Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

12

Yoshlarga oid davlat siyosati


                                                   Yoshlarga oid davlat siyosati

Hech bir mubolagʼasiz aytish kerakki, har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yoʼlidan maʼlumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon boʼlishi oʼsha davlatda yoshlar taʼlim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan eʼtibor darajasiga chambarchas bogʼliq.
Shu maʼnoda, Oʼzbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʼnalishlaridan biri hisoblanadi.
Mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda.
Xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan boʼlib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.
Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati – 2016 yil 14 sentyabrdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati toʼgʼrisida»gi Qonuni qabul etildi.
Mazkur qonun bilan, mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, oʼz qatʼiy pozitsiyasiga ega, yurtda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq boʼlmagan, yurtning ertangi munosib kelajagi uchun daxldorlikka tayyor, maqsadga intiluvchan, sergʼayrat, vatanparvar, sadoqatli, komil shaxslar sifatida tarbiyalash bosh maqsad qilib qoʼyildi.
Аlohida taʼkidlash joizki,Oʼzbekiston Prezidenti tomonidan 2018 yil 27 iyunda imzolangan «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi toʼgʼrisida»gi Farmon bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim hujjat boʼldi. Farmon bilan «Yoshlar – kelajagimiz» jamgʼarmasi tashkil etildi va ushbu jamgʼarma yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʼoyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berishi belgilab qoʼyildi. Ushbu hujjatga eʼtibor qaratilsa, yoshlar tadbirkorligi va tashabbuskorligini kompleks rivojlantirish vazifalari aniq va tizimli belgilanganini koʼrish mumkin.
Oʼz navbatida, Oʼzbekistondagi barcha oʼzgarishlarning negizi hisoblangan taʼlim-tarbiya tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda. Аyni vaqtda taʼlim, shu jumladan, ijtimoiy soha uchun xarajatlar miqdori davlat byudjeti xarajatlari umumiy qiymatining yarmidan koʼprogʼini tashkil etmoqda. Tabiiyki, har qanday davlat ham bunday katta xarajatlarni koʼtara olmaydi, ammo qanchalik ogʼir boʼlmasin, buning uchun zarur mablagʼ va resurslar izlab topilmoqda.
Bu borada Prezidentimiz tomonidan ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi saʼy-harakatlarni tizimli asosda yoʼlga qoʼyish boʼyicha 5 ta muhim tashabbusning ilgari surilishi Oʼzbekiston tarixida yoshlar taʼlim-tarbiyasi boʼyicha yana bir yangi bosqichni boshlab berdi.
Birinchi tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, isteʼdodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yoʼnaltirilgan.
Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar oʼrtasida kompьyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.
Toʼrtinchi tashabbus – yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʼrtasida kitobxonlikni keng targʼib qilish boʼyicha tizimli ishlarni tashkil etishga yoʼnaltirilgan.
Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash masalalarini nazarda tutadi.
Shuningdek, mamlakat miqyosidagi 12 mingdan ziyod sport inshootiga yoshlarni maksimal darajada qamrab olish choralari koʼrilib, barcha umumtaʼlim maktablari sport anjomlari bilan toʼliq jihozlanadi. Shu bilan birga, olis va chekka hududlarda yengil konstruktsiyali sendvich panellardan kichik sport zallari va sunʼiy qoplamali maydonlar quriladi. Bolalar va oʼsmirlar sport maktablari soni yanada koʼpaytiriladi.
Yoshlarni internetdagi zararli xurujlardan asrash, ularni axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishga oʼrgatish masalalari boʼyicha ilgʼor xalqaro tajribalar asosida barcha hududlarda Raqamli texnologiyalar oʼquv markazlari tashkil etiladi..
Umuman, yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar boʼlib ulgʼayishi yoʼlida zamonaviy, ilgʼor-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun Oʼzbekiston bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda. Chunki yosh avlodni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, maʼnaviy yetuk, jismonan sogʼlom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga eʼtibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori boʼladi. Shu bois Oʼzbekiston jamiyatning faol qatlami sifatida eʼtirof etiluvchi yoshlar qatlamiga «muammo» deb emas, balki yurt ravnaqini taʼminlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida qaramoqda. Natijada bugun yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qatʼiy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti.
Muxtasar aytganda, Oʼzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati aniq maqsadlarni koʼzlagan holda, bosqichma bosqich, kompleks chora-tadbirlarga asoslangan holda izchil davom ettirilmoqda.

Bekpulat Аvazmetov,
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi