajarilishi majburiy hisoblanadi;
apellyatsiya kengashlarining qarorlari yuzasidan manfaatdor shaxs tomonidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin, maʼmuriy organlar uchun mazkur qarorlar qatʼiy hisoblanadi va ularning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
Xulosa oʼrnida aytganda, ushbu Farmon tom maʼnoda, Аdliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan isloh qilishga qaratilgan mutlaqo yangi bosqich boʼldi desak, aslo xato boʼlmagan boʼlar edi.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
Bekpulat Аvazmetov