Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

18

Bayrogʻimiz-faxrimiz, gʻururimiz


Bayrogʻimiz-faxrimiz, gʻururimiz

Taʼkidlash kerakki, 1991-yil 18-noyabr Oʻzbekiston fuqarolari uchun qadrli va unutilmas kunlardan biri sanaladi. Сhunki, ushbu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oʻtkazilgan VII sessiyasida "Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida"gi Qonun qabul qilindi.

Bugungi kunda davlatimiz mustaqilligining jahoniy ifodasi, xalqimiz gʻururi, iftixori, orzu-umidining ramzi boʻlgan bayrogʻimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotida hilpirab turibdi.

Oʻtgan yillar davomida mamlakatimizda “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilingan kunni maʼlum maʼnoda bayram qilish anʼanaga aylandi.

Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi mamlakatimiz suverenitetining ramzi boʻlib, unda milliy davlatchiligimiz, mustaqil va mustahkam davlat barpo etish borasidagi ezgu gʻoyamiz, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligimiz, orzu-maqsad va intilishlarimiz, or-nomusimiz va gʻururimiz aks etgan.

“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonunning 2-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi respublika davlat suverenitetining ramzidir.

Qonunning 3-moddasida aytilganidek, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi xalqaro maydonda, Oʻzbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chogʻida, xalqaro tashkilotlarda, konferentsiyalarda, jahon koʻrgazmalarida, sport musobaqalarida Oʻzbekiston Respublikasining timsoli boʻladi.

Dunyoda davlat bayroqlari koʻp, lekin ular ichida Oʼzbekiston bayrogʻi eng koʻrkam va chiroylisidir. Negaki, u qalbimiz, ruhimizga tutashdir. Unda olam-olam maʼnolar mujassam. Bayroqdagi navqiron yarim oy tasviri milliy-tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʻliq. Аyni paytda, u qoʻlga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham sanaladi. 12 yulduz tasvirida oʻzbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, oʻz tuprogʻida saodatga intilishi ifoda etilgan. Undagi moviy rang – tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obi-hayot ramzidir. Timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Аmir Temur davlati bayrogʻining rangi ham moviy rangda boʻlgan. Oq rang – muqaddas tinchlik ramzi boʻlib, u kun charogʼonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʼunlashib, poklik, begʼuborlik, soflik, orzu va xayollar tozaligi va ichki goʼzallikka intilishni namoyon etadi. Yashil rang – oʻzida tabiatning yangilanishini ifoda etadi. U koʻgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar esa vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatib turadi.

Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʻliq. Аyni paytda u qoʻlga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi hamdir.

Yulduzlar barcha uchun ruhoniy, ilohiy timsol sanalgan. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻidagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning oʻn ikki yulduzga boʻlgan eʼtiborimiz Oʻzbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.

Bu yil esa bu bayram mamlakatimizda oʻzgacha bir yuksak koʻtarinkilik, gʻurur va iftixor bilan nafaqat mamlakatimiz, balki dunyoning koʻpdan koʻp davlatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tomonidan ham eng katta milliy bayramlardan biri sifatida nishonlanmoqda. Аyniqsa, Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari, vakolatxonalari tomonidan ham bayram munosib tarzda kutib olinmoqda. Nazarimizda, u bu yilga kelib chinakam maʼnoda oʻzining yuksak maqomiga koʻtarilmoqda.

Xulosa oʻrnida aytganimizda, bugun Vatanimiz bayrogʻi ozod yurt uzra hilpirab turibdi va xalqimizning shon-sharafi, gʻururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va kelajak sari intilishlarini oʻzida mujassam qilgan.

Oʻz mamlakati bilan faxrlanadigan har bir inson hamisha millatga saodat baxsh etadigan ulugʻ ishlarga qodir boʻladi desak, aslo xato boʻlmagan boʻlar edi.



Bekpulat Аvazmetov

Toʻrtkoʻl tuman adliya boʻlimi,

Yuridik xizmat koʻrsatish

markazi boshligʻi,

2-darajali adliya maslahatchisi