Янгиликлар
27
DAVLAT RAMZLARINI HURMAT QILISHGA MAJBURMIZ
DAVLAT RAMZLARINI HURMAT QILISHGA MAJBURMIZ
Ma’lumki, davlat ramzlari, ya’ni davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasi har bir mamlakatning xalqaro munosabatlardagi milliy timsoli va ramzi sifatida muhim siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lib, ushbu ramzlarsiz davlatning siyosiy mustaqilligini va uning xalqaro munosabatlarda tutgan o‘rni va rolini tasavvur etib bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra, mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardanoq davlatimiz va hukumatimiz tomonidan milliy davlat ramzlarini ishlab chiqish va uning huquqiy asoslarini qonun yo‘li bilan mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratildi.
Natijada, 1991 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi, 1992 yil 2 iyulda esa “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi hamda 1992 yil 10 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonunlar bilan milliy davlat ramzlarimiz, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasi qabul qilinib, tasdiqlandi.
O‘tgan yillar davomida milliy davlat ramzlarimiz mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy yuksalishida hamda xalqaro munosabatlarda o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘ldi.
So‘nggi yillarda davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar esa bu boradagi huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirish barobarida fuqarolar va mansabdor shaxslarning davlat ramzlariga nisbatan bo‘lgan hurmati va ishonchini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, 2010 yil 24 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat ramzlari to‘g‘risidagi ayrim qonun hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, bu boradagi qonun hujjatlari yanada takomillashtirildi. Xususan, Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri joylashtirilishi majburiy bo‘lgan davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari ro‘yxati qat’iy qilib belgilandi. Shuningdek, Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi hamda davlat bayrog‘i tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlar, xizmatlar) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emasligi haqidagi talablar ham qat’iy qilib belgilandi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkitnki, davlat boshqaruvi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat va nazorat qiluvchi organlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i hamda gerbidan foydalanish, davlat ramzlarini tegishli joylarda o‘rnatish, saqlash, shuningdek, ularni idoralarning rasmiy blankalari va gerbli muhrlarida joylashtirishda qonunbuzilishlarning oldini olish juda muhimdir. Umuman olganda, nafaqat mansabdor shaxslar yoki jamoat joylarida faoliyat yuritayotgan shaxslar, balki shu yurt fuqarosi sifatida har birimiz davlat ramzlarini hurmat kilishga haqlimiz. Zero, biz va siz umrguzaronlik qilayotgan shiddatli zamonda davlatimizning siyosiy mustaqilligi va uning xalqaro munosabatlarda tutgan o‘rni va rolini oshirishning eng muhim omillaridan biri biz-fuqarolarning ona – Vatan oldidagi burchimizni vijdonan bajarishga chamcharchas bog‘liqligini hayotimizning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
G. BOTIROVA, Beruniy tuman Adliya bo'limi yuridik xizmat ko'rsatish markazi Bosh yuristkonsulti