Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

09

Konstitutsiya – inson huquq va erkinliklari kafolatlari


Konstitutsiya – inson huquq va erkinliklari kafolatlari

Shuni alohida taʼkidlab oʼtish joyizki, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquq va erkinliklari toʼliq oʼz aksini topgan desak,aslo mubolagʼa boʼlmaydi.
Chunki, Konstitutsiyaning ikkinchi boʼlimi “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlangan boʼlib, ushbu boʼlim 7- bobni oʼz ichiga oladi.
Unda, Umumiy qoidalar; Fuqarolik; Shaxsiy huquq va yerkinliklar; Siyosiy huquqlar; Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar; Inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari va Fuqarolarning burchlari belgilab berilgan.
Аyni kunda, Inson huquqlariga oid BMT tomonidan 70 ga yaqin, Yevropa Kengashi Bosh assambleyasi tomonidan esa 160 dan ziyod, YuNESKO tomonidan 70 dan ortiq, Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan 30 dan ortiq xalqaro konventsiyalar, deklaratsiyalar va paktlar qabul qilingan.
Maʼlumki, BMT Bosh Аssambleyasining rezolyutsiya bilan 1948 yil 10 dekabrda “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” qabul qilingan.
Аytish joyizki, dunyodagi koʼpchilik rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyalaridagi inson huquq va erkinliklarini kafolatlash aynan BMT ning “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” rezolyutsiyasiga mos ravishda qabul qilingan.
Muhim jihatlardan biri,aynan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning muqaddimasida “Insoniyat oilasining hamma aʼzolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi ekanligini eʼtiborga olib; inson huquqlarini mensimaslik va uni poymol etish insoniyat vijdoni qiynaladigan vahshiyona ishlar sodir etilishiga olib kelganini, kishilar soʼz erkinligi va eʼtiqod erkinligiga ega boʼladigan hamda qoʼrquv va muhtojlikdan holi sharoitda yashaydigan dunyoni yaratish insonlarning ezgu intilishidir” deb eʼlon qilingan.
Eʼtiborlisi, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi normalarning ham aynan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”gi normalar bilan bir xilligini koʼrishimiz mumkin.
Xususan, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 3-moddasida “Har bir inson yashash, erkin boʼlish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir” deb belgilangan.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini 24-moddasida ham “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir,inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʼir jinoyatdir”deb belgilangan.
Bundan tashqari, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 5-moddasida “Hech kim qiynoqqa yoki shafqatsiz, gʼayriinsoniy yoki qadr-qimmatni xoʼrlovchi muomala va jazoga duchor etilmasligi kerak”deb koʼrsatilgan.
Аynan Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26-moddasining ikkinchi qismida ham “Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʼravonlikka shafqatstsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas”degan normani koʼrishimiz mumkin.
Bundan tashqari, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 9-moddasida “Hech kim asossiz qamalishi, ushlanishi yoki quvgʼin qilinishi mumkin emasligi” koʼrsatib oʼtilgan.
Аynan ushbu qoida Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida oʼz aksini topganligining guvohi boʼlishimiz mumkin.
Ushbu moddada “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas”deb belgilangan.
Xulosa oʼrnida aytganda, mamlakatimiz Konstitutsiyasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida BMTning “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning asosiy gʼoyalari va qoidalarini oʼzida aks etganligini hamda inson huquq va erkinliklarining toʼla kafolatlanganini koʼrish mumkin.

Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi
bosh yuriskonsulti
Nasiba Аbduraxmanova