Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari


Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari

    O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasida “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega” deb belgilangan. Shu nuqtai nazardan mamlakatimizda har bir shaxsning, millati va diniy qarashlaridan qat’iy nazar erkin kasb tanlash va mehnat qilish erkinliklari qonun darajasida kafolotlab qo’yilgan.
    Ayniqsa, yangi qabul qilingan Konstitutsiyamizda nogironligi bo’lgan shaxslarga alohida e’tibor qaratilib, ularning huquq va erkinliklarini, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari davlat himoyasiga olindi. Xususan, Konstitutsiyamizning 57-moddasi 3-xatboshisida “Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlaydi” deb mustahkamlab qo’yilgan.
    Mamlakatimizdagi nogironligi bo’lgan shaxslarning mehnat qilish huquqlarini ta’minlash, ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi, ularni ishga qabul qilishdagi kafolotlar O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi bilan tartibga solingan. Masalan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmasligi, kunlik ishning (smenaning) davomiyligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalariga muvofiq belgilanadi, lekin olti kunlik ish haftasida — olti soatdan, besh kunlik ish haftasida — yetti soatu o‘ttiz daqiqadan ortib ketmasligi belgilab qo’yilgan.
Bundan tashqari, I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga davomiyligi kamida o‘ttiz kalendar kundan iborat yillik mehnat ta’tili beriladi va ular bu ta’tildan yilning o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtida foydalanishi mumkin hamda yillik mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek eng asosiysi, Nogironligi bo‘lgan shaxslarga “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq belgilangan ish o‘rinlarining eng kam soni hisobidan zaxiradagi ish o‘rinlariga mahalliy mehnat organlari yo‘llanmasiga ko‘ra ishga joylashish huquqi kafolatlab qo’yilgan.
Umuman olganda, bugungi kunda yurtimizda nogironligi bo’lgan, boquvchisini yo’qotgan hamda ijtimoiy jihatdan kam ta’minlangan shaxslarning huquq va erkinlarini himoya qilish, ularning jamiyatda o’z o’rnini topishda ko’maklashish, ularga munosib turmush tarzini yaratib berish borasidagi keng ko’lamli islohotlar davom ettirilmoqda.

Beruniy tumani Adliya bo’limi
Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
bosh yuriskonsulti B.Egamberdiyev