Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

22

Fuqarolarning ko`chmas mulkka bo`lgan egalik huquqlari e’tirof etiladigan bo`ldi


Fuqarolarning ko`chmas mulkka bo`lgan egalik huquqlari
e’tirof etiladigan bo`ldi

So`nggi yillarda mamlakatimiz aholisining turmush darajasini oshirish, ularning munosib hayot kechirishlari uchun bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ayniqsa, Orolbo`yi hududida istiqomat qiluvchi Qoraqalpog`iston Respublikasi aholisining turmush darajasini yaxshilash, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish va shu bilan birgalikda aholining uy-joyga bo`lgan talablarini qondirish yuzasidan Prezidentimizning bir qancha qaror va farmonlari imzolandi.
Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-iyulda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan uy-joylarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida” PF-119-son Farmoni imzolangan bo`lib, mazkur Farmon hudud aholisi uchun berilayotgan e’tiborning yaqqol namunasidir.
    Mazkur Farmon bilan Qoraqalpog`iston Respublikasida bir necha yillardan beri istiqomat qilib kelayotgan, lekin egalik huquqi e’tirof etilmagan 43 432 ta uy-joylarga nisbatan hujjatlar rasmiylashtirilib beriladigan bo`ldi. Bunda:
-yer uchastkasiga ijara huquqi hamda bino va inshootlarga mulk huquqini e’tirof etish uchun:
fuqaro ushbu uy-joydan 2018-yil 1-maygacha bo‘lgan davrdan boshlab o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz foydalangan bo‘lishi, ushbu holat kosmik suratlarni qayta ishlash orqali hamda so‘nggi besh yil uchun yer solig‘i va mol-mulk solig‘i to‘langanligi bilan tasdiqlangan bo‘lishi;
huquqni e’tirof etish boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzmasligi;
yer uchastkasi bo‘sh bo‘lmasligi, unda qurilgan uy-joy yashash uchun mo‘ljallangan bo‘lishi, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligi;
yer uchastkasi sug‘oriladigan yerlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar, transport, aloqa va mudofaa maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar, kimyoviy yoki radioaktiv moddalar bilan ifloslangan yerlar toifasiga kirmasligi, suv obyektlarining sanitariya muhofazasi zonalarida, yer usti va yer osti suvlarining hosil bo‘lish zonalarida joylashmagan bo‘lishi shartligi;
yer uchastkasiga ijara huquqi 1998-yil 30-aprelga qadar egallangan yerlar uchun — 0,24 gektargacha, 1998-yil 1-maydan 2018-yil 1-mayga qadar egallangan yerlar uchun — 0,06 gektargacha hajmda e’tirof etilishi, belgilandi.
Shu o`rinda, shuni aytish joizki, fuqarolarning har kim uy-joyli bo`lish kabi konstitutsiyaviy huquqlarini ro`yobga chiqarishida mazkur Farmonning ahamiyati benihoya katta bo`ldi.

Beruniy tumani adliya bo`limi bosh
maslahatchisi, 3-darajali yurist
Ismailov Shaxzod Kanjaboy o`g`li