Янгиликлар
15
Qonunchilik targʼiboti.Nogironligi boʼlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat koʼrsatish
Qonunchilik targʼiboti
Nogironligi boʼlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat koʼrsatish
Maьlumki, 2023-yil 27-dekabrda Prezident tomonidan “Oʼzgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam koʼrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-410-son qarori qabul qilingan.
Mazkur qaror bilan oʼzgalar parvarishiga muhtoj boʼlgan yolgʼiz yashovchi hamda yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarni (keyingi oʼrinlarda — yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslar) aniqlash tartib-taomillarini optimallashtirish va raqamlashtirish belgilandi.
Qarorga koʼra, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan oʼzgalarning parvarishiga muhtojlik darajasini baholash natijalari hamda individual tartibdagi ijtimoiy xizmatlar va yordam koʼrsatish rejasi (keyingi oʼrinlarda — Individual ijtimoiy xizmatlar rejasi) tasdiqlanadi va yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarni aniqlash va ularning murojaatlarini qabul qilish mahalla darajasida amalga oshirilishi belgilandi.
Mazkur qaror bilan yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarning yoʼqotilgan biometrik pasportlari (identifikatsiya ID-kartalari) ular reestrga kiritilguniga qadar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi buyurtmasi asosida davlat boji undirilmagan holda almashtirib berilishi belgilandi.
Qaror bilan 2024 yil 1 fevraldan boshlab reestrga kiritilgan yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordam ijtimoiy xizmat koʼrsatish shartnomasi asosida koʼrsatiladigan boʼldi.
Bundan tashqari, 2024 yil 1 martdan boshlab individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga muvofiq oʼz-oʼziga xizmat koʼrsatish, mustaqil ravishda harakatlanish va moʼljal olish imkoniyati cheklangan yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining «soatbay» asosda haftaning barcha kunlari xizmat koʼrsatishi uchun qonunchilikka muvofiq moslashuvchan ish tartibi joriy etilishi ham belgilandi.
Muhim oʼzgarishlardan yana biri,2024 yil 1 apreldan boshlab «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʼrinlarda — Аgentlik) tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarda shartnoma asosida pullik xizmat koʼrsatish tartibi joriy etiladigan boʼldi.
Xulosa oʼrnida aytganimizda,mazkur qaror tom maʼnoda, mamlakatimizda yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarni huquq va manfaatlarini qoʼllab-quvvatlashni davlat tomonidan toʼliq kafolatlashga xizmat qilishi,shubhasiz.
Bekpulat Аvazmetov,
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi