Янгиликлар
29
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning oila muhitiga bo‘lgan huquqi kafolatlari
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning oila muhitiga bo‘lgan huquqi kafolatlari
Mamlakatimizda bola huquqlari qonuniy kafolatlangan. Ayniqsa oxirgi yillarda xotin-qizlar va bolalar huquqlari qonuniy himoyasi kuchaytirilib, ularni tazyiq va zo`ravonlikdan, ayniqsa oilaviy tazyiq va zo`ravonliklardan himoya qilinishi qonun va qonunosti huquqiy hujjatlar bilan kafolatlanmoqda.
Ózbekiston Respublikasi Bola huquqlari toǵ`risidagi O‘RQ-139-son Qonuni 2008-yil 7-yanvar kuni qabul qilingan bo`lib, unga ko`ra bola (bolalar) — o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs (shaxslar) hisoblanadi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar — yuzaga kelgan holatlar sababli og‘ir turmush sharoitida qolgan, davlat va jamiyat tomonidan alohida himoya qilishga hamda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bolalar, shu jumladan:
nogironligi bo‘lgan bolalar;
jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar;
yetim bolalar;
ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
ixtisoslashtirilgan bolalar muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalar;
muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan bolalar;
kam ta’minlangan oilalardagi bolalar;
jinoiy javobgarlikka tortilgan va jazoni ijro etish muassasalarida turgan bolalar;
zo‘ravonlik va ekspluatatsiya, qurolli mojarolar va tabiiy ofatlar natijasida jabrlangan bolalar hisoblanadi.
Shuningdek ushbu Qonunning 3-bobida Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilangan.
24-moddasida Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning oila muhitiga bo‘lgan huquqi kafolatlari belgilangan bo`lib, unga ko`ra davlat bolaning oilada bo‘lishiga to‘sqinlik qiluvchi sharoitlarni bartaraf qilish, bola oilasidan ajratilgan hollarda esa uni oilasiga tezroq qaytarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi.
Davlat nogironligi bo‘lgan bolalarni hamda jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalarga moddiy yordam, maslahat yordami va boshqa yordam ko‘rsatadi hamda ularni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishda imtiyozli huquq bu vazifani bajarishga qodir bo‘lgan qarindoshlariga beriladi.
Bolani oilaga joylashtirishning imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, uni ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish oxirgi choradir.
Oilada tarbiyalanishi mumkin bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar ularga zarur g‘amxo‘rlikni hamda qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydigan muqobil shaklda joylashtirilish huquqiga ega.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirishning shakllari quyidagilardir:
vasiylik va homiylikni belgilash;
bolani farzandlikka olish;
oilaga tarbiyaga olish (patronat);
ixtisoslashtirilgan tarbiya, davolash muassasalariga, ijtimoiy himoya muassasalariga joylashtirish.
Qonunchilikka muvofiq ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirishning boshqa shakllari ham nazarda tutilishi mumkin.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilishning institutsional hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga, bolalar orasida nazoratsizlikning va ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni ayniqsa nogironligi bo‘lgan bolalarni hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi davom etadi.
Qonliko`l tumani adliya bo`limi
bosh maslahatchisi B.Matjanova