Янгиликлар
28
Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan oʼzgartirish va qoʼshimchalar
Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan oʼzgartirish va qoʼshimchalar
Maʼlumki, 2023-yil 25-dekabr kuni Prezident tomonidan Oʼzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida OʼRQ-887-son Qonuni imzolandi.
Mazkur Qonun bilan endilikda ishlarni viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda taftish tartibida koʼrish bosqichi joriy etiladigan boʼldi.
Muhim oʼzgarishlardan biri, yuqori turuvchi sudlar tomonidan quyi sudlarning bekor qilingan qarorlarini yangidan koʼrish uchun qaytadan ushbu sudlarga yuborish tartibi chiqarib tashlandi.
Oʼzgarishlarga koʼra, har bir sud instantsiyasining zimmasiga ish boʼyicha yakuniy qaror chiqarish majburiyati yuklatildi.
Shuningdek, sud buyrugʼini bekor qilishni rad etish toʼgʼrisidagi sud ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkinlgi belgilandi.
Yangi tartiblarga koʼra, arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʼgʼrisidagi sudning ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.
Qonunga koʼra, agarda ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan deb hisoblanadi.
Аpellyatsiya, kassatsiya va taftish instantsiyasi sudining ajrimi, qarori qabul qilinganidan keyin darhol qonuniy kuchga kiradi.
Kiritilgan oʼzgarishlarga asosan, endilikda birinchi instantsiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʼrilgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori hamda apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyasi sudining ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.
Qonunga koʼra, Qoraqalpogʼiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari boʼyicha sudlov hayʼatida, Oʼzbekiston Respublikasi Harbiy sudida taftish tartibida koʼriladigan shikoyat (protest) ushbu sudlar nomiga yoʼllanadi, lekin sud hujjatini qabul qilgan birinchi instantsiya sudiga beriladi.
Endilikda, Oliy sudning Fuqarolik ishlari boʼyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida koʼriladigan shikoyat (protest) bevosita Oliy sudning Fuqarolik ishlari boʼyicha sudlov hayʼatiga beriladi.
Shuningdek, Oliy sud raisining, Bosh prokurorning Oliy sud Rayosatiga taftish tartibidagi protesti bevosita Oliy sudga beriladi.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran 1 yil ichida beriladi.Qonun 2024 yil 1 yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bekpulat Avazmetov,
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish
markazi boshligʼi