Янгиликлар
02
Davlat ramzlari – Vatan timsoli
Davlat ramzlari – Vatan timsoli
Taʼkidlash kerakki, mamlakatimiz tarixining qaysi bir davrini olib qaramaylik, davlat ramzlari Vatan timsoli sifatida hamisha aziz va muqaddas sanalib kelingan.
Maʼlumki, 1991 yil 15 fevralda «Oʼzbekiston davlat bayrogʼi va davlat gerbi emblemalarini ishlab chiqish toʼgʼrisida»gi parlament qarori qabul qilingan.
Ushbu qarorga koʼra, mamlakatimizning Davlat bayrogʼi, gerbi va madhiyasini ishlab chiqish boʼyicha konstitutsiyaviy komissiyaning ekspert guruhi tuzilgan.
Shu asnoda, “Oʼzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʼgʼrisida"gi Qonun 1992-yil 2-iyulda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida qabul qilingan.
Oʼzbekiston Respublikasining Davlat gerbi gullagan vodiy uzra charaqlab turgan quyosh tasviridan hamda soʼl tomonida bugʼdoy boshoqlari, oʼng tomonida ochilgan paxta chanoqlari suʼrati tushirilgan chambardan iborat.
Gerbning yuqori qismida Respublika jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan: sakkiz qirra ichida joylashgan yarim oy va yulduz musulmonlarning qutlugʼ ramzidir.
Gerbning markazida himmat, oliyjanoblik va fidoyilik timsoli boʼlgan afsonaviy Humo qushi qanotlarini yozib turibdi. Ushbu ramz va timsollar xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yoʼlidagi orzu-umidlarini ifodalaydi. Gerbning pastki qismida Respublika Davlat bayrogʼini ifoda etuvchi chambar lentasining bandiga "Oʼzbekiston" deb yozib qoʼyilgan.
Shuning bilan birga, "Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʼi toʼgʼrisida"gi qonun 1991-yil 18-noyabrda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oʼtkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.
Davlat bayrogʼi va uning ramzi bugungi Oʼzbekiston sarhadida qadimda mavjud boʼlgan davlatlar bilan tarixan bogʼliqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʼzida mujassamlashtiradi.
Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu — yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Аmir Temur davlati bayrogʼining rangi ham moviy rangda edi.
Bayroqdagi oq rang — muqaddas tinchlik ramzi boʼlib, u kun charogʼonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʼunlashib ketadi. Oq rang — poklik, begʼuborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki goʼzallikka intilishning timsoli.
Yashil rang — tabiatning yangilanish ramzi. U koʼpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar — vujudimizda joʼshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi. Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʼliq. Аyni paytda u qoʼlga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʼidagi 12 yulduz tasviri tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning oʼn ikki yulduzga boʼlgan eʼtiborimiz Oʼzbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi. Davlat bayrogʼimizdagi 12 yulduz tasvirini oʼzbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, oʼz tuprogʼida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.
Xulosa oʼrnida aytganda, mustaqil davlatimiz ramzlari tom maʼnoda tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorugʼ kelajagimizga boʼlgan ishonchimiz timsollaridir. Davlat ramzlarining muqaddasligi hamda ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz shart.
Ilham Kurbanbaev,
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi bosh yuriskonsulьti