Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Yoshlar daftari" haqida nimalarni bilasiz?


Yoshlar daftari" haqida nimalarni bilasiz?

"Yoshlar daftari" nima?
Ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi.
"Yoshlar daftari"ga kimlar kiradi?
Tuman (shaharlar)dagi har bir sektor kesimida mahallabay «Yoshlar daftari»ga o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan quyidagi toifadagi yoshlar kiritiladi: ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar — muomalaga va mehnatga layoqatsiz, nogironligi yoki salomatligida nuqsoni bo‘lgan (nafaqa olmaydigan), boquvchisini yo‘qotgan, yetim, «Mehribonlik» uylari va bolalar shaharchalarida tarbiyalangan, muqaddam sudlangan, probasiya hisobida, profilaktik hisobda yoki ma’muriy nazorat ostida turuvchi ijtimoiy yordamga muhtoj yoshlar, shuningdek, «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchi farzandlari; iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar — tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini boshlash, shuningdek o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan ishsiz yoshlar; psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar — jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, turli xil muammolar sababli ijtimoiy reabilitasiyaga muhtoj yoshlar (suisid sodir etishga harakat qilgan va boshqalar); ishsiz yoshlar — haq to‘lanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan, ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ushbu organlar tomonidan ish qidirayotgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan mehnatga layoqatli yoshlar (bundan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar mustasno).
"Yoshlar daftari"ga kirish uchun kimga murojaat qilish kerak?
«Yoshlar daftari»ga kirish uchun quyidagilardan biri orqali murojaat qilish mumkin:
• yashash manzili bo‘yicha sektor rahbariga;
• www.yoshlardaftari.uz platformasi orqali elektron shaklda;
• 1093 qisqa raqamlari orqali operator bilan bog‘langan holda;
• yoshlardaftari telegram bot orqali (@yoshlardaftari_bot);
"Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga qanday yordam beriladi?
- tadbirkorlik, kasb-hunar, haydovchilik va kasbga qayta tayyorlov kurslarida o‘qitiladi;
- tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun mikrokreditlar va subsidiyalar ajratiladi;
- ish bilan bandligi ta’minlanadi;
- yetakchi tadbirkorlar va usta hunarmandlarga biriktiriladi;
- ikkilamchi ijara huquqi asosida dehqonchilik faoliyati uchun 1 gektargacha yer maydonlari ajratiladi;
- «Yoshlar daftari» jamg‘armasi tomonidan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatiladi;
- tibbiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatiladi.
"Yoshlar daftari" jamg‘armasidan moliyaviy ko‘mak olish uchun kimga murojaat qilish kerak?
1. Moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi – BHMning 4 baravari (980 ming so‘m)gacha. Bunda, bir marta beriladigan moddiy yordam to‘liq davlat ta’minotida bo‘lmagan, hayotiy murakkab vaziyatga tushgan yoshga, birinchi navbatda, quyidagilarga tayinlanadi: boquvchisini yo‘qotgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga; o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan ishga layoqatsiz yoshlarga; I va II guruh nogironi bo‘lgan yoshlarga; qaramog‘ida nogiron bola bo‘lgan yosh oila (er-xotinning biri)ga; ota-onalardan biri I yoki II guruh nogironi bo‘lgan, ikkinchisi esa ish faoliyatini to‘xtatgan holda bemorga qarashga majbur bo‘lgan yoki ikkala ota-ona ham I yoki II guruh nogironi bo‘lgan yoshlarga; tabiiy ofatlar, halokatlar, yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatida hayotiga, sog‘lig‘iga, mulkiga zarar yetgan yoshlarga. Murakkab hayotiy vaziyatga tushgan boshqa toifadagi yoshlarga, asoslantiruvchi sabablari mavjud bo‘lganda, sektorlar rahbarlarining xulosalariga asosan Vasiylik Kengashi qarori bilan bir martalik moddiy yordam berilishi mumkin. Shaxsga bir martalik moddiy yordam berilishi uni «Yoshlar daftari»dan chiqarishga asos bo‘lmaydi. Moddiy yordam shaxsga bir kalendar yil davomida bir marotaba beriladi.
2. Yoshlarni tadbirkorlik, kasb-hunar, haydovchilik va kasbga qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarining 75 foizigacha qismi qoplab beriladi. Bunda: tadbirkorlik va kasbga qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish xarajatlari – BHMning 4 baravari (980 ming so‘m)gacha; kasb-hunar va haydovchilik kurslari xarajatlarining bir oygacha – BHMning 4 baravari (980 ming so‘m)gacha, bir oydan ikki oygacha –BHMning 8 baravari (1 million 960 ming so‘m)gacha, ikki oydan ortiq muddatga – BHMning 12 baravari (2 million 940 ming so‘m)gacha. O‘quv kurslari xarajatlarining qolgan qismi tinglovchi tomonidan nodavlat kasb-hunarga o‘qitish markaziga o‘quv kursi boshida to‘lab berilishi lozim.
3. Tomorqa yer egasi bo‘lgan yoki «Har bir yoshga — bir gektar» tamoyili asosida ikkilamchi ijara huquqi asosida ekin maydonlari ajratib berilgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun subsidiya ajratiladi – BHMning 8 baravari (1 million 960 ming so‘m)gacha. Bunda, sektorlar shtabi kotibi tegishli soha mutaxassislari bilan birgalikda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshning murojaati kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida joyiga chiqqan holda arizachining tomorqa yerida yoki ikkilamchi ijara huquqi asosida ajratilgan ekin maydonida urug‘lik va ko‘chatlar ekish uchun mavjud sharoitni o‘rganadi va o‘rganish natijasi bo‘yicha dalolatnoma tuzadi.
4. Tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlari ko‘pi bilan bir yil uchun qoplab beriladi – BHMning 25 baravari (6 million 125 ming so‘m)gacha; Bunda, arizachi bino va inshootdan foydalanayotganligi to‘g‘risida ijaraga beruvchi bilan har oy yakuni bo‘yicha tuziladigan va keyingi oyning 5 sanasigacha taqdim etiladigan dalolatnomaga asosan Vasiylik kengashi bino va inshootning ijara haqi uchun to‘lovni ikki ish kunida ijaraga beruvchining hisob raqamiga o‘tkazadi.
"Yoshlar daftari"dan qanday hollarda chiqariladi?
•    bandligi ta’minlanganda (ishga joylashtirilganda, tadbirkor va usta hunarmandlarga biriktirilganda, dehqonchilik uchun yer maydonlari ajratilganda va h.k.);
•    doimiy daromad manbaiga ega bo‘lganda (mikrokreditlar, subsidiyalar ajratilganda va h.k.);
•    to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlar belgilangan tartibda to‘lab berilganda;
•    tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning ijara xarajatlari qoplanganda yoki mazkur faoliyat uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratilganda;
•    turar joy ijara kompensasiyasi belgilangan tartibda to‘lab berilganda;
•    malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilganda;
•    to‘liq davlat ta’minotiga olinganda;
•    aniqlangan boshqa muammolari qonuniy hal etilganda;
•    o‘z arizasiga ko‘ra;
•    «Yoshlar daftari»ga noqonuniy kiritish holati aniqlanganda;
•    boshqa davlatlarga ishlash yoki doimiy yashash uchun chiqib ketganda;
•    sudning ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda;
•    arizachiga ko‘mak berish bo‘yicha ish olib borish imkonini bermaydigan boshqa holatlar yuzaga kelganda;
•    arizachi vafot etgan taqdirda.


B.B.IKMETULLAEV
Kegeyli tumani adliya bo‘limi
Inson huquqlarini himoya qilish va
huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish
bo‘linmasi, bosh maslahatchisi