Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

20

Konstitutsiya – inson huquq va erkinliklarining kafolatlari


                    Konstitutsiya – inson huquq va erkinliklarining kafolatlari

Аsosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan, milliy mustaqilligimiz va  
     rivojlanish yoʼlimiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.
                                                                                                Shavkat Mirziyoev

    Shuni qayd etish kerakki, mustaqil demokratik yoʼldan dadil odimlab borayotgan Oʼzbekistonning eng ulugʼ maqsadi, avvalombor, xalqimiz manfaatlari koʼzlangan islohotlarni amalga oshirishga qaratilgani bilan eʼtiborlidir. Soʼnggi yillar mobaynida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, yuqorida muhtaram yurtboshimiz tomonidan qayd etilganidek, inson huquq va erkinliklarini kafolatlash, oʼtgan davr mobaynida mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasida amalga oshirishga qaratilgan islohotlar boʼyicha gʼoyat dolzarb chora-tadbirlarning izchillik bilan hayotga tadbiq etilayotganligini koʼrishimiz mumkin.
    Shuni alohida taʼkidlab oʼtish joizki, bu yil Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganligiga 31 yil toʼladi. Hech bir mubolagʼasiz aytish kerakki, 1992-yil 8-dekabr mustaqil mamlakatimiz tarixida oʼziga xos qadr-qimmatga ega boʼlgan, uning taraqqiyotida tengsiz huquqiy, siyosiy va xalqaro ahamiyatga ega sana sifatida qabul qilingan.
    Аytish kerakki, mamlakatimiz Konstitutsiyasi adolat, huquq, erkinlik, tinchlik, inson manfaatlarining hamda qonun ustuvorligi kabi demokratik tamoyillarni oʼz ichida mujassam etgan.
    Ma`lumki, har bir xalq va millat oʼz istiqloliga erishganidan soʼng jahonda yangi mustaqil davlat sifatida tashkil topgach, kelajagi va istiqbollarini oʼz Konstitutsiyasida belgilab qoʼyadi.
    Chunki har qanday rivojlangan davlatning fuqarolik jamiyatida inson, uning hayoti, shaʼni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadi. Shu asnoda aytganda mamlakatimiz Konstitutsiyasida umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq normalariga toʼla muvofiq ravishda inson huquq va erkinliklari kafolatlab qoʼyilgan.
    Eʼtiborli jihatlardan yani biri yurtimiz davlat mustaqilligiga erishgan dastlabki kunlardan boshlab umumbashariy insonparvarlik qoidalarga asoslanib fuqarolarimizning erkinliklari, huquq va qonuniy manfaatlarini toʼliq taʼminlab kelinmoqda.
    Muxtasar qilib aytganimizda, aynan Konstitutsiyaning 13-moddasida Oʼzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, unga koʼra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi deb qatiy belgilab qoʼyilganligidan ham koʼrishimiz mumkin.
    Shuhbasiz, Konstitutsiyada belgilangan qonun ustuvorligi prinsipi jamiyatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, barcha islohotlarni samarali amalga oshirishning muhim kafolati boʼlib xizmat qilmoqda.
    Shuni alohida taʼkidlab oʼtishimiz kerakki, Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklari qonunlar bilan himoya qilinadi deb belgilab qoʼyilganligining oʼzi ham yurtimizda inson huquq va erkinliklari hamda qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligidan yaqqol darak beradi.
    Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq mamlakatimiz tomonidan “Inson huquqlari umujahon deklaratsiyasi ratifikatsiya” qilindi va undagi umumbashariy insonparvarlik, adolat mezonlari Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy meʼyorlariga aylandi.
    Аyni kunda Oʼzbekiston Respublikasi yangi Konstitutsiyasida shaxsning huquq va erkinliklari toʼliq oʼz aksini topgan desak aslo mubolagʼa boʼlmaydi.
    Bunda bosh qomusimizda demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va Qonunlar bilan himoya qilinadi” deb qat’iy normalar bilan belgilangan.
    Xususan, Konstitutsiyaning II boʼlimi “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlangan boʼlib, 19-moddasida Oʼzbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etiladi va kafolatlanadi deb belgilangan.
    Shu oʼrinda aytish kerakki, “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlangan mazkur boʼlim 7 bobdan iborat boʼlib, unda Umumiy qoidalar, Fuqarolik, Shaxsiy huquq va erkinliklar, Siyosiy huquqlar, Iqtisodiy va Ijtimoiy huquqlar, Inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari va Fuqarolarning burchlarini oʼz ichiga olgan.
    Konstitutsiyamizda belgilangan ushbu huquqiy normalar xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplar, konvensiyalar, umumjahon deklaratsiyasi va paktlari mazmun-mohiyatiga toʼla asoslanganligini koʼrishimiz mumkin.
    Аyni kunda Inson huquqlariga oid BMT tomonidan 70 ga yaqin, Yevropa Kengashi Bosh assambleyasi tomonidan esa 160 dan ziyod, shuningdek YUNESKO tomonidan 70 dan ortiq, Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan 30 dan ziyod xalqaro konvensiya va deklaratsiyalar qabul qilingan. Maʼlumki, 1948-yil 10-dekabr kuni BMT Bosh Аssambleyasining rezolyutsiya bilan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” qabul qilingan. Ushbu tarixiy hujjat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti nsonning asosiy huquqlariga, shaxsning qadr-qimmatiga, erkak va ayolning teng huquqliligiga, oʼz eʼtiqodlarini nizomda tasdiqlaganliklari hamda yanada kengroq erkinlikda ijtimoiy taraqqiyot va turmush sharoitlarini yaxshilashga koʼmaklashishga ahd qilganliklarini eʼtiborga olinib, Bosh Аssambleya mazkur Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini barcha xalqlar va barcha davlatlar bajarishga intilishi lozim boʼlgan vazifa sifatida eʼlon qilar ekan, bundan muddao shuki, har bir inson va jamiyatning har bir tashkiloti doimo ushbu Deklaratsiyani nazarda tutgan holda maʼrifat va taʼlim yoʼli bilan bu huquq va erkinliklarning hurmat qilinishiga koʼmaklashishi, milliy va xalqaro taraqqiyparvar tadbirlar orqali ham uning bajarilishi taʼminlanishiga, BMT tashkilotiga aʼzo boʼlgan davlatlar xalqlari oʼrtasida va ushbu davlatlarning yurisdiksiyasidagi hududlarda yashayotgan xalqlar oʼrtasida yalpisiga va samarali tan olinishiga intilishlarini oʼzida mujassamlashtirgan.
Shu boisdan ham BMTga aʼzo dunyodagi koʼpchilik rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyalaridagi inson huquq va erkinliklarini kafolatlash aynan BMT ning “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” rezolyutsiyasiga mos ravishda qabul qilingan desak aslo xato boʼlmaydi.
    Shu asnoda “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning muqaddimasida “Insoniyat oilasining hamma aʼzolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi ekanligini eʼtiborga olib; inson huquqlarini mensimaslik va uni poymol etish insoniyat vijdoni qiynaladigan vahshiyona ishlar sodir etilishiga olib kelganini, kishilar soʼz erkinligi va eʼtiqod erkinligiga ega boʼladigan hamda qoʼrquv va muhtojlikdan holi sharoitda yashaydigan dunyoni yaratish insonlarning ezgu intilishidir deb eʼlon qilingan.
    Eʼtiborli tomonlardan biri, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi inson huquq va erkinliklari bilan bogʼliq normalar aynan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” bilan birxilligini koʼrish mumkin. Xususan, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 3-moddasida “Har bir inson yashash, erkin boʼlish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir” deb belgilangan.
    Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini 24-moddasida ham “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʼir jinoyatdir”deb belgilangan.
    Shuningdek, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 5-moddasida “Hech kim qiynoqqa yoki shafqatsiz, gʼayriinsoniy yoki qadr-qimmatni xoʼrlovchi muomala va jazoga duchor etilmasligi kerak”deb belgilangan. Аynan ushbu normalar oʼz navbatida Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26-moddasining ikkinchi qismida ham “Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʼravonlikka shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas”degan normalar bilan birxilligini koʼrishimiz mumkin. Bundan tashqari, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 9-moddasida “Hech kim asossiz qamalishi, ushlanishi yoki quvgʼin qilinishi mumkin emasligi “ belgilangan. Ushbu normalarning Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida ham oʼz aksini topganligini ham koʼrishimiz mumkin. Konstitutsiyamizda ham “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas”deb belgilangan.
    Yuqoridagilardan koʼrinib turibdiki, mamlakatimiz Konstitutsiyasi fuqarolarning huquq va erkinliklari borasida “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning asosiy gʼoyalari va qoidalarini oʼzida toʼliq aks ettirgan.
Eʼtiborli jihatlardan yana biri, mamlakatimizning yangi Konstitutsiyasida xalqaro huquqning eʼtirof etilgan "Xabeas korpus" institutini qoʼllanish amaliyotga tatbiq etilib, yangi Konstitutsiyamizning 27-moddasida shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi norma sifatida belgilandi. Yaʼni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bogʼliq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart.
Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, shuningdek asossiz qamoqqa olish va saqlashga yoʼl qoʼymaslikka qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, ilk bor milliy qonunchiligimizda shaxsni ushlash chogʼida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga oʼziga qarshi koʼrsatma bermaslik, ya’ni Konstitutsiyamizning 28-moddasida shaxsning sukut saqlash huquqi kafolatlab qoʼyildi. Boshqacha aytganimizda yangi Konstitutsiyamizda aynan xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan yana bir muhim andozasi sifatida "Miranda qoidalari" normalarining tatbiq etilganligini ham koʼrishimiz mumkin.
Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 31-moddasida shaxsning shaxsiy huquqlari kengaytirilib, har kimning yozishmalari, telefon orqali soʼzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilandi. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv oʼtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʼl qoʼyilishi belgilab qoʼyilganligini oʼzi yurtimizda umumeʼtirof etilgan BMTning “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ga toʼla muvofiq tarzda Konstitutsiyamiz insonning shaxsiy hayoti va erkinligi va daxlsizligi qonunlar bilan kafolatlanganligini koʼrish mumkin.
    Eʼtiborli tomonlardan biri, Konstitutsiyaning ikkinchi boʼlimi Inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bagʼishlangan boʼlib, bunda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi etib belgilanganligi va shu munosabat bilan inson huquqlarini kafolatlash mexanizmi, mutlaqo yangi masala va yoʼnalishlar aks etganiga oid normalarni  koʼrish mumkin. Xususan, Konstitutsiyamizdagi 54-moddada ilk bor “Insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini taʼminlaydi” va 56-moddada “Davlat inson huquqlari boʼyicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun sharoitlar yaratadi” deb belgilandi.
    Eʼtiborli jihatlardan biri, inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda huquqiy normalarning toʼgʼridan-toʼgʼri amal qilishi mumkinligi bizning huquqiy amaliyotimizda mutlaq yangi voqelikdir. Insonning ajralmas huquqlardan biri – oʼz huquq va manfaatlarini himoya qilish huquqidir. Аynan, bu huquq umumeʼtirof etilgan xalqaro-huquqiy hujjatlarda belgilab qoʼyilgan. Xususan, Konstitutsiyaning 55-moddasiga yangi norma kiritilib, unga koʼra “Har kim Oʼzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʼlingan boʼlsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli”dir deb belgilangan.
    Xulosa oʼrnida aytganimizda, yurtimizda kechayotgan ulkan tarixiy oʼzgarishlar va yangilanishlar davrida avvalambor, inson va uning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda ragʼbatlantirish birlamchi vazifalardan sanaladi. Bunda soʼzsiz, Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining oʼrni beqiyosdir.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tom maʼnoda, umumbashariy demokratiya prinsiplarga asoslangan holda unda inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanib, shaxsning huquq va erkinliklari qonunlar bilan himoya qilinishining oʼzi oʼz navbatida, chinakam maʼnoda Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining toʼla kafolatlanganligining guvohi boʼlamiz.

Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
2-darajali adliya maslahatchisi
Bekpulat Аvazmetov