Янгиликлар
27
Sud tizimida 1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?
Sud tizimida 1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?
2023 yil 27 sentyabrda «Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilingan edi.
2024 yil 1 yanvardan apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalarini joriy qilish belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmlari, ajrimlari ustidan dastlab apellyatsiya tartibida, agar apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa, qonuniy kuchga kirgan hukmlar, ajrimlar ustidan kassatsiya tartibida shikoyat, protest berish, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlari bo‘yicha chiqarilgan hukmlar, ajrimlar ustidan esa, taftish tartibida shikoyat, protest berish, shuningdek, taftish tartibida takroran shikoyat, protest bildirish yuzasidan iltimosnoma bilan murojaat qilish imkoni yaratilmoqda.
Bundan tashqari hukm ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat, protest berish muddati yigirma sutkadan o‘n sutkaga qisqartirilmoqda. Shuningdek, jinoyat ishini kassatsiya va taftish tartibida ko‘rish natijalari yuzasidan yangi oqlov yoki ayblov hukmi chiqarish vakolatlari berilmoqda.
Qonunga kiritilgan ushbu o‘zgartirishlarga muvofiq, taftish tartibidagi shikoyat, protest tuman (shahar) sudlarining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlariga beriladi.
Tuman (shahar) sudlarining apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari ustidan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya bo‘yicha chiqarilgan hukmlar, ajrimlar va ular yuzasidan chiqarilgan apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining hukmlari, ajrimlari ustidan esa, bunday shikoyat yoki protest Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga beriladi.
Oliy sud raisi va Bosh prokuror Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining taftish tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan Oliy sudning Rayosatiga taftish tartibida takroran ko‘rib chiqish uchun protest bildirishlari mumkin.
Tajibaev Rustam Baxadirovich,
Qonliko‘l tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazining boshlig‘i