Янгиликлар
22
O‘zbekistonlik mehnat migrantlarini qanday qo‘llab-quvvatlashadi
O‘zbekistonlik mehnat migrantlarini qanday qo‘llab-quvvatlashadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2022 yil 1 martdagi “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-149-son qarori qabul qilindi.
2022 yil 1 iyundan boshlab Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasining hududlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillik instituti joriy qilinadi.
Hujjat bilan quyidagilar belgilandi:
har bir hududga kamida ikki nafar vakil biriktiriladi;
vakillarning bir nafari ustuvor ravishda xorijiy davlatlarda ishlash tajribasiga ega bo‘lgan, yuqori malakali mutaxassislar orasidan tanlab olinadi va O‘zbekiston Respublikasidan yuboriladi, ikkinchisi esa xorijiy davlatda yashovchi obro‘-e’tiborli, keng dunyoqarashga ega vatandoshlar yoki zarur malaka va tajribaga ega bo‘lgan boshqa shaxslar orasidan jalb qilinadi.
Vakilning asosiy faoliyat yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan hamkorlikda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
xorijda bo‘lib turgan davrida zo‘ravonlik, majburiy mehnat va tahqirlanishga duchor bo‘lgan, jarohat olgan, baxtsiz hodisaga uchragan, og‘ir kasallikka chalingan, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yoki mablag‘siz qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam ko‘rsatish;
xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, mehnat organlari va migratsiya markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risida axborot va maslahatlar berish, ushbu xizmatlardan foydalanishda ularga ko‘maklashish va boshqalar.
2022 yil 1 maydan boshlab O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining mablag‘lari hisobidan har yili:
a) mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan:
boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan oilalarga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasida ular bilan birga istiqomat qiluvchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma beriladi;
b) mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan:
“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo‘llanmalar beriladi.
2022 yil 1 martdan boshlab:
Prezidentning 2020 yil 15 sentyabrdagi PQ-4829-son qarori 11-bandida nazarda tutilgan mikroqarzlar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” yoki “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarga ham to‘lanadi;
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 02.03.2022-yildan kuchga kirdi.
R.Kurbanov
Taxiatosh tumani adliya bo‘limi,
YuXKM bosh yuriskonsulti