Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

Gender tenglikni taʼminlash sohasidagi islohatlar


Gender tenglikni taʼminlash sohasidagi islohatlar

Taʼkidlash joyizki, soʼnggi yillarda yurtimizda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʼtarildi.
Shu asnoda, Oʼzbekistonda bir qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan.
Xususan, ayni kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama taʼminlash masalalariga oid 40 dan ziyod normativ- huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Shu yoʼnalishda, mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi oʼrnini mustahkamlashga qaratilgan huquqiy himoya va huquqiy kafolat siaftida Oʼzbekiston Respublikasining 2019- yilning 2 -sentyabrida “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilish toʼgʼrisida”gi OʼRQ-562-son Qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonun BMTning inson huquqlari boʼyicha xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyor va standartlariga toʼliq mos keladi.
Ushbu qonun yurtimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʼnalishlari, ushbu sohada davlat boshqaruvi mexanizmlari belgilab berilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Binobarin, mazkur qonunda gender tushunchasi ham qayd etilgan boʼlib, unga koʼra, gender — xotin-qizlar va erkaklar oʼrtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, taʼlim hamda ilm-fan sohalarida namoyon boʼladigan ijtimoiy jihati koʼrsatilgan.
Eʼtirof etish joyizki, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida «Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar», deb belgilangan boʼlib,yurtimizda gender tengligining ham xalqaro huquqiy ham, konstitutsiyaviy huquqiy asosi kafolatlanganligidan darak beradi.
Shu bilan bir qatorda, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida ayollar huquqlarini taʼminlash va kamsitishning har qanday shakliga barham berish boʼyicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uygʼunlashtirish bilan shugʼullanuvchi yangi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʼmitasi tashkil qilingan.
Shuningdek, Oʼzbekistan BMTning xotin-qizlarni kamsitish va taʼqib qilishning barcha shakllaridan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya etishni nazarda tutuvchi xalqaro shartnomalariga ham qoʼshildi.
Bundan tashqari, mehnatga oid huquqlarning kafolatlari va qoʼllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, uydagi zoʼravonlik qurbonlariga yordam berish maqsadida Zoʼrlik ishlatishdan jabr koʼrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʼz joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazi, Xotin-qizlar tadbirkorligi markazi, Hukumat huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi kabi yangi tuzilmalar tashkil topdi.


Muhim jihatlardan yana bir tomoni, “Oʼzbekiston Respublikasining Saylov toʼgʼrisida”gi Qonunning 4-bobi “Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari” ga bagʼishlangan.
Shu bilan birga, mazkur Qonunning 18-moddasida saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash huquqi yaʼni, xotin-qizlar va erkaklar hokimiyat vakillik organlariga saylash va saylanishda teng huquqlarga egaligi ham qonun normalari bilan belgilab qoʼyilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Xulosa oʼrnida aytganda, mamlakatimizda gender tenglik sohasida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy meʼyoriy hujjatlar va amaliy chora-tadbirlar Oʼzbekistonning gender siyosati sohasidagi muhim qadamlaridan biri boʼldi desak, aslo xato boʼlmaydi.

Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi,
2-darajali adliya maslahatchisi
Bekpulat Аvazmetov