Янгиликлар
22
Bosim va zo’ravonlikka uchragan ayollarga himoya ordeni berish tartibi
Bosim va zo’ravonlikka uchragan ayollarga himoya ordeni berish tartibi
Bizga ma`lumki, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2020-yil 4-yanvardagi 3-son “Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta’minlash va monitoring olib borish to‘g‘risida”gi nizom qabul qilindi. Ushbu normativ huquqiy hujjat orqali himoya ordeni berish tartibi tasdiqlandi. Avvalo, Himoya orderi deganda tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq oʼtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʼravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan taʼsir koʼrsatish choralari qoʼllanilishiga sabab boʼladigan hujjat tushuniladi.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi — deb o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishi tahdidi ostida bo‘lgan yoki tazyiq va zo‘ravonlik natijasida jabrlangan ayol jinsidagi shaxs nazarda tutiladi.
Yuqorida keltirilgan nizomning 3-bob 5-bandidan 17-bandigacha bosim hamda zo’ravonlikka uchragan ayol qizlarga himoya ordeni berish tartibi aniq va lo’nda ko’rsatilgan bo’lib, ular quyidagilardan iborat:
Himoya orderi ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika inspektori tomonidan quyidagi holatlarda beriladi.
tazyiq va zoʼravonlik qurbonining murojaati;
jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;
tazyiq yoki zoʼravonlik sodir etishi yohud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.
Tazyiq va zoʼravonlik toʼgʼrisida xabar bergan shaxslar va tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar toʼgʼrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoʼriqlanadi. Profilaktika inspektori ichki ishlar organlari navbatchilik qismlari tomonidan taqdim etilgan murojaatlar va xabarlarni 24 soat mobaynida oʼrganib chiqadi va oʼrganish mobaynida:
jabrlanuvchi va zoʼravonlik sodir etgan shaxslar hamda boshqa shaxslar bilan holat yuzasidan suhbat oʼtkazadi;
jabrlanuvchi va zoʼravonlik sodir etgan shaxsning turmush tarzi, tazyiq va zoʼravonlik sodir etilishining kelib chiqish sabablari va shart- sharoitlarini oʼrganadi;
jabrlanuvchi va zoʼravonlik sodir etgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.
Profilaktika inspektori murojaat va xabarlarni oʼrganish yakuni boʼyicha:
tazyiq va zoʼravonlik holatlari aniqlangan taqdirda – himoya orderini rasmiylashtiradi;
zoʼravonlik sodir etgan shaxslarga himoya orderi berilganligi toʼgʼrisida jabrlanuvchining roziligi bilan fuqarolapning oʼzini oʼzi boshqarish organlarini va boshqa vakolatli organlarni xabardor qiladi;
tazyiq va zoʼravonlik alomatlari aniqlanmagan taqdirda tegishli choralarni belgilaydi hamda bu haqda fuqarolar yigʼini raisi, kotibi, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-ahloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʼyicha mutaxassis ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtiradi;
Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyat belgilari aniqlangan taqdirda himoya orderini berish toʼgʼrisidagi masalani koʼrib chiqish bilan bir vaqtda ish materiallarini jinoiy javobgarlik masalasini hal qilish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboradi.
18 yoshga toʼlmagan jabrlanuvchilarning himoya orderini berish toʼgʼrisidagi arizasi ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili hozirligida koʼrib chiqiladi.
Himoya orderi uch qismdan iborat:
birinchi qismi (asli) toʼldirilgandan soʼng jabrlanuvchilarga beriladi;
ikkinchi qismi (nusxasi) zoʼravonlik sodir etgan shaxslarga beriladi;
uchinchi qismi profilaktika inspektorida qoladi.
Himoya orderi amal qilish muddati – 30 kungacha (qoʼshimcha 30 kunga uzaytirilishi mumkin).
Himoya orderi bilan quyidagi cheklovlar oʼrnatiladi:
tazyiq oʼtkazishni va zoʼravonlik sodir etishni taqiqlash;
taraflar oʼrtasida aloqani taqiqlash (ish va taʼlim muassasalarida bilvosita aloqaga yoʼl qoʼyiladi);
taraflarning bir xonada birga boʼlishini taqiqlash;
zoʼravon shaxs zimmasiga majburiyatlar yuklash (jabrlanuvchini davolash, moddiy va maʼnaviy zararni qoplash);
zoʼravon shaxsning qurolni saqlash va olib yurish huquqini cheklash yoki taqiqlash (xizmat qurolidan tashqari).
Amudaryo tuman
Adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish
markazi bosh yuriskonsulti A.Tojiboyev