Янгиликлар
22
Referendum o’tkazish tartibidan xabardorsizmi?
Referendum o’tkazish tartibidan xabardorsizmi?
Bizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining referendumi O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir. Ya’ni, davlat ahamiyatiga ega bo’lgan muhim masalalar bo’yicha o’tkaziladigan va qonunlar qabul qilish uchun asos bo’lib xizmat qiladigan umumxal ovoz berish hisoblanadi hamda referendumda qabul qilingan qarorlar oily yuridik kuchga ega bo’ladi. Referendumda qabul qilingan qarorlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, referendumda qabul qilingan qarorlar faqat referendum yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.
Referendum o’tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasining 30.08.2001-yildagi “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonuni bilan tartibga solinadi.
Referendum o‘tkazish tashabbusi bilan:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti chiqishi mumkin.
Qonunga ko’ra, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni referendum o‘tkazuvchi komissiyalar amalga oshiradilar. Bular:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi;
hududiy komissiyalar — viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari;
referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari.
Ular fuqarolarni o‘z ishlaridan, ovoz berish uchastkalari tuzilganligi, komissiyalarning tarkibi, ularning joylashgan manzili va ish vaqtidan voqif etadilar, ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxatlari bilan tanishtiradilar, ovoz berish yakunlaridan xabardor qiladilar.
O‘zbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari referendumga tayyorgarlikning borishi va u qanday o‘tayotganligini yoritib boradilar.
Bundan tashqari, Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, fuqarolar tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar.
Referendum O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tayinlanadi.
Shuningdek, Referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir.
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga to‘la haqlidir.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar referendumda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning referendumda ishtirok etish huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqeyi, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi va xususiyatiga qarab fuqarolarning referendumda qatnashish huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash man etiladi.
Beruniy tumani adliya bo’limi
yuridik xizmat ko’rsatish markazi
bosh yuriskonsulti
3-darajali yurist B.Egamberdiyev