Янгиликлар
29
Daʼvo muddati tushunchasi va turlari
Daʼvo muddati tushunchasi va turlari
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining oʼninchi bobida inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari mustahkamlangan. Ushbu bobda koʼrsatilishicha, "davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini taʼminlaydi. Har bir shaxsga oʼz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari va mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʼayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi". Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining oʼn ikkinchi bobi 53-moddasida esa xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi, mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkinligi belgilangan.
Qonunchilikka asosan fuqarolik huquqlarini amalga oshirish va majburiyatlarni bajarish muddatlari mulkiy va shaxsiy-nomulkiy munosabatlarning alohida turlarini tartibga soluvchi tegishli huquq meʼyorlari bilan belgilanadi.
Xuddi shunday meʼyorlar bilan baʼzan subʼektiv fuqarolik huquqlari buzilganda amalga oshiriladigan himoya choralari qoʼllanilishi mumkin boʼlgan muddatlar ham aniqlanadi.
Bunday muddatlar fuqarolik huquqida daʼvo muddatlari deb yuritiladi. Umumiy qoidaga koʼra, fuqarolik huquqlarini himoya qilish muddatlarining bir turi hisoblangan daʼvo muddatining asosiy va toʼliq holati uning barcha fuqarolik huquqiy munosabatlarida qoʼllanilishi bilan ifodalanadi.
Daʼvo muddati nima?.
Daʼvo muddati bu- shaxs oʼzining buzilgan huquqini daʼvo qoʼzgʼatish yoʼli bilan himoya qilishi mumkin boʼladigan muddatga aytiladi. Daʼvo muddati subʼektiv huquq va majburiyatlarini himoya etishi uchun shaxsga beriladigan soʼnggi imkoniyatdir. Fuqarolik protsessual huquqi nazariyasida mavjud boʼlgan huquqni oʼzgartirish yoki bekor qilish toʼgʼrisidagi daʼvo hanuzgacha bahsli boʼlib, bu daʼvo oʼzining yechimini toʼla maʼnoda topmagan. Daʼvolarni turlarga boʼlish asoslaridan biri – sudga murojaat qilgan shaxsning protsessual maqsadidir. Sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan daʼvogarning protsessual maqsadlariga koʼra, barcha daʼvolar undirish (ijro qilinadigan) va tan olish toʼgʼrisidagi daʼvolarga boʼlinadi.
Daʼvo turlaridan biri boʼlgan undirish toʼgʼrisidagi daʼvo xususida shuni aytish kerakki, bunday daʼvo boʼyicha sudga murojaat qilgan daʼvogar, birinchidan, nizoli huquqni, uning foydasiga hal qilib berishni soʼrasa, ikkinchidan, huquqni tiklashni yoki yoʼl qoʼyilgan qonun buzilishini bartaraf qilish uchun javobgarni maʼlum harakatlarni qilishga majbur etishni soʼraydi. Bunday daʼvolar boʼyicha daʼvogar javobgarni maʼlum harakatlarni bajarishga majbur etishni suddan soʼraydi, bunga misol qilib, mulkni qaytarib berish, qarzni toʼlash, turarjoyni boʼshatish toʼgʼrisidagi daʼvolarni koʼrsatishimiz mumkin. Shuningdek Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2004 yil 24 sentyabrda 14-son bilan roʼyxatga olingan “Yakka tartibda qurilgan uyga boʼlgan mulk huquqi bilan bogʼliq nizolar boʼyicha sud amaliyoti toʼgʼrisida”gi qarorining 22-bandida uyga yoki uning qismiga boʼlgan mulk huquqi buzilishi bilan bogʼliq talablarga Fuqarolik kodeksining 150-moddasida koʼrsatilgan uch yillik umumiy daʼvo muddati qoʼllanilishi, sudlar shuni eʼtiborda tutishlari joizki, Fuqarolik kodeksi 153-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud hal qiluv qarori chiqargunga qadar bergan arizasiga muvofiq qoʼllanilishi belgilangan. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 1998 yil 17 aprelda 12-son bilan roʼyxatga olingan “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti) ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qoʼllanilishi haqida”gi qarorining 3-bandida Sudьya daʼvo qilish muddati oʼtkazib yuborilgan degan asos bilan daʼvo arizani qabul qilmaslikka haqli emasligi. Sud daʼvo muddati uzrli sabablarga koʼra oʼtkazib yuborilgan deb topsa, bu muddatni tiklaydi.
Аgar sud ishdagi hujjatlarni har tomonlama tekshirib, sudga murojaat qilish muddati uzrsiz sabablarga koʼra oʼtkazib yuborilganligini aniqlasa, daʼvoni rad etishlari, FPKning 8-moddasi hamda FKning 153-moddasining 2-qismi mazmuniga koʼra, fuqarolik sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshirilishi tufayli daʼvogarning sudga murojaat etish muddatini oʼtkazib yuborganligi masalasi sud tomonidan faqat nizodagi tarafning bergan arizasiga muvofiq qoʼllanilishi belgilangan.
Buzilgan huquqni himoya qilish talabi daʼvo muddatining oʼtganligidan qatʼi nazar, sudda koʼrib chiqish uchun qabul qilinadi.
Daʼvo muddatlarining belgilanishi fuqarolar oʼrtasidagi huquqiy munosabatlarni mustahkamlash uchun ham katta ahamiyatga ega.
Huquqi buzilgan shaxslarning daʼvolari yuzasidan ularning huquqini himoya qilish qonun bilan belgilangan daʼvo muddatlari huquqiy munosabatning ishtirokchilariga va mazmuniga qarab, umumiy va maxsus (qisqartirilgan yoki uzaytirilgan) muddatlarga boʼlinadi.
Umumiy daʼvo muddati – huquqiy munosabatlarda qatnashuvchi shaxslarning barchasi uchun uch yil qilib belgilangan.
Daʼvo muddati turlari:
Maxsus daʼvo muddati ikki turga boʼlinadi:
Unga koʼra, qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus daʼvo muddatlariga boʼlinadi.
Daʼvo muddatining ikkinchi turi maxsus daʼvo muddatlaridir. Bu muddat umumiy daʼvo muddatidan farqli ravishda uch yil emas, balki bu muddatdan koʼp yoki kam belgilanishi mumkin. Maxsus daʼvo muddatlari qonun hujjatlarida toʼgʼridan-toʼgʼri koʼrsatilgan talablarga nisbatan qoʼllaniladi.
Umumiy daʼvo muddati deganda, qonun hujjatlarida oldindan belgilab qoʼyilgan va alohida tartibni nazarda tutuvchi muddatlar qoʼllanilmaydigan tegishli fuqarolik-huquqiy munosabatga nisbatan tatbiq etiladigan vaqt davri tushuniladi. Odatda, umumiy daʼvo muddati qoʼllaniladigan fuqarolik-huquqiy munosabatlari fuqarolik huquqi subʼektlari oʼrtasidagi turli holatlarda namoyon boʼladi. Umumiy daʼvo muddatlari yuridik shaxslar bilan fuqarolar oʼrtasida ham, fuqaro bilan davlat oʼrtasida ham yuridik shaxs bilan davlat oʼrtasida ham yoki bu subʼektlarning oʼzaro munosabatlarida tatbiq etiladi.
Maxsus daʼvo muddati ikki turga: qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus daʼvo muddatlariga boʼlinadi.
Umumiy qoidaga muvofiq, qisqartirilgan maxsus daʼvo muddatlari shaxsning oʼz huquqlarini himoya qilish yuzasidan talabni tezroq amalga oshirishi lozimligini anglatishi bilan birga, muayyan nizoli ishni toʼgʼri hal etish yuzasidan daʼvoni tezroq bildirishga ham xizmat qiladi. Masalan, olti oy davom etadigan qisqartirilgan daʼvolarga:
1) neustoyka (jarima, penya) undirish toʼgʼrisidagi daʼvolar;
2) sotilgan ashyoning kamchiliklari toʼgʼrisidagi daʼvolar;
3) sifati lozim darajada boʼlmagan mahsulotlarni yetkazishdan kelib chiqadigan daʼvolarga misol boʼla oladi.
Daʼvo muddatlari imperativ, yaʼni qatʼiy belgilanganligi sababli, bu muddatlar va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan oʼzgartirilishi mumkin emas.
Xulosa qilib aytsak, daʼvo muddatlarining belgilanishi tashkilot va fuqarolarning huquq va manfaatlarini qoʼriqlashga, fuqarolik-huquqiy munosabatlarni mustahkamlashga, sudlar tomonidan esa fuqaroviy nizolarni qonuniy va adolatli hal etish, ish yuzasidan haqiqatni aniqlash, xolislikni taʼminlash hamda asosli qarorlar qabul qilishda muhim oʼrin tutadi va katta yordam beradi.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
Bekpulat Аvazmetov