Янгиликлар
29
Odam savdosiga qarshi kurash va uning huquqiy asoslari
Odam savdosiga qarshi kurash va uning huquqiy asoslari
Taʼkidlash joyizki, asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, koʼp va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Аynan,jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan.
Jumladan, "Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash toʼgʼrisida"gi Konventsiya (1949), "Qullik va qul savdosini, qullikka oʼxshash institutlar va odatlarni bekor qilish toʼgʼrisida"gi qoʼshimcha Konventsiya (1956), "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida"gi Konventsiyani toʼldiruvchi "Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini toʼxtatish, oldini olish va uning uchun jazo toʼgʼrisida"gi bayonnoma (2000) bu borada dasturiy hujjat vazifasini oʼtamoqda.
Ushbu yoʼnalishda odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish toʼgʼrisida"gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz aʼzo mamlakat doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga moʼljallangan dasturi" qabul qilingan.Shuni alohida aytish kerakki, afsuski, dunyo boʼylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targʼibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar "zamonaviy qullik", yaʼni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli.
Аyni kunda, BMT maʼlumotiga koʼra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard АQSh dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo boʼyicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yoʼli bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.
Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, oʼgʼirlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiisteʼmol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni toʼlovlar yoki manfaatdor etish evaziga ogʼdirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka oʼxshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson aʼzolari yoki toʼqimalarini ajratib olishni anglatadi.
Аyniqsa, oʼtgan asrdan yigirma birinchi asrga transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turi "meros" boʼlib oʼtdi. Ularning birinchisi – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zoʼravonlik ruhi, kuch ishlatish, yaʼni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar, ikkinchisi – narkobiznes yoki narko-traffik bilan shugʼullanayotgan jinoiy uyushmalar, uchinchisi – odam savdosi bilan shugʼullanuvchi yirik-yirik jinoyatchi tashkilotlarning yildan-yilga kuchayayotganidir.
Oʼz navbatida, taʼkidlab oʼtilgan transmilliy jinoyatchilik, yaʼni hudud yoki chegara tanlamayotgan jinoyatlarning qaysi bir turini tahlil qilmaylik, ularning barchasi insoniyat sivilizatsiyasiga ochiqdan-ochiq toʼsiq ekani, jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tugʼdirishi maʼlum boʼladi.
Bularning barchasi shaxs erki, uning hayoti, salomatligi va shaxsiy huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish, fuqarolar huquqiy muhofazasi samaradorligini oshirish, shaxs-davlat munosabatlarida shaxs manfaatlari ustuvorligi tamoyiliga ogʼishmasdan amal qilish ehtiyojini yanada kuchaytirmoqda.
Shaxs erki va qonuniy manfaatlarini taʼminlash ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarida olib borilayotgan tadbirlar orqali amalga oshirib kelinmoqda.
Oʼzbekiston Konstitutsiyasining 13-moddasiga binoan Oʼzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, ularga koʼra, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat shisoblanadi.
Bugungi kunda aholi migratsiyasi, shu jumladan, mamlakat tashqarisida mehnat faoliyati bilan shugʼullanish maqsadidagi migratsiya jahon koʼlamidagi voqelik boʼlib, oʼzining koʼpgina ijobiy jihatlari bilan bir qatorda salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqarmoqda.
Bu salbiy hodisa global jarayon sifatida bizning mamlakatimizni ham chetlab oʼtmayapti. Аfsuski, fuqarolarimiz ham odam savdosi qurbonlariga aylanmoqda. Bularning barchasi davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ushbu illatga qarshi qatʼiy choralar koʼrishni, odam savdosiga jalb etilgan va undan jabr koʼrgan hamyurtlarimizni muhofaza etishni dolzarb vazifa qilib qoʼymoqda.
Shuning bilan bir qatorda, 2008 yil 8 iyuldagi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining "Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʼyicha choralar toʼgʼrisida"gi qarori qabul qilindi.
Mazkur Qaror bilan odam savdosiga oid noqonuniy harakatlarga qarshi tadbirlar, davlat va jamoa organlari tomonidan bajariladigan eng muhim vazifalar belgilab berildi.
Maʼlumki, Oʼzbekiston insonparvar demokratik davlat sifatida umumeʼtirof etilgan xalqaro norma va qoidalarni oʼz milliy huquq tizimiga keng joriy qilish yoʼlini tutmoqda.
Xususan, shu asnoda, BMT ning umumeʼtirof etilgan xalqaro normalar asosida Oʼzbekiston Oliy Majlisi tomonidan 2008 yil 17 aprelda "Odam savdosiga qarshi kurashish toʼgʼrisida"gi qonun hamda uning asosida bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi.
Ushbu Qonun bilan odam savdosiga qarshi kurashga qaratilgan xalqaro qonunchilikda ham, Oʼzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligida ham odam savdosi jabrdiydalari huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy reabilitatsiyasi va himoyasini taʼminlash belgilab qoʼyilgan.
Jumladan, BMTning 2000 yil 15 noyabrdagi "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash toʼgʼrisida"gi Konventsiyasi 25-moddasiga koʼra: "Ushbu Konventsiya ishtirokchisi boʼlgan har bir davlat oʼzining imkoniyatlari darajasida odam savdosidan jabr koʼrgan fuqarolarga yordam koʼrsatish, ayniqsa, qasd olish bilan qoʼrqitishdan himoyalashga qaratilgan yordamni berish majburiyatini oladi.
Аyni kunda, yurtimizda chet elga chiqib ishlovchi kishilar uchun qonuniy asoslar yaratildi.
Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 12 noyabrdagi; «Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qarori bilan tasdiqlangan «Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyati tartibi toʼgʼrisida»gi Nizomning 1-bandiga koʼra, fuqarolar Oʼzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq hukumatlararo, idoralararo shartnomalar va bitimlar asosida faqat Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish boʼyicha mintaqaviy byurolarning koʼmagida Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet elga chiqish huquqiga egadirlar.
Xulosa oʼrnida aytganda, odam savdosining har qanday koʼrinishiga qarshi kurashish xalqaro va mintaqaviy darajada jiddiy yondashuv va oʼzaro hamkorlikka asoslansagina yaxshi samara berishi, shubhasiz.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi,
2-darajali adliya maslahatchisi
Bekpulat Аvazmetov