Янгиликлар
14
Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari bo‘yicha ish yuritish
Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari bo‘yicha ish yuritish
Voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish qonun bilan kafolatlangan.
Voyaga yetmaganlarni nazoratsiz va qarovsiz qoldirish qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘lishga sabab bo‘lishi mumkin.
Voyaga yetmaganlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 547-564 moddalari bilan tartibga solinadi.
Unga ko‘ra, jinoyat qilgunga qadar o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritish tartibi umumiy qoidalar, shuningdek ushbu Kodeksning 548 — 564-moddalari asosida belgilanadi.
Surishtiruv, dastlabki tergov harakatlari va sud muhokamasi davrida voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar bo‘yicha, ushbu Kodeksning
82-84-moddalarida ko‘rsatilgan holatlardan tashqari, quyidagilar isbotlanishi lozim:
1) voyaga yetmagan ayblanuvchining aniq yoshi (tug‘ilgan yili, oyi, kuni);
2) voyaga yetmaganning shaxsiga xos xususiyatlar va uning salomatligi holati;
3) uning turmush va tarbiyalanish sharoitlari;
4) katta yoshli dalolatchilar va boshqa ishtirokchilarning bor yoki yo‘qligi.
Voyaga yetmaganning jinoyatlari haqidagi ishni yuritishda qonuniy vakilning qatnashishi shart.
Qonuniy vakilning ishda ishtirok etishiga surishtiruvchi yoki tergovchining qarori bo‘yicha voyaga yetmagan shaxsni gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida birinchi so‘roq qilish paytidan boshlab yo‘l qo‘yiladi. Qonuniy vakilning ishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilganda unga ushbu Kodeksning 61-moddasida nazarda tutilgan huquqlar tushuntiriladi.
Qonuniy vakil o‘z harakati bilan voyaga yetmagan shaxsning manfaatiga zarar yetkazadi deb hisoblash uchun asos bo‘lsa, surishtiruvchining, tergovchining qarori yoki sudning ajrimi bilan voyaga yetmaganning qonuniy vakili ishda qatnashishdan chetlashtirilishi mumkin. Bunday holda voyaga yetmagan shaxsning manfaatlarini himoya qilish boshqa qonuniy vakilga yoki vasiylik va homiylik organining vakiliga topshiriladi.
Voyaga yetmagan shaxsni gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida birinchi so‘roq qilishdan boshlab, surishtiruvchi yoki tergovchi ishda himoyachining ishtirok etishini ta’minlash choralarini ko‘radi. Shu maqsadda voyaga yetmagan shaxsga va uning qonuniy vakiliga o‘zlari xohlagan himoyachini taklif etish huquqiga ega ekanligi tushuntiriladi. Agar himoyachi voyaga yetmagan shaxsning, uning qonuniy vakilining yoxud boshqa shaxslarning topshirig‘i yoki roziligi bilan chaqirilmagan bo‘lsa, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ishda himoyachining ishtirok etishini o‘z tashabbusi bilan ta’minlashga majbur.
Sud voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar ko‘riladigan vaqt va joy haqida ularning ota-onasini, ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslarni, voyaga yetmaganlar o‘qigan yoki ishlagan korxonani, muassasani, tashkilotni, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyani, zarur bo‘lsa, boshqa tashkilotlarni ham xabardor qiladi. Sud bu tashkilotlarning vakillarini, sudlanuvchining vasiy yoki homiysini sud majlisiga chaqirishga haqlidir.
Voyaga yetmagan shaxsga ayblov e’lon qilish vaqtida himoyachi bilan bir qatorda voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili ham ishtirok etadi.
Voyaga yetmagan gumon qilinuvchini va ayblanuvchini so‘roq qilish himoyachi, qonuniy vakil ishtirokida amalga oshiriladi.
Himoyachi va qonuniy vakil gumon qilinuvchiga va ayblanuvchiga savollar berishga haqli. So‘roq yakunlangach, himoyachi va qonuniy vakil bayonnoma bilan tanishishga va u haqda o‘z mulohazalarini bildirishga haqli.
Voyaga yetmagan gumon qilinuvchini, ayblanuvchini so‘roq qilishning umumiy davomiyligi kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun bir soatlik tanaffusni hisobga olmaganda olti soatdan oshmasligi kerak.
Voyaga yetmagan gumon qilinuvchini yoki ayblanuvchini so‘roq qilishda surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning ixtiyoriga ko‘ra yoxud voyaga yetmagan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi himoyachisining, qonuniy vakilining iltimosiga binoan pedagog va (yoki) psixolog ishtirok etishi mumkin. Pedagogning va (yoki) psixologning ishtirokini ta’minlash jinoyat ishini yuritayotgan surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning zimmasiga yuklatiladi. Pedagog va (yoki) psixolog surishtiruvchining, tergovchining ruxsati bilan gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchiga savollar berishga, so‘roq tugaganidan so‘ng esa, so‘roq bayonnomasi bilan tanishib, bayonnomadagi yozuvlarning to‘g‘riligi va to‘liqligi haqida o‘z fikrlarini yozma shaklda bayon etishga haqlidir. Bu huquqlar surishtiruvchi, tergovchi tomonidan pedagogga va (yoki) psixologga voyaga yetmagan shaxsni so‘roq qilishdan oldin tushuntiriladi va bu haqda so‘roq bayonnomasida qayd qilinadi.
Ushbu Kodeksning 236-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘lgan taqdirda voyaga yetmagan ayblanuvchiga ushbu Kodeksning 237-moddasida nazarda tutilgan ehtiyot choralaridan birini qo‘llash mumkin. Voyaga yetmagan shaxs ota-onasining, homiylar, vasiylarning qaroviga yoki, basharti u bolalar muassasasida tarbiyalanayotgan bo‘lsa, shu muassasa rahbarlarining qaroviga ham berilishi mumkin.
Voyaga yetmagan ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot choralari qo‘llanilgani to‘g‘risida uning qonuniy vakiliga, agar bunday vakil bo‘lmasa, boshqa qarindoshlariga xabar qilinadi.
Voyaga yetmagan shaxsni ota-onasi, vasiylar, homiylar yoki bolalar muassasasi rahbarlarining qaroviga topshirish mazkur shaxslardan birontasi voyaga yetmaganning surishtiruvchi, tergovchi, prokuror huzuriga va sudga o‘z vaqtida kelishini, shuningdek ayblanuvchining ushbu Kodeks 46-moddasida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarishini ta’minlash mas’uliyatini yozma ravishda o‘z zimmasiga olishidan iboratdir.
Voyaga yetmaganni ota-onasining, vasiylarning, homiylarning yoki boshqa shaxslarning qaroviga topshirish ularning, shuningdek voyaga yetmagan shaxsning o‘zining roziligi bilangina amalga oshiriladi.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud voyaga yetmagan shaxsni qarovga topshirishdan oldin ota-onalar, vasiylar yoki homiylarning shaxsi, ularning voyaga yetmagan shaxs bilan o‘zaro munosabati haqida ma’lumot to‘plashi va ular o‘smirni qarov ostiga olishni lozim darajada amalga oshirishga qodir ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak.
Ota-onalar, vasiylar, homiylar o‘zlarining kasalliklari, ish bilan band ekanliklari, voyaga yetmagan shaxs bilan o‘zaro munosabatlari yomonlashganligi va shuning oqibatida uning munosib xulq-atvorda bo‘lishini ta’minlay olmasliklari sababli voyaga yetmagan shaxs o‘z qarovlarida bo‘lishidan istagan vaqtda voz kechishga haqlidir.
Ota-onalardan, vasiylardan, homiylardan bolalar muassasasi rahbarlaridan voyaga yetmagan shaxsni qarovga qabul qilish haqida tilxat olinayotganda ular ushbu ehtiyot chorasi qo‘llanishiga asos bo‘lgan ayblovning mohiyati, ayblanuvchiga tayinlanishi mumkin bo‘lgan jazo va voyaga yetmagan shaxs sodir etishi ehtimol tutilgan qilmishlarning oldini olish maqsadida qarovga berilganidan keyin u xuddi ana shu xatti-harakatlarni sodir etsa, qarovga oluvchilarning javobgarligi haqida xabardor qilinishi lozim. Bu ma’lumotlar qarovga berish bayonnomasida yoki sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.
Ayblanuvchi o‘z vazifasini bajarmagan taqdirda uni o‘z qaramog‘iga olgan shaxs qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishi mumkin.
Ehtiyot choralarini qo‘llash uchun asoslar bo‘lgan taqdirda, voyaga yetmagan ayblanuvchini, sudlanuvchini turmush va tarbiyalanish sharoitiga ko‘ra ilgarigi yashash joyida qoldirib bo‘lmasa, u surishtiruvchining, tergovchining prokuror sanksiya bergan qaroriga yoki sudning ajrimiga binoan bolalar muassasasiga joylashtirilishi mumkin.
Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish yoki uy qamog‘i voyaga yetmagan shaxsga nisbatan faqat ushbu Kodeksning 236-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘lganda va unga besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tayinlanishi mumkin bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etganlikda ayb e’lon qilingan hamda ayblanuvchining munosib xulq-atvorda bo‘lishini boshqa ehtiyot choralari ta’minlay olmaydigan taqdirda qo‘llanilishi mumkin.
Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi masalani ko‘rib chiqishda prokuror ish materiallari bilan shaxsan tanishib chiqishi, iltimosnomaning asosliligini tekshirishi, hodisaning favquloddaligiga ishonch hosil qilishi va ayblanuvchini ushbu ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha so‘roq qilishi shart.
Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish qo‘llanilgan voyaga yetmagan shaxslar katta yoshdagilardan, shuningdek voyaga yetmagan mahkumlardan alohida saqlanishi lozim.
Voyaga yetmagan ayblanuvchiga surishtiruv, dastlabki tergov tamomlanganligi e’lon qilinib, unga ish materiallari ko‘rsatilayotganda uning qonuniy vakili ishtirok etadi. Surishtiruvchi, tergovchi qonuniy vakilga ayblanuvchini ish materiallari bilan tanishtirish vaqti va joyi to‘g‘risida xabar berishi kerak.
Surishtiruvchi, tergovchi voyaga yetmagan ayblanuvchiga uning shaxsi shakllanishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ish materiallarini tanishish uchun ko‘rsatmaslik to‘g‘risida qaror chiqarishga haqlidir.
Ushbu Kodeks 19-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda voyaga yetmaganlarning jinoyatlari to‘g‘risidagi ish yopiq sud majlisida ko‘riladi.
Voyaga yetmagan sudlanuvchining himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek prokurorning fikrini eshitib, voyaga yetmagan shaxsga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan holatlar tekshirilayotganda sud o‘z ajrimi bilan uni sud zalidan chiqarib turishga haqli.
Voyaga yetmagan shaxs sud zaliga qaytarilganidan so‘ng raislik qiluvchi unga yo‘qligida bo‘lib o‘tgan muhokama mazmunini yetarli hajmda va shaklda ma’lum qiladi va uning yo‘qligida so‘roq qilingan shaxslarga savol berishi uchun voyaga yetmaganga imkoniyat yaratib beradi.
Sud, zarurat bo‘lganda, voyaga yetmagan shaxsning jinoyati to‘g‘risidagi ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida bolalar masalalari bo‘yicha komissiyaga xabar beradi. Sud, shuningdek bu komissiya vakillarini guvoh sifatida so‘roq qilish uchun sud majlisiga chaqirishga haqlidir.
Voyaga yetmagan sudlanuvchiga nisbatan hukm chiqarishda sud, ushbu Kodeksning 457-moddasida ko‘rsatilgan masalalardan tashqari, basharti voyaga yetmagan shaxs shartli hukm qilinsa, unga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlansa, voyaga yetmagan shaxsga jamoat tarbiyachisi tayinlash zarurligini muhokama qilishga majbur.
Voyaga yetmagan shaxsni Jinoyat kodeksi 87-moddasining birinchi qismiga muvofiq javobgarlikdan ozod qilib, materiallarni bolalar masalalari bo‘yicha komissiyada ko‘rishga topshirish chog‘ida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan ishni ko‘rishda Jinoyat kodeksi
87-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda sud voyaga yetmagan shaxsni jazodan ozod qilish va unga nisbatan majburlov chorasini qo‘llanish to‘g‘risidagi masalani muhokama etishi shart. Sud majburlov chorasini qo‘llanish yoki qo‘llanmaslik to‘g‘risida asoslantirilgan ajrim chiqaradi.
Majburlov chorasini qo‘llanish yoki qo‘llanmaslik to‘g‘risidagi ajrim ustidan umumiy tartibda shikoyat berilishi va protest bildirilishi mumkin.
Kegeyli tumani Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i K.M.Paluaniyazov