Янгиликлар
24
Vijdon erkinligi
Vijdon erkinligi
Mustaqillik yillarida mamlakatimizning ma’naviy hayotidagi yangilanish jarayoni tub oʻzgarishlar samarasi oʻlaroq dinga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgardi.
Sobiq sovet tizimining ateistik siyosatiga barham berildi, vijdon erkinligi qonun orqali kafolatlandi. Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilishi, diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmasligi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan mustahkamlandi. Shuning barobarida davlatchiligimiz demokratik rivojlanish yoʻlini tanladi. Oʻzbekiston Respublikasining mustaqillik yillaridagi taraqqiyot tajribasi musulmon jamiyatlarida milliy oʻzlikni anglash va islomiy uygʻonish jarayonlari bir-biri bilan aloqador tarzda, hatto bir-biriga kirishib ketgan holda kechadi, degan xulosaning toʻgʻriligini tasdiqlamoqda. Darhaqiqat, milliy oʻzlikni anglash bilan bogʻliq turfa jarayonlarni diniy qadriyatlardan ayro holda tasavvur etish mushkul.
Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunini yanada takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan sa’y-harakatlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining vijdon erkinligi huquqini mustahkamlash, diniy e’tiqodini amalga oshirishda duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish, diniy tashkilotlar faoliyatini tartibga solish, dinlararo va millatlararo nizolar kelib chiqishining oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur qonunni yanada mukammal holatga keltirishdan koʻzlangan asosiy maqsad vijdon erkinligi kafolatlarini kuchaytirish, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini ta’minlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, davlatning din ishlari boʻyicha siyosatini takomillashtirishdan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunining yangi tahririda diniy sohada qonun hujjatlarida qoʻllaniladigan asosiy tushunchalarga ta’rif berilishi, vijdon erkinligini ta’minlash sohasida asosiy ustuvor yoʻnalishlar belgilab berilishi, diniy tashkilot rahbarligiga koʻrilayotgan chet ellik fuqaro nomzodini Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan kelishish talabi chiqarib tashlanishi, diniy tashkilot rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi toʻgʻrisidagi talab bekor qilinishi kabi kiritilgan yangilik va oʻzgarishlar diqqatga sazovordir.
Ayniqsa, diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari, ularni ta’minlashning qoʻshimcha kafolatlari, shu jumladan, yuqori turuvchi organ yoki sudga mansabdor shaxslarning diniy tashkilotlarning huquq va erkinliklarini buzuvchi qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) boʻyicha ular sudga murojaat qilganda, davlat bojini toʻlashdan ozod etilishi mustahkamlab qoʻyilishi davlatimizning demokratik islohotlar yoʻlida xalq uchun xizmat qiladigan oʻzgarishlardan biri, deb hisoblash mumkin.
Bundan tashqari, davlat xizmatlari koʻrsatishning elektron tizimga oʻtish orqali diniy tashkilotni tuzish va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi oʻrnatilishi ham yuridik va jismoniy shaxslarga birmuncha qulayliklar yaratishi shubhasizdir. Shuningdek, qonunda jamoat tartibini saqlash, boshqa fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi, axloqi, huquqlari va erkinliklarini ta’minlash maqsadida bir qancha qoidalar oʻz aksini topganligi xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni ta’minlash, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish, inson huquq va manfaatlarini, tenglikni va erkinlikni taminlashga xizmat qiladi.
Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunini takomillashtirish yuzasidan qabul qilingan yangilanish va oʻzgarishlarga boʻlgan ehtiyoj va zaruriyat oʻtgan davr mobaynida oʻz tasdigʻini topib, qonundagi qabul qilingan yangilik va oʻzgarishlar xalq manfaatlari yoʻlida xizmat qiladi.
Amudaryo tumani Adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish
bosh yuriskonsulti M.G.Matyusupov