Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Murojaat etishga bo’lgan huquqning Konstitutsiyada belgilanishi


Murojaat etishga bo’lgan huquqning Konstitutsiyada belgilanishi

O‘zbekiston Respublikasida har bir shaxsning davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga murojaat qilish huquqi konstitutsiyaviy norma asosida shakllandi. Konstitutsiyada shaxslarning ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish turlari mustahkamlab qo‘yildi. O‘z navbatida, har bir shaxs ushbu konstitutsiyaviy huquqini bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda amalga oshirishlari mumkin. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart. Mustaqillik yillarida Konstitutsiyada mustahkamlangan shaxslarning murojaat qilish huquqi “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi kabi qonunlar orqali amalga oshirildi. Xususan, 2017 yil 11 sentyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunida fuqarolarning murojaat qilish huquqini amalga oshirishlarining tartibi keng yoritib berilgan. Shuningdek, aholining davlat organlari munosabatga kirishlarining huquqiy tartibi ushbu qonun bilan tartibga solingan bo‘lib, ko‘zda tutilgan qoidalar barcha davlat organlari, davlat ishtirokidagi tashkilotlarga va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun birdek amal qiladi. Ushbu Qonun davlat organlari va davlat muassasalariga, shuningdek ularning mansabdor shaxslariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi.
Qonunga muvofiq, bugungi kunda shaxslarning murojaatlari qonuniylik, o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqish, murojaatlarga nisbatan talablarning bir xilligi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi, murojaatlarni ko‘rib chiqishda byurokratizm va sansalorlikka yo‘l qo‘yilmasligi, murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organlari, tashkilotlar va ular mansabdor shaxslari faoliyatining shaffofligi tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda “murojaat”ning og‘zaki, yozma yoki elektron shakllari bo‘lib, buni amalga oshirish uchun huquqiy asoslar bilan birgalikda, zarur shart-sharoitlar, jihoz va texnologiyalar mavjud. Murojaatlar ariza, taklif yoki shikoyat tarzida beriladi.
ariza - huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat;
taklif - davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaat;
shikoyat - buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat.
Murojaatlarning shakli, turidan qat’i nazar huquqiy jihatdan teng hisoblanadi. Kelib tushgan murojaatlar tegishli davlat organi tomonidan yoki murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ma’sul shaxs tomonidan ko‘rib chiqiladi. Davlat organlari va tashkilotlarning vakolatli shaxslari tomonidan joylarda sayyor qabullar tashkil etilishi ham mumkin.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish va ijobiy hal etish qonunchilikda belgilangan tegishli huquqiy asoslar, tartib va muddatlarda amalga oshiriladi. Jumladan, ariza yoki shikoyat 15 kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish, yoki qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilgan hollarda bir oygacha muddatda ko‘rib chiqilishi mumkin. Qonunchilikka muvofiq, muddat tegishli davlat organining rahbari tomonidan ko‘pi bilan bir oy muddatga uzaytirilishi nazarda tutilgan. Taklif bir oygacha bo‘lgan muddatda o‘rganilib, ko‘rib chiqiladi. Ushbu tartib-taomillarni ishlab chiqishda xalq manfaatlari hisobga olindi.
Xulosa o‘rnida qayd etish kerakki, murojaat qilishga oid mazkur konstitutsiyaviy huquqdan har bir shaxsning teng foydalanish imkoniyati to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunga kelib, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil davlat va jamiyat hayotiga tatbiq etildi. Murojaatlar bilan ishlashning zamonaviy o‘zbek modelini yaratishga erishildi. Respublikamizning barcha hududida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha teng imkoniyatlar, ochiq va shaffof mexanizm ishlamoqda. Amalga oshirilayotgan mazkur ishlarni kuchli fuqarolik jamiyatiga erishish yo‘lidagi ulkan qadam sifatida tushunishimiz lozim. Zero, insonlarni murojaat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquq bilan ta’minlash demokratik jamiyatda oliy qadriyat sifatida e’tirof etiladi.


Xo’jayli tumani adliya bo’limi
yuridik xizmat ko’rsatish markazi
bosh yuriskonsulti S.Aytmuratov