Янгиликлар
27
Korrupsiya - jamiyat va davlat uchun uchun xavfli illat
Korrupsiya - jamiyat va davlat uchun uchun xavfli illat
Bugungi davrda rivojlanib borayotgan, butun jahon hamjamiyati vakillarini tobora tashvishga solayotgan “korrupsiya” jamiyat xavfsizligi va barqarorligi, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy- madaniy rivojlanishi va mamlakatning taraqqiyot rivojiga to’sqinlik qilayotgan illatlardan biridir. Korrupsiya bilan bog’liq muammolarning keng talqin qilinishi va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan islohotlarning kuchaytirilishiga qaramay ushbu jinoyatni ildiz otib borishi, uning mohiyatini yanada chuqurroq tahlil qilish va kelib chiqish sabablarini yanada kengroq o’rga nishga chorlaydi. Korrupsiyaga oid jinoyatlar hukumat vakillarining jamiyat oldidagi obro’siga putur yetkazibgina qolmay, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarning izchil olib borilishida ham anchagina muammolarni tug’dirishi mumkin.
Shu bilan birga korrupsiya so'ziga qisqacha ta'rif berib o'tsak, Korrupsiya (lotincha: corrumpo —buzmoq, aynish, poraga sotilish) — mansabdor shaxsning oʻz mansabi boʻyicha berilgan huquqlarni shaxsiy boyish maqsadlarida bevosita suiisteʼmol qilishidan iborat amaliyot. Mansabdor shaxslarni sotib olish, ularning poraga sotilishi ham Korrupsiya deyiladi. Korrupsiya davlat apparati va parlament faoliyatida ayniqsa, avj oladi. Saylanadigan lavozimlarga nomzodlar saylov kampaniyasini oʻtkazish harajatlarini koʻtarish Korrupsiya koʻrinishlaridan biridir (saylangan kishi turli imtiyozlar, yordam, xizmatlar koʻrsatib "oʻz qarzini" qaytaradi). Aksariyat Korrupsiya lobbizm (monopoliyalarning qonunchilik organlari va amaldorlarga tazyiq oʻtkazish bilan shugʻullanadigan muassasa va agentlari tizimi) bilan bogʻlangan. Xalqaro darajada 1970-yillarda Yaponiyaga samolyotlar sotishda kompaniya tomonidan oliy davlat amaldorlarini sotib olish boʻyicha "Lokxid ishi" eg yirik Korrupsiya koʻrinishlariga misol boʻladi. Porani xaspoʻshlash uchun yirik bitishuvlarda koʻproq "xizmat haqi" toʻlash amaliyotidan foydalaniladi.
Korrupsiya ko‘plab davlatlarning jinoyat va ma’muriy qonunchiligi bilan ko‘p hollarda bu atama siyosiy elitadagi byurokratik apparatga qarata huquqqa qarshi harakat sifatida ta’qib qilinadi. Korrupsiyaning tarixiy o‘zaklari juda qadimga borib taqalib, bu hol qabilada ma’lum mavqega ega bo‘lish uchun qabila sardorlariga sovg‘alar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. O‘sha davrlarda bu normal holat sifatida qabul qilingan. Biroq davlat apparatining murakkablashuvi va markaziylashuvi korrupsiyaning davlat rivojlanishiga katta to‘siq ekanligini ko‘rsatdi. Korrupsiyaga qarshi kurashgan birinchi davlat sifatida qadimgi Shumer davlati tan olinadi. Qadimgi davlatlarni ayniqsa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo‘rligi qattiq tashvishga solganligi bizgacha saqlanib qolgan manbalardan ma’lum. Chunki bu holat davlatning obro‘siga juda qattiq putur yetkazardi. Dunyoning yetakchi dinlarida ham birinchi navbatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo‘rligi qattiq qoralanadi. Jumaladan, Injilda “Sovg‘alarni qabul qilma, chunki sovg‘a ko‘rni ko‘radigan qiladi va haqiqatni o‘zgartiradi” deyilgan bo‘lsa, Qu’roni Karimda “Boshqalarning mulkini nohaq yo‘l bilan olmangiz va boshqalarga tegishli bo‘lgan narsalarni olish uchun o‘z mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar” deyilgan.
Zardushtiylikning muqaddas kitobi Avestoda “haqqoniy hukm chiqarish, pora olmaslik, to’g’ri guvohlik berish va to’g’ri gapirish” ijobiy hislatlar sifatida ulug’lanib kelingan bo’lsa, aksincha, ko’rib turib adolatsizlik, nohaqlik qilga n amaldorlarning aytgan va qilgan yomon fikr, yomon kalom va yomon amallari” qattiq qoralangan. Shuni qayd etish kerakki, zardushtiylikda doimo ezgulik yuksak qadrlangan va baholangan.
Korrupsiya jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, ushbu zararli hodisa katta va kichik, badavlat va kambag‘al bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Ushbu zararli illatni bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, hanuzgacha u bartaraf etilmayapti. Korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishgan Shvetsiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi davlatlarning tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim o‘rin egallaydi. Korrupsiyaga qarshi kurashish organining samarali faoliyatida mahalliy bo’linmalarning ta’siri ham muhim ahamiyatga ega.
Xususan, Germaniya va Avstriya tajribasi ham korrupsiyaga qarshi kurashishda mahalliy tuzilmalarning muhim rol o’ynashini ko’rsatadi. Germaniyaning davlat apparatida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining asosiy bo’g’ini sifatida korrups iyaga qarshi kurashish bo’yicha maxsus bo’linmalardir. Avstriyada korrupsiyaga qarshi kurashish bilan maxsus prokuratura shug’ullanadi. Bunda Konstitutsiyaviy nazorat organlari, huquq-tartibot organlarining ahamiyati ortadi. Ya’ni, korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan normalarni konstitutsiyaviy nazorat organi tomonidan konstitutsiyaga zid deb topish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish kabi metodlardan unumli foydalanish ushbu davlatlarni korrupsiya darajasi juda past bo‘lgan davlatlar qatoriga olib chiqqan. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020-yili Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Halollik Vaksinasi“ va korrupsiyaga qarshi kurashish organligining tuzilishi kerakligi aytildi. Jamiyat va mamlakat turmushining barcha jabhalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan siyosatning samarasini oshirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkillashtirildi. Ushbu agentlik Prezidentga bo’ysunadi va Oliy Majlis palatalari oldida hisobot topshiradi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali natijaga erishish uchun jamiyatimizning quyi qatlamidan “korrupsiya-yomon illat” ekanligini, shu bilan birga “huquqiy ong va huquqiy madaniyat” tushunchasi to’g’risida yetarlicha ma’lumot berishimiz kerak. Biz bunda ,albatta, hammamiz foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlardan keng ravishda foydalanishimiz mumkin. Ortiqcha qonunlardan voz kechgan holda aholi bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimida yagona qonunchilik tizimini yaratishimiz kerak. Xulosani quyidagi Sh.Mirziyoyev aytgan gaplar bilan yakunlamoqchiman. Ya’ni “Jamiyatimizda korrupsiya turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarliklar holatlariga qarshi kurashish , ularga yo’l qo’ymaslik, jonoyatga jazo albatta muqarrar ekani to’g’risida qonun talablarini amalda ta’minlash bo’yicha qat’iy choralar ko’rishimiz kerak”.
Nukus shahar adliya boʻlimi
FHDY boʻlimi inspektori J.Tashimova