Янгиликлар
29
O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 86-son qarori bilan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risida yagona nizom tasdiqlangan.
Ushbu nizomga 20-ilovada O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma pasporti mavjud bo’lib ushbu xizmatdan yuridik shaxslar (ish beruvchi) va jismoniy shaxslar (ish beruvchi yoki chet el fuqarosi) foydalanishi mumkin.
Nizomga ko’ra O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi ruxsat etish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organ xisoblanadi. Arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari qilib belgilangan. Arizani ko‘rib chiqish muddati 15 ish kuni qilib belgilangan.
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilish muddati:
a) ish beruvchilarga tasdiqnomalar yuqori malakali va malakali mutaxassislar, shuningdek, Prezident maktablari va oliy o‘quv yurtlarida ishlash uchun jalb etilayotgan o‘qituvchilar va mutaxassislar uchun — mehnat shartnomalari amal qiladigan muddatga, biroq uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga cheksiz marta uzaytirish imkoniyati bilan, ammo har bir holatda bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatga;
b) Kichik biznesga ko‘maklashish markazlari tavsiyasiga asosan yangi loyihalar doirasida tor doiradagi mutaxassis sifatida jalb qilingan chet el fuqarolari uchun — tasdiqnomalar mehnat shartnomasi amal qiladigan muddatga, biroq uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga cheksiz marta uzaytirish imkoniyati bilan, ammo har bir holatda uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga;
v) boshqa chet el fuqarolari uchun — tasdiqnomalar mehnat shartnomasi amal qiladigan muddatga, biroq bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatga cheksiz marta uzaytirish imkoniyati bilan, ammo har bir holatda bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi.
Ruxsat etishga oid quyidagi talab va shartlar mavjud:
a) mehnat, mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi, ish beruvchining fuqarolik majburiyatini majburiy sug‘urtalash to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilish;
b) so‘ralayotgan chet el fuqarolarining soni va mutaxassisligi (lavozimlari) ishchi kuchiga bo‘lgan amaldagi ehtiyojga mos kelishi;
v) chet el fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga zid, shu jumladan, jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaruvchi harakatlarni sodir etmaslik;
g) vakolatli organga taqdim etilgan ma’lumotlarda (tashkilot to‘g‘risida ma’lumotlar, arizalar, so‘rovnomalar, pasport ma’lumotlari va boshqalar) bo‘lgan har qanday o‘zgarishlar haqida vakolatli organni bir hafta muddatda xabardor qilish;
d) vizasining muddati tugagan yoki migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida 3 kundan ortiq muddat davomida ro‘yxatdan o‘tmagan, O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib turgan chet el fuqarolari uchun tasdiqnoma olish uchun hujjatlar taqdim etmaslik;
Ish beruvchiga qo‘yiladigan qo‘shimcha talab va shartlar:
e) O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma muddati tugashidan keyin chet el fuqarosi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish;
yo) chet el fuqarosi ishdan bo‘shatilsa yoki tashkilot tugatilgan bo‘lsa, vakolatli organni bir hafta muddatda xabardor qilish.
Ellikqal’a tumani Adliya bo’limi
davlat xizmatlari markazi
bo’lim boshlig’i Jabbarov Anvar Jumabayevich