Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

21

SUD QARORLARINING QONUNIYLIGI, ASOSLILIGI VA ADOLATLILIGINI TEKSHIRISH TARTIBI TAKOMILLASHTIRILISHI MUNOSABATI BILAN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING FUQAROLIK PROTSESSUAL KODEKSIGA O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH TO‘G‘RISIDA


SUD QARORLARINING QONUNIYLIGI, ASOSLILIGI VA ADOLATLILIGINI TEKSHIRISH TARTIBI TAKOMILLASHTIRILISHI MUNOSABATI BILAN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING FUQAROLIK PROTSESSUAL KODEKSIGA O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH TO‘G‘RISIDA

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga sud ishlarini ko‘rishning o‘ta markazlashtirilishiga barham berilishini, ishlarni viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida ko‘rish bosqichlari joriy etilishini, ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida taftish tartibida hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida qayta ko‘rilishini, yuqori turuvchi sudlar tomonidan quyi sudlarning bekor qilingan qarorlarini yangidan ko‘rish uchun qaytadan ushbu sudlarga yuborish tartibi chiqarib tashlanishini, har bir sud instansiyasining zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish majburiyati yuklatilishini, sud qarorlarini qayta ko‘rish bosqichlariga taftish instansiyasi joriy etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan sud orqali himoya qilinish va sudga shikoyat qilish huquqlarining kafolatlarini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklarini, shuningdek qonuniy manfaatlarini yanada kengroq himoya qilishga, odil sudlovdan foydalanish darajasini yanada oshirishga, sudyalarning ish hajmini hamda yuklamasini mutanosib tarzda belgilashga, sudlarning mas’uliyatini yanada oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda o‘rta bo‘g‘in — viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, shuningdek fuqarolarning sudlardagi ortiqcha xarajatlari tejalishiga xizmat qiladi.
“50-modda. Ishda prokurorning ishtiroki
Prokuror faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki prokurorning da’vo arizasi (arizasi) asosida qo‘zg‘atilgan ishlardagina ishtirok etishi mumkin. Prokuror boshqa shaxslarning arizalari bilan qo‘zg‘atilgan ishning muhokamasida o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishi mumkin emas.
Agar fuqaro sog‘lig‘ining holati, yoshi yoki boshqa sabablarga ko‘ra sudda o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini shaxsan himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, prokuror fuqaroning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga ega.
“43-bob. Umumiy qoidalar
3721-modda. Sud hujjatining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi yuzasidan tekshiruv qo‘zg‘atish
Sud hujjatining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi yuzasidan tekshiruv:
1) birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati yoki apellatsiya protesti bo‘yicha;
2) birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat yoki xususiy protest bo‘yicha;
3) birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyati yoki kassatsiya protesti bo‘yicha;
4) birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat yoki xususiy protest bo‘yicha;
5) birinchi instansiya sudining apellatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ustidan, shuningdek mazkur sud hujjatlarini ko‘rib chiqqan apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining, tegishli taftish instansiyasi sudining ajrimi, qarori ustidan berilgan taftish shikoyati yoki taftish protesti bo‘yicha qo‘zg‘atiladi.
3722-modda. Sud hujjatini bekor qilish yoki o‘zgartirish asoslari
Sud hujjatini apellatsiya, kassatsiya va taftish tartibida bekor qilish yoki o‘zgartirish uchun quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:
1) ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning to‘liq aniqlanmaganligi;
2) sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning isbotlanmaganligi;
3) sud hujjatida bayon etilgan sud xulosalarining ish holatlariga muvofiq emasligi;
4) bildirilgan talab bo‘yicha sud tomonidan sud hujjatining qabul qilinmaganligi;
5) moddiy va protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi.
Sudning mazmunan to‘g‘ri bo‘lgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori faqat rasmiy asoslarga ko‘ra bekor qilinishi mumkin emas.
Sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi masalaning hal qilinmaganligi yoki noto‘g‘ri hal qilinganligi sudning hal qiluv qarorini bekor qilish yoki o‘zgartirish uchun asos bo‘lmaydi. Bunday holda ajrimning xulosa qismida sud xarajatlari ushbu Kodeksning 138 — 141-moddalarida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanishi ko‘rsatiladi.
3723-modda. Moddiy huquq normalarini buzish yoki noto‘g‘ri qo‘llash
Quyidagi hollarda moddiy huquq normalari buzilgan yoki noto‘g‘ri qo‘llanilgan deb hisoblanadi, agar sud:
1) qo‘llanilishi lozim bo‘lgan qonunni yoki boshqa qonunchilik hujjatini qo‘llamagan bo‘lsa;
2) qo‘llanilmasligi lozim bo‘lgan qonunni yoki boshqa qonunchilik hujjatini qo‘llagan bo‘lsa;
3) qonunni yoki boshqa qonunchilik hujjatini noto‘g‘ri talqin qilgan bo‘lsa.
3724-modda. Protsessual huquq normalarini buzish yoki noto‘g‘ri qo‘llash
Protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi ishning noto‘g‘ri hal etilishiga sabab bo‘lgan yoki sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan taqdirdagina sudning hal qiluv qarorini, ajrimini, qarorini bekor qilinishiga asos bo‘ladi.
Agar:
1) ish sud tomonidan g‘ayriqonuniy tarkibda yoki taalluqlilik to‘g‘risidagi qoidalar buzilgan holda ko‘rilgan bo‘lsa;
2) ish sud tomonidan sud muhokamasida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan, ammo sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilinmagan shaxslardan biror-biri yo‘qligida ko‘rilgan bo‘lsa;
3) ish ko‘rilayotganida sud ishlari yuritiladigan tilga doir qoidalar buzilgan bo‘lsa;
4) sud ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi masalani hal qilgan bo‘lsa;
5) sudning hal qiluv qarorini, ajrimini, qarorini chiqarishda sud maslahatining sir saqlanishiga doir qoidalar buzilgan bo‘lsa;
6) hal qiluv qarori, ajrim, qaror ishni ko‘rgan va hal qilgan sudyalardan (sudyadan) boshqa sudyalar (sudya) tomonidan imzolangan bo‘lsa;
7) sud majlisi bayonnomasi imzolanmagan bo‘lsa, sudning hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ham bekor qilinishi mumkin.
3725-modda. Apellatsiya, kassatsiya, taftish instansiyasi sudi ajrimining, qarorining mazmuni
Apellatsiya, kassatsiya, taftish instansiyasi sudining ajrimida, qarorida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) ishning raqami, ajrim, qaror chiqarilgan vaqt va joy;
2) ajrim, qaror qabul qilgan sudning nomi va tarkibi;
3) taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning ishtiroki to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
4) ish kimning shikoyati (protesti) bo‘yicha ko‘rib chiqilganligi;
5) shikoyat qilingan (protest keltirilgan) sud hujjatining nomi va uning qisqacha mazmuni;
6) shikoyatda (protestda) bayon etilgan vajlar, taqdim etilgan materiallarning qisqacha mazmuni, ishni ko‘rishda ishtirok etgan shaxslarning tushuntirishlari, prokurorning fikri;
7) apellatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi xulosaga kelishiga asos bo‘lgan sabablar hamda sud amal qilgan moddiy va protsessual huquq normalariga havola;
8) ajrimning, qarorning xulosa qismi.
Apellatsiya, kassatsiya, taftish instansiyasi sudining ajrimi, qarori ishni ko‘rgan sudyalar tomonidan imzolanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining qarori majlisda raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
3726-modda. Apellatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudi ajrimining, qarorining qonuniy kuchga kirishi
Apellatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining ajrimi, qarori qabul qilinganidan keyin darhol qonuniy kuchga kiradi”;
“383-modda. Apellatsiya shikoyati (protesti) berish huquqi
Taraflar va ishda ishtirok etishga jalb qilingan boshqa shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil sudning qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ustidan apellatsiya tartibida shikoyat qilishi mumkin, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar mustasno.
Prokuror, yuqori turuvchi prokuror prokurorning ishtirokida ko‘rilgan ish bo‘yicha, shuningdek ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning murojaati mavjud bo‘lgan taqdirda birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan sud hujjati ustidan apellatsiya protesti keltirishga haqli.
384-modda. Apellatsiya shikoyatlarini (protestlarini) ko‘rib chiqadigan sudlar
Quyidagilar:
1) Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati — tegishli fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan;
2) O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi — hududiy harbiy sudlarning hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan;
3) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan apellatsiya shikoyatlarini (protestlarini) ko‘rib chiqadi.
385-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) berish tartibi
Apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudining nomiga yo‘llanadi, lekin hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni qabul qilgan sudga beriladi.
Sud hujjatini qabul qilgan sud apellatsiya shikoyati (protesti) kelib tushgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda uni apellatsiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart.
3851-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati
Apellatsiya shikoyati (protesti) sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida berilishi mumkin.
Sudning soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin o‘n kun ichida berilishi mumkin.
O‘tkazib yuborilgan muddat, agar iltimosnoma hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay berilgan va muddatni o‘tkazib yuborish sabablari uzrli deb topilgan bo‘lsa, apellatsiya shikoyati (protesti) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra apellatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan tiklanishi mumkin.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash haqida apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) berish muddatini tiklashni rad etish haqida apellatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi”;
“387-modda. Apellatsiya shikoyatiga (protestiga) ilova qilinadigan hujjatlar
Apellatsiya shikoyatiga quyidagilar ilova qilinadi:
davlat boji va pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
apellatsiya shikoyati vakil tomonidan imzolangan taqdirda — uni imzolashga bo‘lgan vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat.
Apellatsiya shikoyati (protesti) sudga ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab ko‘chirma nusxalari bilan birga taqdim etiladi, bundan elektron hujjat tarzida yuboriladigan apellatsiya shikoyati (protesti) mustasno.
Zarur hollarda, sudya apellatsiya shikoyati (protesti) berayotgan shaxsning zimmasiga apellatsiya shikoyatiga (protestiga) ilova qilingan yozma materiallarning ko‘chirma nusxalarini ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab taqdim etish majburiyatini yuklatishi mumkin.
Prokuror ishtirokisiz ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha apellatsiya protestiga ushbu Kodeks 383-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning mazkur protestni keltirish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan murojaatining ko‘chirma nusxasi ilova qilinadi.
Sudning arizani qaytarish haqidagi yoki arizani qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan apellatsiya shikoyatiga (protestiga) qaytarilgan ariza va sudga taqdim etishda unga qo‘shib berilgan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.
Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilinganda yoki xodim bir ishdan boshqa ishga g‘ayriqonuniy ravishda o‘tkazilganida uni ilgarigi ishiga tiklash to‘g‘risida sud chiqargan hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) ushbu qarorning ijrosiga doir hujjat ilova qilingan taqdirdagina qabul qilinadi.
388-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi masalani hal etish tartibi va muddati
Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, qabul qilishni rad etish yoki ish yuritishga qabul qilish masalasi apellatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda shikoyat (protest) sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay hal qilinadi.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, qabul qilishni rad etish yoki ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqariladi, uning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay, ushbu Kodeksning 270-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
389-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish
Apellatsiya shikoyati (protesti) sudya tomonidan quyidagi hollarda qaytariladi, agar:
1) apellatsiya shikoyati (protesti) imzolanmagan bo‘lsa yoki uni imzolash huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan yoxud mansab mavqeyi yoki familiyasi va ismi-sharifining bosh harflari ko‘rsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan bo‘lsa;
2) apellatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni ushbu Kodeksning 386-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo‘lmasa yoki apellatsiya shikoyatiga (protestiga) ushbu Kodeks 387-moddasining ikkinchi, to‘rtinchi — oltinchi qismlarida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinmagan bo‘lsa;
3) apellatsiya shikoyatiga davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda hamda miqdorda to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinmagan bo‘lsa, qonunda davlat bojini to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki uning miqdorini kamaytirish imkoniyati nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud bo‘lmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan bo‘lsa;
4) apellatsiya shikoyati (protesti) sud hujjatini qabul qilgan sudni chetlab o‘tgan holda yuborilgan bo‘lsa;
5) apellatsiya shikoyati (protesti) belgilangan muddat o‘tganidan keyin berilgan bo‘lsa va o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash to‘g‘risida iltimosnoma mavjud bo‘lmasa;
6) apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqarilguniga qadar shikoyatni (protestni) bergan shaxsdan uni qaytarib olish (chaqirib olish) haqida ariza tushgan bo‘lsa.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to‘g‘risidagi ajrimda shikoyatni (protestni) qaytarish asoslari ko‘rsatiladi, apellatsiya shikoyatini berishda to‘langan davlat bojini qaytarish haqidagi masala hal etiladi.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to‘g‘risidagi ajrim ustidan taftish shikoyati (protesti) berilishi mumkin.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to‘g‘risidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, shikoyat (protest) sudga dastlab murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar bartaraf etilganidan keyin shikoyat (protest) bergan shaxs sudga umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli”;
18) quyidagi mazmundagi 3891 — 3895-moddalar bilan to‘ldirilsin:
“3891-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish
Sudya apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni quyidagi hollarda rad etadi, agar:
1) apellatsiya shikoyati (protesti) sud hujjati ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan berilgan bo‘lsa;
2) apellatsiya shikoyati (protesti) qonunga muvofiq apellatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin bo‘lmagan sud hujjati ustidan berilgan bo‘lsa;
3) apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya tartibida ko‘rilgan sud hujjati ustidan berilgan bo‘lsa;
4) apellatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati o‘tkazib yuborilgan va o‘tkazilgan muddatni tiklash rad etilgan bo‘lsa;
5) apellatsiya shikoyatidan (protestidan) uni bergan shaxs voz kechganligi (uni chaqirib olganligi) sababli apellatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish to‘g‘risida ajrim mavjud bo‘lsa.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimda apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish asoslari ko‘rsatiladi, apellatsiya shikoyatini berishda to‘langan davlat bojini qaytarish haqidagi masala hal etiladi.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan taftish shikoyati (protesti) berilishi mumkin.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, shikoyat (protest) sudga dastlab murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.
3892-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish
Ushbu Kodeksda belgilangan shakl va mazmun talablariga rioya etilgan holda berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudining ish yurituviga qabul qilinadi.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rib chiqish bo‘yicha sud majlisini o‘tkazish vaqti va joyi ko‘rsatiladi.
Apellatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni apellatsiya instansiyasida ko‘rish vaqti va joyi haqida xabardor qilinadi. Ish muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida belgilangan tartibda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishning apellatsiya tartibida ko‘rilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
3893-modda. Apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan hal qiluv qarorining ijrosini to‘xtatib turish
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga ko‘ra, apellatsiya shikoyati (protesti) uni berish muddati o‘tkazib yuborilgan holda berilgan va mazkur muddatni tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma qanoatlantirilgan taqdirda, apellatsiya instansiyasi sudi (sudyasi) birinchi instansiya sudi tomonidan qabul qilingan hal qiluv qarorining ijrosini apellatsiya instansiyasida ish yuritish tamomlanguniga qadar to‘xtatib turadi, bundan darhol ijro etilishi lozim bo‘lgan hal qiluv qarorlari mustasno.
Hal qiluv qarorining ijrosini to‘xtatib turish haqida apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi.
3894-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish
Agar apellatsiya shikoyati (protesti) ish yuritishga qabul qilinganidan keyin shikoyatning (protestning) imzolanmaganligi yoki uni imzolash huquqiga ega bo‘lmagan yoxud mansab mavqeyi ko‘rsatilmagan shaxs tomonidan imzolanganligi aniqlansa, apellatsiya instansiyasi sudi shikoyatni (protestni) ko‘rmasdan qoldiradi.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida sud ajrim chiqaradi.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holat bartaraf etilganidan keyin shikoyat (protest) ushbu Kodeksda belgilangan tartibda sudga yangidan berilishi mumkin.
3895-modda. Apellatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish
Apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni quyidagi hollarda tugatadi, agar:
1) apellatsiya shikoyati (protesti) ushbu Kodeksga muvofiq shikoyat qilinmaydigan (protest keltirilmaydigan) sud hujjati ustidan berilgan va u ish yuritishga xatoga yo‘l qo‘yilib qabul qilingan bo‘lsa;
2) apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya tartibida ko‘rilgan sud hujjati ustidan berilgan va u ish yuritishga xatoga yo‘l qo‘yilib qabul qilingan bo‘lsa;
3) apellatsiya shikoyati (protesti) sud hujjati ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan berilgan bo‘lsa;
4) apellatsiya shikoyatidan voz kechish to‘g‘risidagi ariza apellatsiya shikoyatini bergan shaxsdan apellatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilinganidan keyin kelib tushgan bo‘lsa;
5) protestni chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza protest keltirgan prokurordan yoki yuqori turuvchi prokurordan apellatsiya protesti ish yuritishga qabul qilinganidan keyin kelib tushgan bo‘lsa;
6) ishda taraf bo‘lgan yuridik shaxs apellatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar tugatilgan bo‘lsa;
7) ishda taraf bo‘lgan fuqaro apellatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar vafot etsa, nizoli huquqiy munosabat esa huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymasa.
Apellatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish to‘g‘risida ajrim chiqariladi, unda sud xarajatlarini taraflar o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risidagi masala hal etiladi.
Apellatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritish tugatilgan taqdirda, ayni bir shaxsning ayni shu asoslar bo‘yicha apellatsiya shikoyati (protesti) bilan sudga takroran murojaat qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi”;
19) 392-modda chiqarib tashlansin;
20) 395-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini (protestini) apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqadi”;
21) 399-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sud ishni apellatsiya tartibida ko‘rib chiqqach, o‘z ajrimi bilan:
1) hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni o‘zgarishsiz qoldirishga;
2) hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni to‘liq yoki qisman bekor qilishga va yangi hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarishga;
3) hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni to‘liq yoki qisman o‘zgartirishga;
4) hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga hamda ushbu Kodeksda ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra arizani ko‘rmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni to‘liq yoki qisman tugatishga;
5) agar ish sudga taalluqlilik to‘g‘risidagi qoidalar buzilgan holda ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, hal qiluv qarorini bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra boshqa sudga yuborishga haqli.
Ushbu Kodeks 3722-moddasi birinchi qismining 4-bandida va 3724-moddasi ikkinchi qismining 2 va 4-bandlarida nazarda tutilgan asoslar aniqlanganda, apellatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari bo‘yicha ko‘radi. Ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari bo‘yicha ko‘rishga o‘tish haqida ajrim chiqarilib, unda bajarilishi lozim bo‘lgan harakatlar ko‘rsatiladi”;
“402-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan shikoyat qilinganligi (protest keltirilganligi) munosabati bilan ishni ko‘radigan apellatsiya instansiyasi sudining vakolatlari
Apellatsiya instansiyasi sudi xususiy shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqib:
1) ajrimni o‘zgarishsiz qoldirishga;
2) ajrimni bekor qilishga va da’vo arizasini (arizani), ishni mazmunan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga;
3) ajrimni butunlay yoki qisman o‘zgartirishga yoxud bekor qilishga va masalani mazmunan hal qilishga;
4) ajrimni bekor qilishga va da’vo arizasini (arizani), ish materiallarini ko‘rib chiqish uchun sudga taalluqliligiga ko‘ra boshqa sudga yuborishga haqli.
4021-modda. Birinchi instansiya sudining qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti)
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining ajrimlari ustidan shikoyat qilish (protest) keltirish uchun ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.
403-modda. Kassatsiya shikoyati (protesti) berish huquqi
Taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar mustasno, sudning qonuniy kuchga kirgan va apellatsiya tartibida ko‘rilmagan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ustidan kassatsiya shikoyati berishi mumkin.
Prokuror, yuqori turuvchi prokuror prokurorning ishtirokida ko‘rilgan ish bo‘yicha, shuningdek ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning murojaati mavjud bo‘lgan taqdirda birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan va apellatsiya tartibida ko‘rilmagan sud hujjati ustidan kassatsiya protesti keltirishga haqli.
404-modda. Kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini) ko‘radigan sudlar
Quyidagilar:
1) Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati — tegishli fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan;
2) O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi — hududiy harbiy sudlarning va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan;
3) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini) ko‘rib chiqadi.
405-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) berish tartibi
Kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudining nomiga yo‘llanadi, lekin hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni qabul qilgan sudga beriladi.
Sud hujjatini qabul qilgan sud kassatsiya shikoyati (protesti) kelib tushgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda uni kassatsiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart.
4051-modda. Kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati
Kassatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy ichida berilishi mumkin.
O‘tkazib yuborilgan kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra kassatsiya instansiya sudining sudyasi tomonidan, agar iltimosnoma kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati o‘tgan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay berilgan bo‘lsa va o‘tkazib yuborilgan muddat sud tomonidan uzrli deb topilsa, tiklanishi mumkin.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash haqida kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) berish muddatini tiklashni rad etish haqida kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi”;
“407-modda. Kassatsiya shikoyatiga (protestiga) ilova qilinadigan hujjatlar
Kassatsiya shikoyatiga quyidagilar ilova qilinadi:
davlat boji va pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
kassatsiya shikoyati vakil tomonidan imzolangan hollarda, uni imzolashga vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat.
Kassatsiya shikoyati (protesti) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab ko‘chirma nusxalari bilan birga sudga taqdim etiladi, bundan elektron hujjat tarzida yuboriladigan kassatsiya shikoyati (protesti) mustasno.
Zarur hollarda, sudya kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs zimmasiga kassatsiya shikoyatiga (protestiga) ilova qilingan yozma materiallarning ko‘chirma nusxalarini ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab taqdim etish majburiyatini yuklatishi mumkin.
Prokurorning ishtirokisiz ko‘rilgan ish bo‘yicha kassatsiya protestiga ushbu Kodeks 403-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning mazkur protestni keltirishga asos bo‘lib xizmat qilgan murojaatining ko‘chirma nusxasi ilova qilinadi.
Sudning arizani qaytarish haqidagi yoki arizani qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan kassatsiya shikoyatiga (protestiga) qaytarilgan ariza va unga qo‘shib berilgan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.
Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilinganda yoki xodim bir ishdan boshqa ishga g‘ayriqonuniy ravishda o‘tkazilganida uni ilgarigi ishiga tiklash to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) ushbu qarorning ijrosiga doir hujjat ilova qilingan taqdirdagina qabul qilinadi.
Ushbu Qonun 2024-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.


Bo‘zatov  tumani adliya bo’limi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti     T.Tanatarov