Янгиликлар
22
Ekologik munosabatlarning Konstitutsiyaviy huquqiy asoslari
Ekologik munosabatlarning Konstitutsiyaviy huquqiy asoslari
Shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi yangi Konstitutsiyasida ekologik va aholining ekologik xavfsizligiga doir talablar belgilangan bo‘lib, ushbu siyosiy-huquqiy hujjat mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish bo‘yicha eng muhim va asosiy qoidalarni belgilab beradi.
Ma’lumki, konstitutsiyaviy normalarning ekologik siyosatni amalga oshirishdagi o‘rni va ahamiyati beqiyos. Aynan Asosiy qonunda davlat organlari va jamoat birlashmalarining ekologik faoliyatini shakllantirish bo‘yicha asosiy prinsiplari mustahkamlanadi, fuqarolarning ekologik burchlari belgilanadi, jamiyatning ekologik barqaror rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari o‘rnatiladi. Konstitutsiyaviy normalar tizimi jamiyat va tabiatning o‘zaro aloqasi chog‘ida yuzaga keladigan va tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar tavsifidan kelib chiqib, shartli ravishda ikki qismga – umumiy va maxsus ekologik normalarga bo‘linishi mumkin.
Umumiy konstitutsiyaviy normalar demokratik-huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyatini tashkil etishning asosiy prinsiplarini belgilashda, fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini kafolatlashda, ekologik huquq-tartibotni mustahkamlashda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Xususan, Konstitutsiyamizning 10-bobi inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda davlatning fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan (shu jumladan ekologik) huquqlarini kafolatlashi belgilangan.
Shuningdek, Asosiy Qomusimizning beshinchi bo‘limida davlat hokimiyatini tashkil etishning asosiy qoidalari belgilangan bo‘lib, ushbu normalar ekologik qonunchilikning shakllanishi va shu sohadagi davlat organlarining tashkil etilishida muhim huquqiy negiz bo‘lib xizmat qiladi.
Yuqoridagilardan tashqari Konstitutsiyamizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining vakolatlari ham belgilangan bo‘lib, ushbu normalar mazkur organlarning ekologiya sohasidagi vakolatlarining huquqiy maqomini belgilovchi milliy qonun hujjatlarining rivojlanishi uchun asos bo‘ladi.
Umumiy konstitutsiyaviy normalarning ahamiyati yana shu bilan belgilanadiki, birinchidan, ularda ekologik munosabatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solinmagan; ikkinchidan, ushbu normalar ekologik qonunchilikning shakllanishi va rivojlanishida muhim ahamiyatga bo‘lgan asosiy qoidalarni belgilab beradi.
54-moddasida belgilanishicha, mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.
Ushbu normaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, unda mulk huquqi, xususan tabiiy resurslarga nisbatan mulk huquqi mazmunini belgilovchi mulkdor vakolatlari tartibga solingan hamda bunday xo‘jalik va ishlab chiqarish faoliyati atrof tabiiy muhitga zarar yetkazmasligi kabi talab mustahkamlangan.
Davlat ekologik siyosatining asoslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida o‘z aksini topgan. Unga ko‘ra, yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir. Ushbu konstitutsiyaviy norma davlat ekologik faoliyatining quyidagi asosiy prinsiplarini ifodalaydi:
birinchidan, respublika tabiiy resurslari umummilliy boylik hisoblanadi, ya’ni yuridik ma’noda ular xalq mulkini tashkil etadi hamda ular nomidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari qonunda belgilangan vakolatlari doirasida ish yuritadi.
ikkinchidan, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish zarur. Ekologiya huquqida oqilona deganda, tabiiy resurslardan ekologik normativ va standartlarga qat’iy rioya etgan holda foydalanish tushuniladi.
uchinchidan, tabiat ob’ektlari va resurslari davlat tomonidan qo‘riqlanadi. Bu davlat tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va muhofaza qilishni ta’minlashini hamda jismoniy va yuridik shaxslarning ekologik huquq va manfaatlariga, shuningdek ekologik huquq-tartibotga rioya etilishini kafolatlashini anglatadi.
Konstitutsiyamizning 100-moddasida esa, mahalliy davlat hokimiyati organlarining asosiy vakolatlari sanalgan bo‘lib, ushbu vakillik organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishi sifatida o‘z hududida “atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish” bo‘yicha vakolatlari mustahkamlangan. Ushbu normaning ahamiyati va zaruriyati quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
birinchidan, u atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish bo‘yicha asosiy vazifalarni belgilab beradi;
ikkinchidan, barcha darajadagi hokimlarga o‘z hududi doirasida ekologik qonunchilikka rioya etilishi borasida shaxsan javobgarlik ma’suliyatini yuklaydi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan asosiy ekologik-huquqiy normalar eng ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasiga mos bo‘lib, mamlakatimizda barqaror rivojlanishni ta’minlashga, atrof-muhit musaffoligini saqlashga, tabiatni hamda aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan. Asosiy Qonunimizda belgilab berilgan normalarning hayotga keng koʻlamda joriy etilishi atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yurtimizda ekologik holatni sogʻlomlashtirish nafaqat davlat va jamiyat, shu bilan birga, har bir fuqaroning vazifasi boʻlishiga erishishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Amudaryo tuman
Adliya bo’limi Yuridik xizmat ko’rsatish
markazi boshlig’i N.Jumaniyazova